O‘zbekiston | 19:27 / 10.09.2019
19180
6 daqiqa o‘qiladi

Kuzning birinchi yomg‘iri va shamol ortidan muammolar: Vodiyda yana tok o‘cha boshladi

Sovuq mavsum boshlanishi bilan aholi uchun eng katta muammolardan biri bo‘y ko‘rsatadi. Doimgidek, elektr muammosi.

Elektr ta'minotidagi uzilishlar deyarli barcha sohani shol holatga keltirishi esa kundek ravshan.

Kecha, 9 sentabr kuni Farg‘ona vodiysida kuzning birinchi yomg‘iri yog‘ib, bunday buyon har qanday holatga tayyor turish kerakligini eslatib qo‘ydi.

To‘raqo‘rg‘on IES ishga tushib, vodiy ahlining ko‘ngli ko‘tarilgani rost. Biroq, simyog‘ochlar, havo liniyalari, transformatorlar hali sovuq mavsumga tayyor emas, chog‘i...

Shu kuni ozgina shamol esib, bir-ikki tomchi yomg‘ir tashladi va juda ko‘plab odamlar toksiz qolishdi.

Shu oqshomda Andijon viloyatida chirog‘i o‘chmagan tuman bo‘lmadi. Qo‘shni Farg‘ona va Namangan viloyatlarida ham deyarli shu ahvol kuzatilgan.

Nahotki, energetiklar kuz-qish mavsumiga tayyor emasdilar? Murojaat qilsangiz, hukumat tomonidan qabul qilingan qarorlarga asosan «faloncha simyog‘och, necha minglar kilometr liniya, transformatorlar o‘rnatilgani» haqida hisobot olasiz.   

«Butun dunyo koinotni zabt etaman deb turganda, qachongacha elektr muammosi bilan yashaymiz?», deya savol berishmoqda murojaatchilar. 

Andijon: «Andijonning Oltinko‘l tumanidanmiz. Kecha kechqurun kuzning birinchi shamoli bo‘ldi, keyin yomg‘ir yog‘di. Shamol boshlanishi bilan elektr o‘chdi. Keyin bilsak, tumanni yarmida ertalabgacha bo‘lmabdi. «Elektr tarmoqlari kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rganmikan», deb o‘ylanib qoldik. Havo liniyalarini ta'mirlash ishlari qilinmagan, chog‘i. Axir ro‘zg‘orda elektrsiz yashash qiyin. Bolalar dars tayyorlashmadi. Cho‘chib qoldik. Tuman markaziga yaqin, Ittifoq, Saroy mahallalarida, Chaqqon, Maslahat qishloqlarida ham shu ahvol. Hali kuz, qish kunlari oldinda. Hech o‘nglanmas ekan-da. Elektr tarmoqlariga telefon qilib tushib bo‘lmaydi».

Kecha Shahrixon, Paxtaobod, Asaka tumanlarida ham elektr energiyasidan uzilishlar bo‘lgan.

Namangan: «Namangan shahar, Amir Temur ko‘chasida ham elektr o‘chib, ertasiga yondi. Kuz endi boshlandi. Elektrchilarning qishga tayyorgarligidan shubhamiz boshlandi. Bolalarni dars tayyorlashiga, uyni yoritishga, kiyim dazmollashga elektr axir».

Farg‘ona: «Beshariq tumani, Qiyat qishlog‘ida yashaymiz. Shamollar mavsumi boshlanishi bilan tok o‘chishni boshlaydi. Elektr tarmoqlariga murojaat qilamiz, yoqib ketishadi. Agar kechasi o‘chsa, kelishmaydi ertasiga yonadi. O‘rganib ketganmiz. Kecha yana o‘chdi. Bu yil ham shu ahvol bo‘lar ekan-da...»

Yurtimizda elektr ta'minoti uchun milliardlab so‘m miqdorida mablag‘ sarflanadi. Mutasaddilarning yil davomida qilingan ishlari bo‘yicha bergan hisobotlarini OAV orqali bilib boramiz. Bu gaplarni eshitgan xalq «Xayriyat-ey, endi hammasi yaxshi bo‘lar ekan» deb ich-ichidan quvonadi. Lekin har yili kuzning birinchi shamoli, yomg‘iri o‘sha quvongan odamlarning ichiga yog‘adi. Chunki yomg‘ir yog‘ib-yog‘masdan turib hamma yerda chiroq o‘chadi va atrofni zulmat qoplaydi. Shu bois, kuz kelishi bilanoq odamlar qalbini bitta xavotir chulg‘ab oladi, «Chiroq o‘chmay turarmikan-a» degan o‘y ularning miyasini «g‘ajiy» boshlaydi.

Endi o‘zingiz ayting, shu ahvolda yaxshi yashab bo‘ladimi? U yoqda Prezidentimiz xalqning sharoitini yaxshila, odamlarni rozi qil deb qayta-qayta ta'kidlayapti. Soha mas'ullari mas'uliyatlarini oshirishsa bo‘lardi. Ular ahvolni o‘nglash haqida zarracha bosh qotirishmasa, muammolar muammoligicha yotaveradi-da! Nahotki, qo‘lida tayyor mablag‘ va tayyor ishchi kuchi bo‘la turib, oddiygina liniyalarni soz holatga keltirib bo‘lmasa?

Boshqa mamlakatlarda ham shamolda elektr o‘charmikin?

Mutasaddilarga shunday savol bersangiz, hali uni, hali buni bahona qilib, suvdan quruq chiqishga urinishadi, shamol kuchli bo‘lgani, yomg‘ir uzoq yog‘gani haqidagi bahonalarni keltirishadi.

Boshqa mamlakatlarda shamol bo‘lmaydimi, yomg‘ir yog‘maydimi? Ularda elektr tarmoqlarini ham oddiy odamlar tortadi, oddiy odamlar nazorat qilib turadi. Biror nosozlik bo‘lsa, biror nuqson uchrasa, tezda bartaraf etishadi. Biror ko‘chaga oddiygina simlar tortishni yilma-yil cho‘zib yurishmaydi. Bizda esa hamma ishlar har doim chala-chulpa, pala-partish. Ayniqsa, elektr simlari salgina shamol yoki yomg‘irga dosh bera olmaydigan holatda. Bunday tarmoqning kimga keragi bor?

Yer osti kabellari, usti yopiq liniyalar bu ketishda qachonlardir tumanlarga, qishloqlarga ham yetib kelarmikin?

Maqola bilan tanishgach, «juda vahima qilib, oshirib yuborishibdi», deb o‘ylashingiz mumkin. Biz energetiklarni hali kuzning quyoshli kunlari oldinda ekanligi uchun ishlarini oxiriga yetkazishlarini, aholini elektr bilan ta'minlash ularning asosiy vazifasiligi haqida yana bor ogohlantirib qo‘ymoqchimiz.

Energetika tizimiga berilayotgan e'tibordan xabarimiz bor. Biz faqat bir narsaga - davlat ajratayotgan shuncha mablag‘ni shamol uchirib, yomg‘ir oqizib ketayotganiga achinamiz.

Kun.uz muxbiri, Elmurod Ermatov

Элмурод Эрматов
Tayyorlagan Элмурод Эрматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid