Jahon | 14:30 / 22.09.2019
50406
7 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni va Eron bir-biriga tahdid qilmoqda

Foto: GETTY IMAGES

Saudiya Arabistoni hukumati o‘z hududidagi neft obektlariga qilingan hujumlarga javoban har qanday chora qo‘llashga tayyorligini ma'lum qildi. Bundan tashqari, rasmiy Ar-Riyod bu hujumlar uchun mas'uliyatni Eron zimmasiga yuklamoqda. Tehrondagilar esa bu ayblov asossiz ekanini ta'kidlamoqda.

Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirligi neft obektlariga uyushtirilgan hujumdan keyingi tekshiruvning dastlabki natijalari ma'lum bo‘lgani, bu hujumda eronliklar tomonidan ishlab chiqarilgan qurollardan foydalanilganini tasdiqladi.

Shuningdek, vazirlik jurnalistlarning e'tiborini yana bir marta hujum husiychilar joylashgan janubdan emas (bu tashkilot hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgandi), balki shimoldan, ya'ni Eron tomonidan amalga oshirilganiga qaratdi. Shu bilan birgalikda, tekshiruv ishlari davom etmoqda, uning natijalari barcha izlar o‘rganib bo‘linganidan keyin e'lon qilinadi.

Bundan avvalroq, shunga o‘xshash bayonot Saudiya Arabistoni mudofaa vazirligi tomonidan ham berilgandi. Chorshanba kuni vazirlik rasmiylari mamlakat hududidagi neft obektlariga hujumda qo‘llangan uchuvchisiz uchish qurilmasi va qanotli raketalar parchalarini namoyish etgandi. Vazirlik bayonotida bu qurollarning barchasi Eronga mansubligi va ular Eron hududidan uchirilgani ma'lum qilingan.

Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Odil al-Jubayr juma kuni jurnalistlarga hozirda hukumat o‘z ittifoqchilari bilan maslahatlashuv o‘tkazayotgani va javob hujumi uchun ehtimoliy variantlar muhokama qilinayotganini aytdi. Shu bilan birga, ushbu diplomat qanday variantlar ko‘rib chiqilayotganiga aniqlik kiritmadi.

«Podshohlik butun jahon hamjamiyatini global iqtisodiyotga tahdid solgan mas'uliyatsiz xatti-harakatlarga nisbatan beparvolik qilmasdan, qat'iy pozitsiyani egallashga va bu harakatlarni keskin qoralashga chaqiradi», deydi vazir.

Amerika Qo‘shma shtatlari ham Saudiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga qilingan hujum uchun javobgarlikni Tehron zimmasiga yuklamoqda. O‘z shaxsini oshkor qilishni istamagan bir necha mulozim bu hujum Eronning janubiy qismidan turib amalga oshirilganini tasdiqladi.

Juma kuni Pentagon Saudiya Arabistoniga harbiy kontingent jo‘natilishi, bundan maqsad ushbu mamlakatning raketalar hamda havo hujumidan himoyasini mustahkamlash bo‘lishini ma'lum qildi.

Pentagon rahbarining so‘zlariga ko‘ra mamlakat prezidenti Donald Tramp ushbu qarorni Saudiya Arabistoni va BAA tomonidan yuborilgan himoya so‘rovlariga javoban qabul qilgan.

«Prezident so‘rovlarga javob tariqasida AQShning Yaqin Sharqdagi qo‘shinlari sonini oshirish va bu orqali asosan raketalar hamda havo hujumidan himoyani mustahkamlashga e'tibor qaratmoqda», — deydi AQSh mudofaa vaziri Mark Esper.

Saudiya Arabistoni hamda BAAga kerakli harbiy texnikalarni yuborish jarayoni ham davom etadi.

Pentagon tomonidan hududga yuboriladigan qo‘shin turi va soni haqida kelasi haftada e'lon qilinadi. Brifingda qatnashgan AQSh Qurolli kuchlari shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi Jozef Danfordning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda gap minglab emas balki yuzlab askarlar haqida ketmoqda.

