Jamiyat | 11:30 / 17.09.2019
31189
8 daqiqa o‘qiladi

Ishtixon mashina-traktor parkini onlayn auksionda yutib olgan g‘olib u yerga kira olmasdan sarson bo‘lmoqda

Saytimizda MIB tomonidan sud ijro hujjatlari asosida auksionga chiqarilgan mulklarni xarid qilgan fuqarolar duch kelayotgan muammolar haqida avval ham bir necha bor maqolalar berilgan.

Masalan, «Lazeykavand» sudyalarga ta'sir qilmayotgan «doza»si past normativ hujjatlar: ularni qat'iylashtirish vaqti kelmadimi?» sarlavhali maqola shunday boshlangan edi: «Maqola muallifi sifatida hech qachon auksionlardan ko‘chmas mulk yo boshqa narsa xarid qilmaslikni maslahat beraman. Chunki bu xarid ortidan o‘zingizga bitmas-tuganmas boshog‘riq orttirib, ikki-uch yil o‘tib qadrsizlangan pulingizni qaytarib olishingiz ehtimoli juda-juda yuqori. Mulk hech qachon sizniki bo‘lmaydi. Hali qonunchiligimiz xom, sudyalarimizning ham aksariyati tajribasiz va ishni adolatli ko‘ra olishmaydi. Bu borada Samarqandda noyob tajriba to‘planayotganiga tan bermay iloj yo‘q».

Samarqand viloyatida bo‘y ko‘rsatib turgan navbatdagi «go‘zal» muammo qahramonlari o‘sha maqolani o‘qishmagan ko‘rinadi. Yo‘qsa, katta pul sarflab o‘ziga mulk emas, «boshog‘riq» sotib olmagan bo‘lishardi.

Tahririyatimizga Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi San'at Qodirov nomidan uning ishonchli vakili Sherzod Gaziyev murojaat qildi. S.Qodirov 2019 yilning 20 avgust kuni 0097993 lot bilan savdoga chiqarilgan, boshlang‘ich narxi 1 mlrd 202 mln 600 ming so‘m bo‘lgan ko‘chmas mulk, noturar joy obektlari — Ishtixon tumanidagi Mashina-traktor parkini 1 mlrd 539 million 328 ming so‘mga xarid qilgan.

Qayd etib o‘tish kerak, ushbu auksion takroriy o‘tkazilgan va 30 iyuldan 1 avgustga qadar o‘tgan dastlabki auksionda g‘olib aniqlanmagan.

Xullas, ikkinchi auksionda kim oshdi savdosida g‘olib bo‘lgan S.Qodirov ayni paytda ushbu hududga kira olmayapti.

Ishtixon tuman «Agroservis MTP» MChJ rahbari Ne'mat Shakarov «Menga hech kim binoni tark etishni buyurmagan: na viloyatdagi rahbarim, na tuman hokimi. Buncha texnikani qayerga olib ketaman?», degan vaj bilan auksion g‘oliblariga binoni bo‘shatib bermayapti.

 O‘zi nega MTP yeri va binolari auksionga chiqib ketdi?

Gap shundaki, 2017 yil 6 iyunda viloyat «Agroservis MTP» MChJ o‘z tarkibidagi «Keys-A» MChJga 6 dona Klass Dominant g‘alla o‘rish kombaynlari xarid qilish uchun 2 mlrd 346 million so‘m, shuningdek, Ishtixon tuman MTPning avvalgi krediti so‘ndirilmasdan turgani hisobiga bankda garovda saqlanayotgan eski kombaynlarni ham xarid qilish uchun 650 million so‘m — jami 2 milliard 996 million so‘m mablag‘ni «Turonbank» ATBdan 5 yilga 7 foizlik imtiyozli kredit oladi.

Kreditga garov sifatida yangi olinadigan kombaynlarning o‘zi, shuningdek o‘z tasarrufidagi korxonalar — Ishtixon MTP va Bulung‘urdagi MTP binolari qo‘yiladi.

Lekin kredit mablag‘lari o‘z vaqtida to‘lanmasligi bois «Turonbank» ATB sudga murojaat qiladi. Sud undiruvni garovga qaratish haqida hal qiluv qarori chiqaradi. Ijro vaqtida mulklar auksionga chiqariladi.

Boshlang‘ich narxi 900 million so‘mga baholangan Bulung‘urdagi MTP hamon auksionda turibdi — boshog‘riq kerak bo‘lsa bemalol xarid qilishingiz mumkin.

