Jamiyat | 17:42 / 19.09.2019
34152
6 daqiqa o‘qiladi

Xatirchida MIB xodimlari ayol kishiga kuch ishlatgani rostmi? Nega qarzdorning qo‘shnisiga tegishli qoramol qaytarib berilmayapti?

Kun.uz saytiga Navoiy viloyati, Xatirchi tumanidagi «Quchchi» mahallasida istiqomat qiluvchi Gulorom Mustafoyeva murojaat qilib, unga Xatirchi tumani Majburiy ijro byurosi xodimlari kuch ishlatishgani, natijada jarohat olib, shifoxonada davolanayotganini ma'lum qildi.

Ushbu murojaatni joyida o‘rganish maqsadida Xatirchi tumanida bo‘ldik va G.Mustafoyeva bilan uchrashib, uning so‘zlarini tingladik. Bu vaqtda unga shifoxonadan uyiga ruxsat berilganiga bir kun bo‘lgan ekan.

«Turmush o‘rtog‘im fermerlik bilan shug‘ullangan. Ayni vaqtda yerni topshirgan. Ammo fermer xo‘jaligimiz lizingga texnika xarid qilingani uchun qarz bo‘lib qolgan. 10 sentabr kuni ko‘chadan uyga qaytayotsam majburiy ijro byurosi xodimlari tomorqamizda bog‘loqlik turgan qo‘shnimizga tegishli qoramolni yetaklab ketayotgan ekan. Men ularga bizda qoramol yo‘qligi, shuning uchun tomorqamizdagi beda va o‘tlarni qo‘shnimiz qoramoliga berishini aytdim. Afsuski, ular buni yolg‘onga chiqardi. Ammo haqiqatan ham shunday edi. Shunda qo‘shnimga tegishli qoramolni olib ketishlariga qarshilik ko‘rsatdim. Biri siltadi, biri esa ortimdan kelib ushlagancha itarib yubordi. Shu holatda yerga yiqildim. Biroz hushimni yo‘qotdim. Odamlar to‘plandi, o‘zimga kelib uyga keldim va yana hushimni yo‘qotdim. So‘ngra tez yordam chaqirib shifoxonaga olib ketishgan. Bir kun jonlantirish bo‘limida yotganimdan keyin travmatologiya bo‘limiga olib o‘tishdi. Bir necha kun davolandim va kecha javob berishdi. Ammo yiqilganimda boshim bilan yerga urilganim uchun boshimdan og‘riqlar ketmayapti. Shifokorlar bosh miyani MRTda tekshirtirishim lozimligini aytib, yo‘llanma berishgan. Ammo bunga hozir imkoniyatim ham yo‘q. Shu avholga kelishimga sababchi bo‘lganlar jazosini olishini istayman», – deydi ayol.

Mustafoyevaning turmush o‘rtog‘i Obid Qilichev bizga bir yil davomida fermerlik bilan shug‘ullangani, maqbullashtirish jarayonida fermer xo‘jaligiga tegishli yerlar boshqa fermer xo‘jaligiga qo‘shib berilgani, lizingga texnika olgani uchun qarz bo‘lib qolgani, MIB xodimlari shu qarzni undirishga kelganida shu hodisa yuz berganini bildirdi.

Xo‘sh, MIB xodimlari olib ketgan, G.Mustafoyevaning faol qarshilik ko‘rsatishiga sabab bo‘lgan qoramol aslida kimniki edi?

Bu savolga aniqlik kiritish uchun murojaatchining qo‘shnisi, qoramolning egasi deyilayotgan xonadon egalari bilan gaplashdik.

«Haqiqatan ham bu qoramol bizga tegishli. Bu ayol ham qo‘shnim, ham ovsinim bo‘ladi. Tomorqamiz ham yonma-yon. Bularda qoramol yo‘q. Shuning uchun ularning tomorqasidagi o‘tlarga bog‘laymiz. Majburiy ijro xodimlari bunga ishonmay, hali ham molimizni qaytarib bergani yo‘q», – deydi M.Qilicheva.

Qoramol qarzdorlarga emas, balki qo‘shnisiga tegishli ekani «Quchchi» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi tomonidan berilgan ma'lumotnomada ham tasdiqlangan. Bu ma'lumotnomaga mahalla raisi, profilaktika inspektori va profilaktika inspektorining yordamchisi imzo qo‘ygan.

Ma'lumotnoma Xatirchi tumani MIBga taqdim etilgan bo‘lsa-da, hozircha qoramol o‘z egasiga qaytarilmagan.

Janjal oqibatida G.Mustafoyevaga yetkazilgan tan jarohatlari va u shifoxonaga olib borilgan vaqtdagi ahvolini bilish maqsadida Xatirchi tuman tibbiyot birlashmasi bosh travmatologi Uchqun Haqqulov bilan suhbatlashdik.

«Bemor Gulorom Mustafoyeva shifoxonaga olib kelinganda shok holat va behush bo‘lgani uchun bir kun jonlantirish bo‘limida bo‘ldi. Keyin esa travmatologiya bo‘limiga o‘tkazildi. Unda chap bilak sohasi ko‘kargan va o‘ng boldir tashqi to‘piq sohasida shilinish jarohatlari bor edi. O‘zi ma'lumot berolmagani uchun uning yaqinlaridan sababini so‘raganimizda, bu tan jarohatlari MIB xodimlari tomonidan yetkazilganini bildirishdi», – deydi shifokor U.Haqqulov.

Mazkur holat yuzasidan MIB xodimlaridan ham izoh olish istagini bildirganimizda Majburiy ijro byurosining Navoiy viloyat boshqarmasi mutasaddisi voqea yuzasidan ishtirokchi xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangani va yakuniga yetganidan keyin aniq ma'lumot berilishini bildirdi.

O‘rganish davomida ma'lum bo‘lishicha, bu voqea yuzasidan Xatirchi tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgan ekan.

Ushbu holat yuzasidan Xatirchi tuman prokurori Nurmurod Avazov bilan uchrashdik. Shunday holat yuz berganini tasdiqlagan tuman prokurori ayni vaqtda bu voqea yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgani, yakuni bo‘yicha holatga huquqiy baho berilishini bildirdi.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid