Jamiyat | 23:50 / 20.09.2019
99449
22 daqiqa o‘qiladi

Baliqchida ayollar nega ochlik e'lon qilgan edi?

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Baliqchi tumani «Iftixor» mahallasida yashovchi bir guruh ayollar va bir erkak norozilik namoyishi o‘tkazgani tasvirlangan videolavha tarqaldi. Ushbu ayollar uylari buzilgan bo‘lsada, hokimlik tomonidan kompensatsiya puli berilmayotgani sababli ochlik e'lon qilishgandi.

«Biz Prezident bilan gaplashamiz. Bugundan boshlab ochlik e'lon qilamiz va ko‘chada tunaymiz. Kerak bo‘lsa asfaltga yotib olib, mashina ostiga o‘zimizni tashlaymiz. Hammamiz jonimizdan to‘ydik. Va'dalardan zerikdik, Baliqchi tumani hokimligi bizni bir yildan beri aldab kelmoqda. Kompensatsiya pulimizni undirib berishsin», deydi ayollardan biri.

Kun.uz muxbiri Baliqchi tumaniga borib, norozilik aksiyasida ishtirok etgan ayollar va hokimlik vakillari bilan uchrashdi.

Muammoning kelib chiqishi tarixi

Muammolar tuman hududidagi Chinobod shaharchasi «Iftixor» mahallasida joylashgan Bog‘i Eram ko‘chasidagi 65-umumiy uyni buzish ishlari ortidan boshlangan.

2018 yilning may-iyun oylarida Baliqchi tumaniga aholining ijtimoiy holatini o‘rganish uchun respublika ishchi guruhi kelgan. Ishchi guruh tomonidan «Iftixor» mahallasida 65-umumiy uyda yashovchi aholidan tushgan murojaat o‘rganilib, mazkur uy viloyat Arxitektura qurilish davlat nazorat inspeksiyasi, DSENM va Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi tomonidan «yashash uchun yaroqsiz» deb topiladi va uning o‘rnida eski uyda yashagan xonadon egalari uchun 16 xonadonli ikki qavatli uy qurilishi boshlanadi.

Oradan bir yil o‘tgach esa tushunmovchiliklar kelib chiqqan.

2018 yilning mayidan beri Baliqchi tumaniga hokimlik qilib kelayotgan Jasur Abdurayimovning 2018 yil 12 iyun kungi «Baliqchi tumani Iftixor mahallasi hududida joylashgan yashash uchun yaroqsiz bo‘lgan 65-umumiy turar joylarni buzish to‘g‘risida»gi 2760-sonli qarori bilan ushbu uylarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 20 yanvardagi 18-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Uylar va turar joylarni uy-joy fondidan chiqarish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom talablari asosida to‘liq buzib tashlash ishlari boshlangan.

Qarorda buzib tashlangan xonadon mulkdorlariga 2018-2019 yillarda Baliqchi tumani «Yakkatol» MFY hududida qurilishi rejalashtirilgan arzonlashtirilgan uylar tekinga berilishi taklif qilingan. Agar bu taklif rad etilsa, masala maxsus ishchi guruh tomonidan O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi talablariga binoan kelishuv asosida hal etilishi belgilangan.

Shuningdek, uy buzilishi boshlanganidan keyin xonadon egalarini vaqtinchalikka Baliqchi tuman 6-Davlat ixtisoslashtirilgan maxsus internat yotoqxonasi va boshqa qonunchilikda taqiqlanmagan joylarga joylashtirish nazarda tutilgan.

Lekin uy egalari tuman markazidan 12-13 kilometr uzoqda joylashgan qishloqdan, qarindoshlaridan ajralib, nogironlar uchun hashar yo‘li bilan qurilgan sifatsiz uylarni olishga rozi bo‘lishmagan. Ular bu taklifni rad qilishining yana bir sababi bu hududda kommunal sharoitlar - gaz, elektr va ichimlik suvi yo‘qligi edi.

Shundan so‘ng, ularga buzilgan uylar o‘rnida quriladigan ko‘p qavatli uylar berilishiga kelishilgan.

Uy egalarining aksari uylar qurib bitkazilguniga qadar hokimlik tomonidan ajratilgan yotoqxonada sharoitlar yaxshi bo‘lmagani tufayli (yotoqxonada o‘quvchilar ham bo‘lgan, o‘qish davom etgan), kvartiralarda pul to‘lab yoki qarindoshlarinikida yashashgan.

Bo‘yinga ilingan qarzlar

2018 yilning noyabr oyi oxirida yangi uylar tayyor bo‘lgan va odamlar bu uylarga ko‘chib kirishi boshlangan.

Shu joyda chigallik kelib chiqqan. Uylar narxini 20 yil davomida har oyda ma'lum miqdordagi mablag‘ni to‘lab borish sharti bilan kreditga berilayotgani ma'lum qilingan.

Gap shundaki, odamlar avvaliga uylar o‘zlarining eski uylari o‘rniga berilyapti deb tushunishgan. Chunki yozda uylar buzilishidan oldin ularga shunday va'da berilgandi. Uylar uchun faqat boshlang‘ich to‘lovni – 25 million so‘mni to‘lash kerakligi, shuning 13 million so‘mini hokimlik to‘lab berishi aytilgan va odamlar bu va'dani qarsakbozlik bilan kutib olishgan. Shuning uchun ular uylar buzilishi evaziga kompensatsiya talab qilishmagan, uylarini va yerlarini narxlatishmagan, chunki ular o‘z uylari o‘rniga quriladigan yangi uylarni kredit to‘lab sotib olishi kerakligini bilishmagan.

2018 yilning noyabr va dekabr oylarida esa aholiga uylar «Qishloq qurilish bank» mablag‘lari evaziga qurilgani, endi odamlar 20 yil davomida bankka pullarni qaytarib berishi, har oyda kimdir 500 ming, kimdir 1 million so‘m atrofida to‘lashi, bu miqdor vaqt o‘tib ustama evaziga ortib borishi va odamlarga yangi uylar o‘rtacha 300 million so‘mdan tushishi ma'lum bo‘lgan. Kredit shartnomasida dastlabki 5 yillikda 7 foiz, qolgan 15 yillikda 16 foizdan ustama to‘lash sharti nazarda tutilgan.

Yangi uyga kiraman deb kelgan odamlar qiyin tanlov qarshisida qolishgan, ular to‘lovga qurbi yetmasligini bilishsada shartnomaga qo‘l qo‘yishga majbur bo‘lishgan, chunki hokimlik yangi qurilgan 16ta uyning 4tasini (ko‘p qavatli uydan tashqari shu hududda yana 2 xo‘jalik uchun kottej qurilgan) avval bu joyda uyi bo‘lmagan begona odamlarga sotib yuborgan. Odamlar sovuq kunlarda ko‘chada qolmaslik uchun keyin bir gap bo‘lar qabilida shosha-pisha shartnomani imzolashgan.

Yangi uylarga ko‘chib kirishganidan keyin odamlarning muammolari davom etgan. Birinchidan, ular oyma-oy kreditni to‘lab borish uchun pul topa olishmagan. Yangi qurilgan uylarda gaz va ichimlik suvi tarmog‘i bo‘lmagan, uylar hatto hojatxona ham bitkazilmasdan topshirilgan, oylar davomida erkaklar masjid tahoratxonasidan, ayollar poliklinika hojatxonasidan foydalanib yashab kelishgan. Bundan tashqari, uy egalarining ba'zilarida hujjatlar to‘liq bo‘lmagan, ular uylarni avvalgi egalaridan sotib olishganida kadastr hujjatini so‘rashmagan. Natijada, to‘lov qilishga qurbi yetmaganlar va hujjatlari to‘liq bo‘lmaganlar uylardan haydab chiqarilish xavfi ostida qolishgan.

Eski video

Fuqarolar tinimsiz ravishda hokimlikka, xalq qabulxonalariga, tuman prokuraturasiga, tuman sudiga va yana hokimlikka yordam so‘rab boraverishgan, muammo hal bo‘lavermagach Toshkentga, Adliya vazirligiga, prokuraturaga, sudga, inson huquqlari bo‘yicha ombudsman va yana boshqa qabulxonalarga murojaat qilishgan. Masala ko‘rib chiqilishi ortga surilavergan. Bu vaqtda bank xodimlari to‘lovlarni talab qilib kelaverishgan, bu jarayon keragidan ortiq darajada qo‘polliklar bilan amalga oshirilgan.