Ushbu mashmashalarda eng xarakterlisi — barchasining boshida turgan, o‘sha vaqtda hujjatlarga imzo chekkan Samarqand viloyat «Agroservis MTP» MChJ raisi — Rustam Mamarasulovich Hayitov ayni paytda «O‘zagroservis» AJga rahbarlik qilmoqda.

Nega Ishtixon MTPning 8,3 gektar yer maydoni to‘satdan 6 gektar bo‘lib qoldi?

Auksion g‘olibi S.Qodirovni tashvishlantirayotgan yana bir jihat shuki, auksionga chiqarilgan noturar joylarga tegishli yer maydoni 8,3 ga deb ko‘rsatilgan. Bu auksionoldi ma'lumotlarida ham, g‘oliblik bayonnomasida ham aks etib turibdi.

Biroq ayni kunda Ishtixon tuman «Agroservis MTP» MChJga qarashli yerlarning 2 gektardan ziyodi tuman hokimi Sh.Negmatovning qarori bilan boshqa tadbirkorlarga berib yuborilgan. Biz, albatta, tuman hokimning ushbu qarorlari nechog‘lik qonuniy ekanligini o‘rganib ko‘ramiz.

Bu haqda Yer resurslari va davlat kadastri Ishtixon tuman bo‘limi boshlig‘i Husniddin Astanov bilan suhbatlashdik.

Uning aytishicha, Samarqand viloyat «Agroservis MTP» MChJning xatiga asosan, MTPning foydalanilmay yotgan yer maydonlari tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilgan. Tuman hokimi esa uni tadbirkorlarga bo‘lib bergan. Biroq, viloyat «Agroservis MTP» MChJda bo‘lganimizda, tuman hokimi nomiga Ishtixon MTPning ortiqcha yerlarini zaxiraga olish uchun hech qanday xat jo‘natilmagani ma'lum qilindi. Hozir tadbirkorlarga berib yuborilgan hududlardan birida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan...

Endi savol tug‘iladi: kadastr hujjatlari taqiqda turgan obektning yerini qanday qilib zaxiraga olish va uni qanday qilib bo‘lib berish mumkin? Umuman, tuman hokimi yer ajratish to‘g‘risida qaror chiqargani bilan, garov uchun taqiqda turgan obektni qanday qilib hujjatlashtirish, shunga ko‘ra soliq to‘lash mumkin? Bu savolga tumandan aniq javob ololmadik, «Yergeodezkadastr» davlat qo‘mitasidagilar vaziyatga aralashib, tahririyatga aniq va puxta javob bera olishsa kerak.

Ikkinchidan, sud qarori ijrosini amalga oshirgan va mulkni auksionga chiqargan MIB Samarqand shahar bo‘limiga ham savollarimiz bor:

1. Mulkni auksionga chiqarishdan avval nega u ijrochi tomonidan inventarizatsiya qilinmagan?

2. Nega mulkka oid ma'lumotlar auksionga noto‘g‘ri chiqarilgan? Agar hududning 2 gektardan ziyod yeri olib qo‘yilgan bo‘lsa, nega u savdolarda 8,3 ga ko‘rsatilgan? Xaridorning e'tiroz bildirishicha, yer maydoni 6 ga deb ko‘rsatilganida, u bu savdoga aralashmas edi.

3. Xo‘p, mulk auksionga chiqarilgan ekan, nega u yerdagi odamlar va texnikalar hududdan chiqarilib, obekt muhrlanmagan?

Endi bu mashmasha «uzoq yonsa» kerak

Chunki Samarqand viloyat «Agroservis MTP» viloyat iqtisodiy sudiga kassatsiya shikoyati bilan murojaat etgan. Garchi bunday holatda 60 million so‘mga yaqin davlat boji to‘lanishi zarur bo‘lsa-da, Samarqand viloyat iqtisodiy sudi sudyasi O.Nurimov Samarqand viloyat «Agroservis MTP» MChJning kassatsiya shikoyatini davlat bojini kechiktirgan holda qabul qilish haqidagi iltimosnomasini qanoatlantirgan va kassatsiya shikoyatini ish yurituvga qabul qilgan.

To‘g‘ri, bularning barchasi oldingi instansiya sudi qarori ijrosini to‘xtatib turish, MTPni qanday bo‘lsa-da saqlab qolish maqsadida qilinmoqda. Viloyat iqtisodiy sudida MTPning kassatsiya shikoyati 26 sentabr kuni ko‘rib chiqilishi belgilangan.

Kun.uz bu ushbu masalani sinchkovlik bilan kuzatishda davom etadi.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid