Jamiyat | 19:44 / 11.09.2019
17372
4 daqiqa o‘qiladi

«Farmakologik lug‘atlar ancha eskirgan» – Dori ko‘rsatmasi tarjimasi haqida

O‘zbekistonga dori vositalari ko‘plab mamlakatlardan, jumladan, Rossiya, Ukraina, Belarus, Germaniya, Fransiya, Polsha, Italiya, Ispaniya, Hindiston, Xitoy, Yaponiya hamda Janubiy Koreyadan import qilinadi. Demak, ularning ko‘rsatmalari ham o‘sha mamlakatning rasmiy tilida bo‘ladi. Bunda tarjima jarayoni qanday kechadi? Xatoliklar yuz bersa, inson hayoti xavf ostida qolishi mumkin.

Xo‘sh, farmakologiya qo‘mitasi import dori vositalarini respublikaga kirib kelishini qanday nazorat qiladi? Xorijdan kirib kelayotgan preparatlar ko‘rsatmalarining o‘zbekcha tarjimalari talab darajasidami? Iste'molchilar bemalol qo‘rqmasdan ularga ishonishi mumkinmi? Umuman olganda, bu sohada qanday dolzarb masalalar turibdi? Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi «Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi» mutaxassislari kichik davra suhbatida shu va boshqa savollarga javob berishdi.

Markazning sertifikatsiya organi rahbari Olimjon Sa'dullayevning ma'lumot berishicha, import dori vositalarining dorixona rastasigacha bo‘lgan masofasi bir nechta bosqichga bo‘linadi. Ular quyidagilar:

·       dori vositasi davlat reyestridan o‘tkaziladi;

·       sertifikatlashtirish jarayoni: bunda akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda xalqaro va mahalliy normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiqlik tekshiruvdan o‘tkaziladi. Ijobiy tekshiruvdan o‘tgan dori vositasiga muvofiqlik sertifikati beriladi;

·       dorixonalarga yetkazilib, iste'mol qilishga ruxsat beriladi.

Olimjon Sa'dullayev

Axborot-tahlil bo‘limi boshlig‘i Muhabbat Ibragimovaning qo‘shimcha qilishicha, preparatlarni olib kirish uchun tashkilotlar sertifikatlash faoliyatiga taalluqli litsenziyaga ega bo‘lishlari shart. Ulgurji tashkilotlar yoki dorixonalar uchun alohida boshqa turdagi litsenziya talab etiladi.

Muhabbat Ibragimova

O‘zbekistonga kirib kelayotgan dori vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlar tarkibida o‘sha dori ko‘rsatmasining davlat tili va rus tilidagi matni ham bo‘lishi shart. Sodda qilib tushuntirganda, Xitoydan kirib kelayotgan dori vositasi qo‘llanish yo‘riqnomasi xitoycha bo‘lsa, O‘zbekistonga olib kirishdan oldin ushbu yo‘riqnoma o‘zbek va rus tiliga tarjima qilingan bo‘lishi talab etiladi. So‘ng farmakologiya qo‘mitasi tomonidan hujjatlar ekspertizadan o‘tkaziladi. Shu davrda dori ko‘rsatmasining rus tilidagi matni to‘liq va talab darajasida tarjima qilingani tahrirdan o‘tkaziladi. Keyin o‘zbekcha va ruscha matnlarning muvofiqligi tekshiriladi.

Suhbat davomida mutaxassislar o‘zbek tibbiy terminologiyasida muammolar borligini ta'kidlashdi. Ulardan biri terminoligik lug‘atlar yangilanmasligidir. Farmakologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Saidislom Abdullayev bu haqida batafsil ma'lumot berdi.

Saidislom Abdullayev

«2009 yilda F. Nazirov tahririda chop etilgan «Tibbiy terminlar izohli lug‘ati» ancha eskirib qolgan. Unda hozirgi zamonaviy tibbiy atamalar yo‘q. Bu lug‘atda so‘zlar ruscha holida o‘zgartirilmasdan, aynan keltirilgan. Tibbiy atamalardan biri bo‘lgan «sekvestrirovaniye» so‘zini «sekvestrlanish» yoki «sekvestrlash», deb tarjima qilib bo‘lmaydi. Uning o‘zbek tilidagi to‘liq izohini qidirish lozim. Shuning uchun nafaqat ushbu lug‘at, balki, boshqa tibbiy terminlar izohlangan adabiyotlar yangilanishga muhtoj», deydi u.

Muhabbat Ma'mirova suhbatlashdi
Tasvirchi: Doniyor Yakubov