Jamiyat | 11:20 / 16.09.2019
20732
6 daqiqa o‘qiladi

«Dehqonchiligimizga qiron keldi» - Urganch tumani aholisi tomorqalarni zax bosib ketayotganidan aziyat chekmoqda

Xorazm viloyatida zaxkashlarning tutgan o‘rni, ahamiyati juda yuqori. Zaxkash - yer osti suvlarining sizib chiqishi va yig‘ilishi uchun, ya'ni yerning zaxini qochirish, sho‘rini yuvish samaradorligini oshirish uchun mo‘ljallangan katta va chuqur ariqdir. Viloyat hududida yer osti suvlari yuzaga juda yaqin joylashgani tufayli, zaxkashlar tizimi qishloq xo‘jaligida va umuman odamlarning turmushida muhim o‘rinni egallaydi.

Kun.uz tahririyatiga Xorazm viloyati, Urganch tumani, Qaychili mahallasida istiqomat qiluvchi fuqarolardan shu mavzuga oid murojaat kelib tushdi. Unda yer osti suvlari sathi ko‘tarilishi natijasida tomorqalarni zax bosib, sho‘rlanishi kuchayib, mevali daraxtlar, ekinlarga qiron yetayotgani haqida shikoyat qilingan edi.

Urganch tumani, Qaychili mahallasidagi zax bosgan tomorqa. Yer yaroqsiz holga kelib, ekinlar qurib qolgan

Hozirgi kunda mahallada 500ga yaqin xonadonda 3 mingga yaqin odam istiqomat qilmoqda. Har qanday qishloq aholisi kabi qaychiliklar ham bir qarich yerdan unumli foydalanishga, sabzavot va poliz ekinlari, mevali daraxtlardan hosil olishga, chorva mollari uchun yem-xashak tayyorlashga, bu bilan qo‘shimcha daromad olishga harakat qilishadi. Biroq, so‘nggi yillarda dehqonchilik va chorvachilik qilish uchun sharoit og‘irlashib ketgan.

Hammasiga zaxkashlar ko‘milib qolgani natijasida tomorqalarni zax bosib ketayotgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

Tomorqalarni zax bosib, uylarning devorlarigacha yaqin kelmoqda

Xorazm viloyatida yer osti suvlari sathi ko‘tarilishi bilan bog‘liq muammolar azaldan mavjud. Ammo bu asrlar davomida sinalgan samarali usul – zaxkashlar orqali hal qilingan. Dalalar, uy-joylarga yaqin hududlarda katta ariqlar qazilgan. Natijada, yer osti suvlari sizib, shu zaxkashlarga oqib ketgan, yerlarning zaxi qochib, dehqonchilik uchun yaroqli holga kelgan.

 Zax tufayli qurib qolgan uzum va ekinlar

Afsuski, so‘nggi yillarda zaxkashlarga bo‘lgan e'tibor turli sabablarga ko‘ra so‘ndi. Yerning egalari tez-tez o‘zgardi, ko‘plab fermerlarning qo‘lidan o‘tdi. Ba'zan ular o‘z manfaatlari yo‘lida umumxalq ahamiyatiga ega bo‘lgan zaxkashlarni ko‘mib yuborishdi. Ba'zan zaxkashlar tabiiy holda ko‘milib ketdi. Ular qaytadan qazilmadi, tozalanmadi. Mahalliy hokimliklar esa bunga e'tiborni susaytirdi.

Zax tufayli qurib qolgan ekinlar

Zaxkashlarni asrashga e'tiborsizlik qilgan hududlar bugungi kunda buning achchiq mevasini totishyapti. Yerning zaxi chiqib ketishi natijasida tuproq sho‘rlanib, ekinlar, daraxtlarning gullari to‘kilib, mevaga kirmayapti, dehqonchilikdan baraka ko‘tarilmoqda. Agar uy-joylarning poydevori baland bo‘lmasa, devorlarga ham zax chiqib ketmoqda.

Bu joyda oldin loydan paxsa devor bo‘lgan. Ammo zax tufayli qulab tushgan. Hozir uning o‘rniga profnastildan devor qilingan

Qaychili mahallasiga yaqin hududda qachonlardir zaxkash bo‘lgan, buni shu joyda qolgan qamishzor ham bildirib turibdi. Afsuski, zaxkash fermerlar tomonidan ko‘mib, dalaga qo‘shib yuborilgan.

 Loy paxsa devor zax tufayli qiyshayib, qulab tushish xavfi ostida turibdi

Hozirgi kunda mahalla hududiga yaqin dalalarga sholi ekilgan. Bu ekin juda ko‘p vaqt davomida suv ichida turadi. Zaxkash yo‘qligi oqibatida sholi dalasidagi suv xonadonlarning tomorqalariga sizib chiqyapti, uy devorlarini esa zax bosib ketmoqda. Aholi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bunday zax sharoitida sholidan boshqa ekin ekishga imkon ham yo‘q.

Ko‘milib ketgan zaxkashning o‘rni. Qamishzor buni bildirib turibdi

Bugungi kunda aholi tomorqadan foydalanish, bir qarich yerini ham bo‘sh qoldirmay, ekin va daraxt ekish, bu bilan qo‘shimcha daromad olish qanchalik muhim ekanini bilib, tushunib turibdi. Odamlar bu ishlarni qilishga tayyor. Ammo sharoit bo‘lmasa, har qanday sa'y-harakatlardan foyda yo‘q.

 Zax tufayli tomorqaga faqat makkajo‘xori ekilmoqda, u ham sarg‘ayib qolgan

Murojaat bo‘yicha Urganch tumani hokimligi bilan bog‘landik. Rahbariyat mutaxassislarni jalb qilib, vaziyatni o‘rganib, yangi zaxkash qazib berish ishlarini loyihalashtirish boshlab yuborilgani, bajarilgan ishlar bo‘yicha qo‘shimcha hisobot berilishini ma'lum qildi.

Zax tomorqani sho‘ra o‘simligi bosib ketgan

Qayd etish joizki, Xorazm viloyatining boshqa tumanlarida ham zaxkashlar holatini o‘rganib, ularni qazish, chuqurlashtirish va tozalash ishlarini tashkil qilish lozim. Bundan tashqari, aholiga, fermerlarga zaxkashlarni ko‘mib yubormaslik, ularga chiqindi tashlamaslik, daladagi ekin suvlarini unga yo‘naltirmaslik, o‘zboshimchalik bilan tomorqaga aylantirmaslik bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish shart. Bu ishlar hokimlik va jamoatchilik tomonidan muntazam nazoratga olinishi kerak.

Mahalla hududidagi maktabning futbol maydoni. Zax tufayli loyga aylangan va sho‘r bosgan

Kun.uz muxbiri Nurmuhammad Said

Mavzuga oid