Jahon | 12:38 / 12.09.2019
39113
5 daqiqa o‘qiladi

Insoniyat qalbidagi 80 yillik jarohat

Foto: KUN.UZ

Ikkinchi Jahon urushi boshlanganiga ham 80 yil to‘ldi. Ayni shu kunlari tug‘ilganlarning ham aksariyati olamdan o‘tib ketishdi. Bu mash'um urush qatnashchilari esa sanoqli qolgan. Ko‘hna Qit'a – Yevropada bu urush tashkilotchilari ham, mazlumlari ham bu sanani mutlaqo unutmaydilar. Ayniqsa joriy yil bu sana aksariyat davlat rahbarlari ishtirokida, yuzlab OAV vakillari ko‘z o‘ngida nishonlandi.

Bu jurnalistlar orasida O‘zbekiston vakillari ham bor edilar. Polsha davlatining O‘zbekistondagi elchixonasi tashabbusi va bevosita homiyligida bo‘lib o‘tgan bu safar chindan ham mazmunli bo‘ldi.

Savol tug‘iladi, nega aynan Polsha?

Gap shundaki, ikkinchi jahon urushining dastlabki uchquni ham, eng og‘ir janglari ham, eng ko‘p qurbonlar berish ham aynan shu davlatda kechgan. Polsha hududining har bir qarichi tarixni muhrlab olgan. Bu davlatdagi bepoyon qabristonlarda yotgan jangchilarning, mangu qo‘nim topgan askarlarning aniq sonini hech kim bilmaydi.

“So‘nggi askar shaxsi aniqlanib, hurmat bilan dafn etilmaguncha urush davom etaveradi” degan naql bor. Mana, 70 yildirki Polshada bu masalaga jiddiy qaraladi. Har yili muntazam tarzda “Noma'lum askar qabri” deya nomlanuvchi qabristonlar bo‘ylab  tadqiqotlar o‘tkaziladi, askarlar shaxsi aniqlansa, ularning yaqinlari izlanadi. Rasmiy va tasdig‘ini topgan ma'lumotlarga qaraganda Polsha hududida sobiq ittifoqning 600 ming nafardan ortiq askarlari tuproqqa qo‘yilgan, ammo hali tasdig‘ini topib ulgurmagan ma'lumotlar bu raqamning 1,2 mln kishiga yetishini ko‘rsatadi. Albatta, tuproqqa qo‘yilgan, degan gap ozroq mubolag‘ali. Sababi urush taloto‘plari paytida askar jasadini qaysidir rasm-rusumga muvofiq dafn etish katta ish sanalgan. Ko‘p hollarda bunga imkon ham, vaqt ham bo‘lmagan. Nobud bo‘lgan askarlar to‘dalanib, umumiy chuqurlarda dafn qilingan va biror belgi qo‘yib ketilavergan. Yoki jon bergan jangchi shunchaki tabiiy tarzda yerga qorishib ketgan...

Yuz minglab bunday jasadlar orasida o‘zbeklar, vatandoshlarimiz ham talaygina bo‘lganligi tabiiy. Polsha hukumati askarlar shaxsini aniqlash ishlarini davom ettirarkan eng ilg‘or va qimmatbaho texnologiyalarni qo‘llashni yo‘lga qo‘ygan. Masalan biror askar shaxsi aniqlansa, yoki avlodlaridan kimdir biror hududni ko‘rsatsa, olingan DNK namunalari davlat hisobidan laborator tekshiruvdan o‘tkaziladi va aniqlik kiritiladi.

Umuman Polsha hududida sovet askarlari dafn qilingan 718 ta obekt bo‘lsa, faqat askarlar mozoriga aylangan 230 ta qabriston bor. Ularning 60 tasida polyak askarlari va asirga tushgan turli millat vakillari aralash qo‘yilgan. Urush tugashi bilan bu joylarni qayd etishga kirishgan Polsha hukumati har bir qabristonga alohida e'tibor qaratadi, muntazam nazorat qilib turadi.

Dastlab eksgumatsiyaga kirishilgan 1948-1954 yillarda yerda yotganlar soni taxminan hisoblangan va hududlar ihotalangan. Ayniqsa asirlar zichlab ko‘mib tashlangan hududlarda minglab kishilar soni tavakkalchilik asosida hisoblangan. Bu davlat hududida bir milliondan ortiq asirlar ko‘milgani hisob-kitob qilingani e'tiborga olinsa, juda ko‘plab taqdirlar chalkashib ketgani aniq.

Har yili Polshada minglab eksgumatsiyalar o‘tkaziladi. Ammo ularning juda ozchiligining shaxsi aniqlanadi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra 2016 yil holatiga 115 ming 296 kishining shaxsi aniqlangan. 1,5 milliondan ortiq kishi hamon “noma'lum askar” maqomida ekanligi hisobga olinsa, bu juda kam tuyiladi. Ammo ishlar muntazam davom ettirilmoqda.

Bu boradagi ishlarni olib borish huquqini olgan va yagona ijrochi bo‘lgan tashkilot – Milliy Xotira instituti hisoblanadi. OAV vakillarini ham aynan mana shu institut taklif qilgan.

Polshada 1933 yildan buyon amal qilib kelayotgan qonunga ko‘ra bu davlat hududidagi har qanday harbiy qabr askarning dini, millati va davlatidan qat'i nazar davlat vasiyligida bo‘ladi. Davlatning bu qadar e'tibori tufayli yuzlab qabristonlarda ajib bir sukunat hukm suradi.

Safar ishtirokchilari ko‘p sonli vatandoshlari qabrlari qatorida o‘zbekistonlik general Sobir Rahimovning ramziy qabrini ham ziyorat qildilar. Hududda o‘sayotgan yakka majnuntol ham yuzlab toshlarga nomlari muhrlangan vatandoshlarimiz taqdiriga kuyikib egilib turgandek edi go‘yo...

 

Mavzuga oid