O‘zbekiston | 11:25 / 10.09.2019
279630
4 daqiqa o‘qiladi

Paxta terimi uchun yangi to‘lov tariflari tasdiqlandi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “2019 yil paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati, “O‘zagroservis” aksiyadorlik jamiyati, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining 2019 yil hosili uchun yetishtirilgan paxta xomashyosini terib olishda:

paxta xomashyosining mashinada terilgan 1 tonnasi uchun 600 000 so‘m xizmat haqi to‘lash;

paxta xomashyosining qo‘lda terilgan 1 kilogrammi uchun birinchi terimda — 800 so‘mdan, ikkinchi terimda - 1 200 so‘mdan mehnat haqi to‘lash;

paxta yig‘im-terimi mavsumida (paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari va klasterlar faoliyat yuritayotgan hududlardan tashqari) vaqtinchalik ishsiz fuqarolardan tayinlanadigan terim otryadi rahbarlariga har oyda 2 mln so‘mdan hamda tajriba tariqasida tashkil etilayotgan paxta terim markazlarining rahbarlari (menedjyerlari)ga har oyda 3 mln so‘mdan istisno tariqasida fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mehnat haqi to‘lash to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.

Paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari va klasterlarga paxta xomashyosi yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining moddiy manfaatdorligini oshirish, yetishtirilgan paxta xomashyosini o‘z vaqtida terib olishni ta'minlash maqsadida o‘zlariga biriktirilgan hududda paxta xomashyosini qo‘lda terib olish uchun mehnat haqini mazkur qarorda belgilangan narxlardan kam bo‘lmagan holda erkin belgilash tavsiya etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Agrar sektorni qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan o‘z vaqtida ta'minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019 yil 4 apreldagi PQ-4262-son qarori asosida eksperiment tariqasida Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan paxta terish ishlariga jalb qilinadigan paxta terish mashinalari xizmatidan foydalanganlik uchun xarajatlarning 30 foizini qoplab berish tartibini joriy yil 15 sentyabrga qadar tasdiqlaydi.

Belgilanishicha:

otryad rahbarlari terilgan paxta xomashyosi miqdoridan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mehnat haqini oshirib borish asosida rag‘batlantiriladi;

paxta yig‘im-terimida ish kuchi yetishmovchiligi mavjud bo‘lganda, tumanlar hokimliklari, paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari va klasterlar hamda tuman hokimliklari buyurtmalariga asosan tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish markazlari va xususiy bandlik agentliklari tomonidan qo‘shimcha terimchilar ixtiyoriy ravishda jalb etiladi;

ish kuchi yetishmovchiligi mavjud bo‘lgan hududlarga xususiy bandlik agentliklari xizmatlari tomonidan har bir ish bilan band bo‘lmagan aholini paxta yig‘im-terimiga ixtiyoriy ravishda jalb qilganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorigacha xizmat haqi mehnat organlari tomonidan Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

Mazkur band bilan to‘lanadigan mablag‘lar paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari va klasterlar faoliyat yuritayotgan hududlarga tatbiq etilmaydi.

Mavzuga oid