Jahon | 08:18 / 17.09.2019
6011
2 daqiqa o‘qiladi

Jonson norozi namoyishchilar sababli Lyuksemburgdagi brifingdan bosh tortdi

Foto: AFP/Getty Images

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson norozi namoyishchilar sababli lyuksemburglik hamkasbi Ksave Bettel bilan matbuot anjumanidan ketib qoldi.

16 sentyabrda Jonson Lyuksemburgga tashrifi vaqtida Yevrokomissiya rahbari Jan-Klod Yunker va Lyuksemburg bosh vaziri bilan muzokaralar o‘tkazgan. Uchrashuvdan keyin ikki davlat bosh vazirlari minbarlardan turib bayonot berishlari kerak edi.

Biroq muzokaralar o‘tgan binodan chiqish vaqtida Jonson namoyishchilar tomonidan hushtakbozlik bilan qabul qilingan. Ular “Sharmandalik, sharmandalik” deb hayqirishgan. Shundan keyin Jonson tansoqchilari va yordamchilari qurshovida avtomobili yoniga, Bettel esa brifingga yo‘l olgan.

Lyuksemburg bosh vaziri brifing vaqtida muzokaralar natijalaridan qoniqmaslik bildirgan va Jonsonni Brexit bo‘yicha yechim topishga chaqirgan.

“Vaqt ketyapti, gapirishni bas qilib, harakatni boshlang”, deb aytgan Bettel yonida bo‘sh turgan minbarga ishora qilib.

U, shuningdek, na Yevrokomissiya, na Yevropa Ittifoqining 27 ta davlati “hozirgi alg‘ov-dalg‘ovlik uchun javobgar bo‘lmasligini” aytgan. 

Jonsonning “qochib qolishi” kinoyalarga ham sabab bo‘ldi. 

Mavzuga oid