Sport | 11:24 / 11.09.2019
26729
4 daqiqa o‘qiladi

Foto: Boks terma jamoasi navbatdagi janglarga tayyorlanmoqda. To‘lqin Qilichev jahon chempionatidagi imkoniyatlar haqida gapirdi

O‘zbekiston boks terma jamoasining katta murabbiyi To‘lqin Qilichevning fikricha, Yekaterinburgda o‘tkazilayotgan jahon chempionatida o‘zbekistonlik bokschilar 2ta oltin medalga ega chiqishsa, buni juda yaxshi natija sifatida qabul qilish mumkin.

Shu bilan birgalikda, u terma jamoa bundan yuqoriroq natija ko‘rsatishga qodirligini qayd etib o‘tgan.

«So‘nggi yillardagi turnirlarda jamoamiz ko‘rsatayotgan natijalar tufayli biz oldimizga yanada balandroq marralarni vazifa sifatida qo‘ymoqdamiz, ortga qaytishga yo‘l yo‘q. Biz uchun Yekaterinburgdagi jahon chempionati saralash vazifasini o‘tash-o‘tamasligining (2020 yilgi Olimpiada) ahamiyati yo‘q. Biz maksimum natijaga erishishni maqsad qilganmiz.

Agar bu turnirda ikkita oltin medal qo‘lga kiritsa, bu juda yaxshi natija bo‘ladi. Ammo biz yanada yuqoriroq natija uchun intilamiz. Bizning asosiy raqiblarimiz - Rossiya, Kuba, Qozog‘iston va Ukraina terma jamoalari bokschilaridir», deya To‘lqin Qilichevning so‘zlarini keltirmoqda Sport RIA Novosti nashri.

Havaskor bokschilar o‘rtasidagi jahon chempionati 9 sentabr kuni start oldi va 21 sentyabrga qadar davom etadi. Unda jahonning 91 mamlakatidan jami 488 nafar sportchi ishtirok etmoqda. Sportchilar 8ta medallar shodasi uchun kurash olib borishmoqda.

9-10 sentabr kunlarida O‘zbekiston boks terma jamoasining 2 nafar vakili, -75 kilogramm vazn toifasidagi Fanat Qahramonov va -81 kg vazn toifasidagi Dilshod Ro‘zmetov saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tishdi, ularning ikkisi ham mo‘g‘ulistonlik bokschilarni ishonchli tarzda mag‘lubiyatga uchratishdi.

10 sentabr kuni Dilshod Ro‘zmetov jahon chempionatidagi ilk jangini mo‘g‘ulistonlik Narmandax Shinebayarga qarshi o‘tkazayotgan vaqtda terma jamoaning boshqa a'zolari  katta murabbiy To‘lqin Qilichev boshchiligida yengil mashqlarni bajarishdi.

O‘zbekiston boks terma jamoasi va murabbiylar
Katta murabbiy To‘lqin Qilichev va Shahobiddin Zoirov
Elnur Abduraimov va Bobousmon Baturov
Fanat Qahramonov
O‘zbekiston boks terma jamoasi

12 sentabr kuni -52 kg vazn toifasidagi Shahobiddin Zoirov hamda -63 kg vazn toifasidagi Elnur Abduraimov birinchi bosqich janglarini o‘tkazishadi. Shahobiddin Zoirov turkmanistonlik Ixlos Gulijanovga qarshi, Elnur Abduraimov esa jazoirlik Rizo Binbazizga qarshi ringga ko‘tariladi.

Elnur Abduraimov
Shahobiddin Zoirov

O‘zbekiston terma jamoasining 4 nafar vakili - Mirazizbek Mirzaxalilov, Bobousmon Baturov, Sanjar Tursunov va Bahodir Jalolov saralash bosqichidan ozod etilgan. Ular ikkinchi bosqichda bahslarga kirishadi.

Mirazizbek Mirzaxalilov
Bobousmon Baturov
Sanjar Tursunov
Bahodir Jalolov

-52 kg: Shahobiddin Zoirov – Ixlos Gulijanov (Turkmaniston) (12 sentabr)
-57 kg: Mirazizbek Mirzaxalilov – De Andrade (Braziliya) / Ivanov (Polsha) (15 sentabr)
-63 kg: Elnur Abduraimov – Rizo Binbaziz (Jazoir) (12 sentabr)
-69 kg: Bobousmon Baturov – Arregui (Argentina) / Mikkalef (Chernogoriya) (16 sentabr)
-91 kg: Sanjar Tursunov – Xulio Blanko (Kolumbiya) / Teysheyra Da Silva (Braziliya) (15 sentabr)
+91 kg: Bahodir Jalolov – Rogava (Ukraina) / Ramazon Purdelavar (Eron) (17 sentabr).

Mavzuga oid