Sport | 23:06 / 11.09.2019
8791
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik velosportchilar Osiyo kubogida 4 ta oltin va 3 ta kumush medalni qo‘lga kiritishdi

9 sentyabrdan 11 sentyabrgacha Hindistonda velosport bo‘yicha o‘tgan Osiyo kubogida O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi.

O‘smirlar o‘rtasida kechgan poygalarda vakillarimiz 2 ta oltin va 2 ta kumush medalga sazovor bo‘lishdi. 

Xorazmlik Behzodbek Rahimboyev skretch va ochkolar bo‘yicha guruh poygasi yo‘nalishlarida qit'amizda tengsiz ekanini isbotlab, har ikki yo‘nalishda ham oltin medallarga sazovor bo‘ldi. 

Shuningdek, jahon reytingining uchinchi pog‘onasiga ko‘tarilib olgan sirdaryolik Yanina Kuskova skretch va point race bahslarida kumush medallar bilan taqdirlandi.

Ayollar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan yakkalik poygalarida sportchimiz Baymetova Renata oltin medalni qo‘lga kiritdi. 

Murodjon Xolmurotov point race musobaqasida yana bir oltin medalni qo‘lga kiritdi, bu sportchimizga Tokio Olimpiadasi yo‘llanmasi uchun qo‘shimcha 200 ochko taqdim qildi. 

Terma jamoamizning musobaqadagi so‘nggi medaliga Dilmurod Siddiqov erishdi. Sportchimiz omnium yo‘nalishida kumush medalga sazovor bo‘ldi. Bu natija sportchimizga Tokio Olimpiadasi yo‘llanmasi uchun 180 reyting ochkosini taqdim etadi.

Shu tariqa velotrek bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Hindiston mezbonlik qilgan kattalar va o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo kubogida 4 ta oltin va 3 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi. Bu esa umumjamoa bo‘yicha mezbonlardan so‘ng ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritishimizni ta'minladi. 

O‘zbekiston velosport federatsiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva raislik qiladi.

Mavzuga oid