Toqati toq bo‘lgan odamlar 2019 yilning 29 iyulida Baliqchi tumani Oydin ko‘chasida videomurojaat tayyorlashgan va bir yil avval buzilgan uylari uchun kompensatsiya talab qilishgan. Bu video o‘sha vaqtda internetga chiqarilmagan, bunday videoni tayyorlash orqali hokimiyat muammoga e'tibor qaratib, uy egalarining talablarini qondirishi maqsad qilingan va bu maqsadga deyarli erishilgan. Hokimiyat vakillari odamlar bilan uchrashib, ularning kreditlarini to‘lab berish va zarur hujjatlarni tayyorlashda yordam ko‘rsatish va'da qilingan. Lekin muammosi hal bo‘lmagan uy egalaridan biri Malohatxon Isoqova 16 sentabr kuni videoni internetga chiqarishga qaror qilgan.

Aynan o‘sha tarqalgan videolavhada chiqish qilgan Muborak Muhiddinova, shuningdek Malohatxon Isoqova, Marg‘uba Abdullayeva va Abdurahmon Sirojiddinov muammoli holat sabablari haqida gapirib berishdi.

«20 yilda kim bor-u kim yo‘q. Sizga uy bermaymiz, pensioner ekansiz...»

«Biz videoni ikki oycha oldin tasvirga tushirgan edik. So‘ng uni turli saytlarga joylash uchun bog‘landik, shu bilan bir vaqtda tuman hokimligiga murojaatimizni saytlarda va ijtimoiy tarmoqda e'lon qilishimizni bildirdik. Shundan so‘ng tuman hokimi kelib, biz bilan suhbat o‘tkazdi. Keyingi kundan ba'zi kamchiliklar bartaraf etila boshladi. Afsuski, videolavha kimningdir qo‘lida bor ekan. Ikki oy o‘tgach internetda tarqalib ketdi», deydi Abdurahmon Sirojiddinov.

«Umumiy uyimiz 1930 yilda qurilgan edi. O‘tgan yili buzilib, o‘rniga ikki qavatli «Dom» qurib bitkazilishi va undagi xonadonlar o‘zimizga berilishini aytishdi. Biroz soddalik qilib, ba'zi narsalarni tushunmabmiz. Bizga boshida «uylaringiz o‘rniga qurilgan uydagi kvartiralar tekinga beriladi, boshlang‘ich to‘lovlarni hokimiyat to‘lab beradi», deyishgandi.

Muborak Muhiddinova

Uch xona uyim bor edi, unga kadastr hujjatlarim ham. Lekin, hech qanday kompensatsiya puli berishmadi. Biz boshida uyimiz buzilib, yangi uy qurilguncha hech narsani tushunmaganmiz. Keyin yangi uylarga ko‘chib o‘tganimizdan so‘ng, oylik to‘lovlarni so‘rab kelishgandan so‘ng, «I-ye, bor uyimiz yo‘q bo‘lib ketib, bankdan kreditga uy olamizmi? Bizni haqqimiz qayerda qoldi?», deb, o‘sha ocharchilik e'lon qilingan videoni tayyorladik. Maqsadimiz esa o‘zimizning mutasaddilar ko‘rib xulosa chiqarishida edi», deydi onaxon. 

«Umumiy uyda uch xonali xonadonim bor edi. Yangi uydan ham uch xonali uy berishdi. Endi 20 yil davomida 300 million to‘lashim kerak ekan. Bu uylarda suv, gaz yo‘q. «Qishloqqurilishbank» xodimlari to‘lov so‘rab kelganida qiynalib qoldik. Murojaatlar shunday keyin boshlandi», deydi Malohatxon Isoqova.

«O‘sha paytda bizga yangi kvartira narxi 25 million so‘m bo‘ladi, 13 millionini to‘lab beramiz, 12 millionini o‘zlaring to‘laysizlar deyishsa, «buzilgan uyimizning evaziga 25 millionga yangi uy bitsa yaxshiku, deb o‘ylabman. Biroq, shartnomalarni imzolaydigan payt kelganda, bank xodimlari «Sizga uy bermaymiz, pensiyangiz oz ekan. Yigirma yilda kim boru, kim yo‘q», deyishdi. Ularga «Nima deganingiz bu, uyimni buzib tashladilaring-ku?», dedim. Necha marta MFY idorasiga yig‘lab bordim. Boshlang‘ich to‘lovni hokimiyat to‘lab berdi, rahmat. Lekin, 220 ming so‘m pensiya bilan 580 ming so‘mdan oylik to‘lovni to‘lab borish juda qiyin ekan. Juda qiynalib ketdik. Erim nogiron. Uchta qizim bor. Keyin, yuqoridagi gap. O‘sha videolavha olindi», deydi Muborakxon ona.

Uchta uy o‘rniga bitta uy

Abdurahmon Sirojiddinov

Abdurahmon Sirojiddinovning uchta uyi va tadbirkorlik qilish uchun qo‘shnilardan sotib olgan yer maydonlari bo‘lgan. Ammo unga bitta uch xonali kottej berilgan va u ham kreditga.

«Uchta uch xonali uyimiz bor edi. Buzilganidan so‘ng bizga ikki sotixli kottej berishdi. Har oyda uylarimiz evaziga yer va kompensatsiya puli so‘rab, tuman, viloyat sudiga murojaat qildik. Bormagan idoramiz qolmadi. Natija bo‘lmadi. Kottejimizning narxi 267 million so‘m. Ustamalar bilan 400 million so‘mga aylanadi. Chetda ishlab yurganimda bemalol to‘lab yurdim. Sog‘lig‘im yomonlashib qolgach, davolanish uchun O‘zbekistonga qaytdim va shundan keyin oyiga 980 ming so‘mdan to‘lashga qiynaldim. Toshkentga Adliya vazirligiga borsak, «Vazirlar Mahkamasi qarorlariga asosan uyinglar buzilgan bo‘lsa, kompensatsiya puli va yer maydoni bilan ta'minlanishlaring kerak», deyishdi. Men ularga, yana 16ta xonadon borligini aytgandim, ularni ham chaqiringlar deyishdi. Biz qo‘shnilar bilan Toshkentga bordik. Prokuraturaga, ombudsmanga ham uchradik. Shundan so‘ng ish biroz yaxshi tomonga o‘zgardi, lekin biz kutgan natija bo‘lmadi. Bu orada bank xodimlari kelib, «To‘lov qilasizlar! Bo‘lmasa uyni bo‘shatinglar», deb turishardi. Bundan tashqari, o‘sha paytda «Dom»da hojatxona va ichimlik suvi yo‘q edi. Odamlar har ikkisi uchun ko‘chaning narigi betiga o‘tishgan», deydi murojaatchi.

Shu vaqtda bu suhbatga guvoh bo‘lib turgan Baliqchi tumani hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Sarvarbek Miltillayev ko‘p qavatli uy oldiga ayni paytda suv olib kelingani, 2019 yilning oxirigacha uyning o‘ziga ham katta tarmoq tortilib, ishga tushirilishini aytdi.

Uy egalari inson huquqlari bo‘yicha ombudsmanga ko‘pchilik bo‘lib borishganidan so‘ng o‘zgarishlar bo‘lganini aytishdi.

Malohatxon Isoqova

«Ungacha 15-16 kishi bo‘lib kompensatsiya so‘rab, har kuni hokimiyatga boraverib charchadik. «Bo‘ldi hal qilamiz» deyishardi, hech foydasi bo‘lmasdi», deydi Malohatxon Isoqova.

«Muammoning kelib chiqishi, hokimiyat aholining ijtimoiy holatidan kelib chiqib uyni buzdirishi kerak edi. Agar mutasaddilar «20 yil davomida oyiga 500 ming, 950 ming so‘m to‘laysizlar» deganida birov uyini buzdirmas edi. Chunki, bu yerda o‘zi qo‘li yupqa odamlar yig‘ilgan. To‘g‘ri, inson huquqlari vakiliga uchraganimizdan keyin tuman hokimligi tomonidan yordam qilindi. Lekin, 9 oy aholi juda qiynaldi. Erkaklar masjidga chiqadi, ayollar yo‘lning narigi tomonidagi poliklinikaga qatnadi», deydi Abdurahmon Sirojiddinov.

Ayollarning aytishicha, bank xodimlari pullarni so‘rab kelishganida juda yomon muomala qilishgan.

«Qishloqqurilishbank» xodimi to‘lovga kuchim yetmay qolganda meni o‘z uyimdan haydab ham chiqardi. Kiyimimni tortib yirtib yubordi. Shunisi qattiq alam qildi», deydi ko‘ziga yosh olib Muborakxon ona.

«Qishloqqurilishbank»ga borganimda o‘sha xodim meni ham juda yomon haqoratladi. Menga gapirgan gaplariga ilon po‘st tashlaydi. Bunaqa holatlar juda ko‘p bo‘ldi. O‘ylang, uy berishdan oldin mutasaddilar ozgina o‘ylanmaydimi? 300 ming so‘m oylik olib, qanday qilib oyiga 724 ming so‘m to‘laymiz?», deya unga qo‘shiladi Malohat Isoqova.

Tuman hokimligi huquqshunosi izohi

Abdumuxtor Turobjonov

Tuman hokimligi huquqshunosi Abdumuxtor Turobjonov umumiy uyda yashaganlarning ko‘pchiligida o‘z uylariga egalik huquqi va tegishli hujjatlar mavjud bo‘lmagani yangi xonadonlarni rasmiylashtirishga va kredit mablag‘lari hokimlik tomonidan o‘z vaqtida to‘lanishiga xalaqit berganini aytdi.

«Eski uylarni egalariga yangitdan rasmiylashtirish va kadastr hujjatlarini tiklashga juda ko‘p vaqt ketdi. Chunki, qarorga ko‘ra biz yangi uylarni o‘sha umumiy uy egalari ya'ni mulkdorlarga tekinga berishni rejalashtirgandik. Oxirgi ikki oy davomida hujjatlarni tikladik. Viloyat va tuman hokimlari bu borada yaqindan yordam berishdi. Hozir deyarli ishlar oxiriga yetdi. Xonadon egalari buni tasdiqlashlari mumkin», deydi huquqshunos.

Uning qo‘shimcha qilishicha, mazkur vaziyat tuman prokuraturasi tomonidan viloyat yer-mulk kadastri davlat korxonasi va boshqa tashkilotlardan tegishli mutaxassislar jalb etilib o‘rganilgan va natijasiga asosan, yo‘l qo‘yilgan qonun buzilish holatlarini bartaraf etish haqida taqdimnoma kiritilgan.

So‘nggi ikki oy davomida hokimlik fuqarolarning me'yoriy hujjatlari yig‘ilishiga yordam ko‘rsatgan va hokimlik tomonidan uy uchun kreditni to‘lab berishni tasdiqlovchi kelishuv shartnomasi tuzilgan.

Fuqarolar ham buzilgan uylarning katta qismiga oxirgi oylarda me'yoriy hujjatlar yig‘ilganini tasdiqlashdi.

2019 yilning 7 sentyabrida Baliqchi tumani hokimining 62-sonli farmoyishi qabul qilingan. Unga ko‘ra, 2018 yilda uylari buzilgan fuqarolarga uy o‘rniga pul to‘lovlari tuman mahalliy budjeti hisobidan bosqichma-bosqich to‘lab berilishi rejalashtirilgan.

Ya'ni, hokimlik 5 yil ichida uylarning to‘lovlarini bankka o‘tkazib beradi.

Tuman hokimligida

Baliqchi tuman hokimligida bo‘lib, tuman hokimi Jasurbek Abdurayimov bilan suhbatlashdik.

Jasurbek Abdurayimov

«18 sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga quyidagicha izoh berishim mumkin. O‘tgan yili respublika ishchi guruhi tomonidan Chinobod shaharchasidagi umumiy uyning holati o‘rganilganida, viloyat Arxitektura qurilish davlat nazorat inspeksiyasi,  DSENM va Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi uyning yashash uchun yaroqsiz ekanligi haqida xulosalarni taqdim etishdi. Shundan so‘ng xonadon egalari bilan o‘tkazilgan suhbat davomida uylarni buzib, yangisini qurib berish taklifini bildirdik. Ular rozi bo‘lishdi. Shundan so‘ng tuman hokimining Qaroriga asosan yangi uy qurilishi boshlandi.

Xonadon egalari vaqtinchalik kollej yotoqxonasi va o‘zlarining yaqin qarindoshlarining uylariga joylashtirildi. Ikki qavatli, 16 xonadondan iborat uyimiz 2018 yilning dekabr oyida qurib bitirildi. Shu yilning iyul oyida hokimlikka «Qishloqqurilishbank» xonadon egalarining to‘lov qobiliyati yo‘qligi haqida murojaatlari kelib tushdi. Mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruhi tuzdik va masala o‘rganib chiqildi. Shundan so‘ng hokimlik tomonidan bank bilan kelishuv shartnomalari tuzildi.

Ayni paytda bu ishlar oxiriga yetkazilgan. Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videotasvirlar bundan ikki oy oldin olingan. Ayni paytda xonadon egalaridan tuman hokimligiga hech qanday e'tiroz yo‘q.

Xonadon sohiblariga Yakkatol qishlog‘ida qurilayotgan uylardan tekinga berilishi bo‘yicha taklif bildirganimizda ular 1,5 sotixli ikki xonadan iborat uylar Chinobod shaharchasidan uzoqda ekanligi uchun rad qilishdi. Fuqarolar o‘zlari yashab turgan joyda istiqomat qilishni ma'qul ko‘rgan.

Videolavhalar tarqalganidan so‘ng ular bilan yana suhbat o‘tkazdik. Ular videolavhalar ikki oy oldin tasvirga olinganini va ayni paytda tuman hokimligiga hech qanday e'tiroz yo‘qligini aytishdi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish lozim. Yangi uylarni fuqarolarga rasmiylashtirishda ularning o‘zlari yashagan uyga hech qanday hujjatlari yo‘qligi bizga katta qiyinchilik tug‘dirdi. O‘tgan asrda qurilgan uylar sotilib, qo‘ldan-qo‘lga o‘tib 6-7 nafar kishilar da'vo qilishi mumkin bo‘lgan holatda edi», deydi mutasaddi.

Shu kunlarda yana bir diqqatni tortadigan holat kuzatilmoqda. 16 sentabr kuni eski video tarqalib ketganidan keyin murojaatchilarni obro‘sizlantirishga qaratilgan ishlar olib borilmoqda, nashrlarda murojaatchilar yolg‘onchilikda ayblanmoqda, mahalliy televideniye ulardan intervyu olib, intervyudan faqat ular uzr so‘ragan kadrlar kesib olinib ijtimoiy tarmoqda tarqatilmoqda. 

Nima bo‘lganda ham shuncha gap-so‘zlar, ovoragarchiliklardan keyin fuqarolarning murojaatlari qondirildi, endi ularni bank xodimlari har oyning 15-sanasida bezovta qilib kelishmaydi. Lekin shundoq ham ijtimoiy himoyaga muhtoj odamlarni shuncha qiynash, aldash va sarson qilish shartmidi? Zo‘rg‘a kun ko‘rayotgan odamlarning bo‘yniga shuncha qarzni ilib qo‘yish adolatdanmi?

Axir mutasaddilar o‘z vaqtida uyi buzilgan odamlarning ijtimoiy holatini o‘rganib, muammolarni bartaraf etishganida bu video O‘zbekistonning imijiga salbiy ta'sir ko‘rsatmagan bo‘lardiku? Xalq qabulxonalari va boshqa ko‘pdan-ko‘p nomi ulug‘ tashkilotlar bir yil davomida nega bu masalaga ko‘z yumib kelishdi? Bunday muammolarga e'tibor qaratilishi va hal bo‘lishi uchun albatta kimdir kimnidir yoqib yuborishi, odamlar boshqa yo‘lini topa olmasdan ko‘chaga chiqishi yoki ochlik e'lon qilishi shartmi? Nega amaldorlar odamlar tinchgina yashab turgan uylarini buzishga buzib qo‘yib, o‘rniga qonunchilikda ko‘rsatilgan tartibda uy bermay yurib, shuncha sharmandagarchiliklardan keyin berilgan uyni yana minnat qilishi kerak? Nega yo‘l qo‘yilgan xato ochiq tan olinmayapti? Aslida kim kechirim so‘rashi kerak?

Elmurod Ermatov
Aziz Qarshiyev

Mavzuga oid