O‘zbekiston | 11:45 / 19.09.2019
5216
3 daqiqa o‘qiladi

Senator poytaxtdagi tadbirkorlik bilan bog‘liq muammolarni sanab o‘tdi

Farrux Dadaxo‘jayev / Foto: KUN.UZ

Joriy yilning 18 sentabr kuni xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish mavzusidagi 58-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. 

Sessiyada Toshkent shahridagi tadbirkorlikning hozirgi holati haqida ma'lumot berildi.

Ma'lum qilinishicha, Toshkentda yalpi hududiy mahsulot joriy yilning birinchi yarim yilligida 32 trln so‘mni tashkil etib, respublikaning boshqa hududlari orasida yetakchilik qilmoqda. Bu ko‘rsatkich mamlakat yalpi ichki mahsulotining 14,4 foizini tashkil qiladi. Yalpi hududiy mahsulotning 62,2 foizi kichik biznes hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 

Hozirgi kunda shaharda 103 mingdan ziyod tadbirkorlik sub'yekti mavjud bo‘lib, shulardan 19,5 mingdan ko‘pi savdo, 15 mingga yaqini sanoat, 6 mingdan ziyodi sanoat, 5900tasi xizmat ko‘rsatish, 3 mingdan ortig‘i aloqa, 1200dan ko‘pi tibbiyot sohasida faoliyat ko‘rsatadi. 

Parlament ishchi guruhi rahbari, senator Farrux Dadaxo‘jayevning bayonotiga ko‘ra, Toshkent shahridagi 10,500ga yaqin tadbirkorlik sub'yekti turli sabablarga ko‘ra o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Ulardan 5,926tasining 647,8 mlrd so‘m soliq qarzdorligi mavjud. 2017 ─ 2019 yillarda 2 trln 271,1 mlrd so‘m miqdoridagi bank kreditlari hisobiga moliyalashtirilgan 129ta loyihaning 21tasi hozirgacha ishga tushmagan. 

“Toshkent shahrida eksport hajmini importdan oshirishga yetarli darajada e'tibor qaratilmayapti. 2019 yil 1 sentyabr holatiga ko‘ra eksport hajmi 1 mlrd 971,8 mln dollarni, import hajmi esa 3,9 dollarni tashkil etmoqda. Importning ulushi eksportdan hamon yuqori bo‘lib qolmoqda. Poytaxtda o‘tkazilgan hatlov natijalariga ko‘ra, 86ta bo‘sh turgan va to‘la quvvatda foydalanilmayotgan davlat mulki obektlari aniqlangan. Ayrim balansda saqlovchilarning ushbu binolardan samarali foydalanish uchun imkoniyati bo‘lmasa-da asossiz ravishda ushlab turish hollari mavjud”, ─ deydi Farrux Dadaxo‘jayev.

Ta'kidlanishicha, bosh vazirning Toshkent shahridagi qabulxonasiga shu kunga qadar 600dan ziyod murojaat kelib tushgan. Murojaatlarning har uchtadan bittasi (186tasi) yer maydoni ajratish bilan bog‘liq muammolar hisoblanadi. Shuningdek, banklar tomonidan kredit ajratishga oid masalalar murojaatlarning 16 foizini tashkil qiladi.

Саодат Абдураҳмонова
Tayyorlagan Саодат Абдураҳмонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid