O‘zbekiston | 14:38 / 20.09.2019
8242
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek olimlari qimmatbaho metallar yashirin konlarini topishning noyob usulini yaratdilar

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi ilmiy xodimlari Shotlandiyaning Glazgo shahridagi Mineral konlar amaliy geologiya jamiyati konferensiyasida ishtirok etdilar. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati ma'lum qildi.

Vazirlik axborot xizmatining xabariga ko‘ra, SGA (Mineral konlar amaliy geologiyasi jamiyati)ning 15-konferensiyasida 75 davlat vakillari ishtirok etdi. Mazkur nufuzli konferensiyada Ilg‘or texnologiyalar markazi direktor o‘rinbosari, geologiya-mineralogiya fanlari nomzodi Rustam Xolmatov birinchi marta O‘zbekiston nomidan ma'ruza qildi. 

R. Xolmatov anjuman ishtirokchilariga Ilg‘or texnologiyalar markazi olimlari tomonidan ishlab chiqilgan qimmatbaho metallar yashirin konlarini qidirish, tiplashtirish va baholashning mineral-geokimyoviy nanotexnologiya usuli haqida so‘zladi. Mazkur usul qimmatbaho metallarning yangi konlarini topish imkonini beradi.

Bugungi kunda sirtqi qatlamdagi barcha konlar allaqachon topilgan bo‘lib, endigi maqsad – qimmatbaho metallarning yashirin konlarini topishdir, deb ta'kidlagan Rustam Xolmatov.

Konferensiyada, shuningdek, Ilg‘or texnologiyalar markazining Geofizika va nanominerologiya laboratoriyasi yetakchi ilmiy xodimi, professor Rustam Koneyev poster ma'ruzasi bilan ishtirok etgan.

SGA foydali qazilma konlarining geologiya fanini targ‘ib qiluvchi xalqaro ilmiy jamiyat hisoblanadi. SGA 1965 yili tashkil etilgan bo‘lib, jahonning 1300 nafardan ortiq ilm-fan va tog‘-kon sanoati vakillari uning a'zolaridir. Jamiyat matbaa (tog‘-kon va iqtisodiy geologiya bo‘yicha dunyodagi eng yetakchi nashrlardan bo‘lmish “Mineralium Deposita” jurnalini chop etadi) va ta'lim faoliyati bilan ham shug‘ullanadi, shuningdek, ikki yilda bir xalqaro konferensiya o‘tkazadi.

Mavzuga oid