Jamiyat | 18:18 / 16.09.2019
6801
4 daqiqa o‘qiladi

Innovatsion rivojlanish vaziri OTM va ITMlarning prorektorlari va direktor o‘rinbosarlari ishtirokida videoselektor o‘tkazdi

13 sentabr kuni Oliy ta'lim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlari hamda Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari ishtirokida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishga O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov raislik qildi.

Yig‘ilishda Oliy ta'lim muassasalarida ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish holati hamda muammolari haqida so‘z yuritildi.

OTM va ITMlarning ilmiy salohiyatini belgilashda asosiy mezonlardan biri bu ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish hisoblanadi. Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish bugungi kunda OTM va ITMlar uchun yangi yo‘nalish bo‘lgani bois, tijoratlashtirish ishlari talabga javob bermasligi qayd etildi. Shu bilan bir qatorda, Respublikada ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish faoliyatini yaxshi yo‘lga qo‘ygan OTMlar ham mavjud bo‘lib, birgina Navoiy davlat konchilik institutida 2019 yil davomida 2 ta laboratoriya faoliyati natijasida 130 mln so‘mlik hamda hududdagi ishlab chiqarish va sanoat korxonalarining muammolari yechimiga qaratilgan umumiy summasi 1,3 mlrd so‘mni tashkil etadigan 10 ta xo‘jalik shartnomalari tuzilgan.

Yig‘ilishda 2019 yilda o‘tkazilayotgan anjumanlar tahlil qilinib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etgan holda 2020 yili bo‘ladigan ilmiy va ilmiy-texnikaviy anjumanlar ro‘yxatini shakllantirish masalalari ham muhokama qilindi.

Shuningdek, joriy yil 25 sentyabriga qadar prorektorlar va direktor o‘rinbosarlarining 2019 yil 9 oyi davomida bajargan ishlari bo‘yicha OTM va ITMning ilmiy salohiyati, dissertatsiya himoya qilganlar soni, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim tizimida yillar kesimida qabul qilinganlar, bitiruvchilar, dissertatsiya himoya qilganlar soni, bajarilayotgan mahalliy va xalqaro ilmiy loyihalar, innovatsion jamg‘armalarga shakllantirilgan mablag‘lar va ularning sarflanishini aks ettirgan hisobot taqdim etish vazifasi qo‘yildi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha mavzuga oid grantlar berish yuzasidan muntazam ravishda tanlovlar e'lon qilishni amalga oshirishning yangi mexanizmi joriy etildi. Vazirlik tomonidan joriy yilning 15 iyulidan 16 avgustgacha bo‘lgan muddatga qadar tashabbuskor (o‘z xarajatlarini o‘zi qoplash asosida moliyalashtiriladigan ustuvor ilmiy-tadqiqot) loyihalar tanlovi e'lon qilindi. Ushbu tanlovga respublikada faoliyat olib borayotgan 112 ta OTMlarning atigi 32 tasi tomonidan 123 ta loyiha taqdim etilgan. Respublika miqyosida bu ko‘rsatkichlarni qoniqarli deb hisoblab bo‘lmasligini hamda OTMlarda faoliyat olib borayotgan professor va o‘qituvchilar faqatgina talabalarga ta'lim berish bilan cheklanib qolmasligini inobatga olib, barcha mas'ul prorektor va direktor o‘rinbosarlaridan vazirlik tomonidan e'lon qilib boriladigan tanlovlarga jamoani faol qatnashishini ta'minlashlari so‘raldi.

Yig‘ilish so‘ngida yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligining markaziy apparati tuzilmasida Yoshlar akademiyasi hamda uning ishchi organi sifatida Iqtidorli yoshlar bilan ishlash boshqarmasi tashkil etilishi haqida ma'lumot berildi.

Mavzuga oid