Shuningdek, brifing davomida AQSh mudofaa vazirligi vakillari sodir bo‘lgan voqealarga Eron aybdor ekaniga yana bir bora urg‘u qaratgan.

«Qurol Eronda ishlab chiqarilgan. Raketalar Yamandan uchirilgan. Zaruratga ko‘ra Yaqin Sharq hududiga yana qo‘shin yuborilishi yoki «boshqa harbiy variantlar» ko‘rilishi ko‘zda tutilgan», — deydi AQSh mudofaa vaziri.

Donald Tramp ham Eronga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llashga kirishgan.

Eron nima deydi?

14 sentabr kuni Saudi Aramco’ga dronlar uyushtirilgan hujum uchun mas'uliyatni Yamandagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiychilar guruhi o‘z zimmasiga olgandi. Rasmiy Tehron esa bu hodisaga aloqadorligini rad etdi. Bundan tashqari, mamlakat qurolli kuchlari Eronga qilinadigan har qanday tahdidni yo‘q qilishi ma'lum qilindi.

«Ehtiyot bo‘ling. Biz agressiya aktlariga jim qarab turmaymiz, nafaqat qarshi zarba beramiz, balki harbiy harakatlarni agressorni butunlay yo‘q qilguncha davom ettiramiz», dedi Eron islom inqilobi soqchilari korpusi qo‘mondoni Husayn Salomiy.

O‘z navbatida Eron harbiy-havo kuchlari korpusi qo‘mondoni Amir Ali Hojizoda ham AQSh tomonidan Saudiya Arabistoniga harbiy kontingent yuborilishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh o‘zining avvalgi xatolaridan saboq chiqarishi kerak, Eronga qilinadigan har qanday hujumga esa albatta javob qaytariladi.

Eron islom inqilobi soqchilari korpusi - Eron qurolli kuchlari tarkibidagi yetakchi harbiy tuzilma hisoblanadi. AQSh bu korpusni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga qo‘shgan.

Ziddiyat nimadan boshlangandi?

14 sentyabrga o‘tar kechasi Saudiya Arabistoni neft sanoati infratuzilmasi hujumga uchradi. Abqayq va Xuraysda joylashgan neftni qayta ishlash korxonalari dronlar hujum tufayli ishdan chiqdi va Saudiya kunlik neft ishlab chiqarish hajmini ikki barobarga kamaytirdi, natijada dunyoda neft narxi qimmatlashib ketdi.

Dastlab bu hujum uchun javobgarlikni 4 yildan buyon Saudiya Arabistoni bilan urush holatida bo‘lgan Yamandagi husiychilar o‘z zimmasiga olgandi. Bu ziddiyatga Saudiya Arabistoni Yamanning amaldagi prezidentini ag‘darib tashlagan guruhlarga qarshi arab davlatlari koalitsiyasi tuzishi sabab bo‘lgan.

O‘tgan vaqt davomida Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanib keladigan husiychilar bir necha marta Saudiya Arabistoni hududiga raketalar va dronlar bilan hujum qilgan, bu hujumlar aksar holatlarda Ar-Riyod AQShdan sotib olgan havo hujumidan mudofaa tizimlari yordamida to‘xtatilgan. Husiychilar neft obektlariga qilingan hujumni o‘z zimmasiga olib bergan bayonotida bunday hujumlar saudiyaliklar Yaman hududidagi harbiy amaliyotlarini to‘xtatmagunicha davom ettirishini ma'lum qilgan.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Saudiya Arabistonidagi hodisa bo‘yicha izoh berar ekan, bu hujum ortida Eron turgani, o‘sha vaqtda Yaman hududidan hech qanday harakat amalga oshirilmaganini ma'lum qilgan. AQSh rasmiy Tehronni mintaqadagi boshqa neft infratuzilmalariga qilingan hujumlar uchun ham aybdor deb hisoblaydi va ikki davlat munosabatlaridagi keskinlik kundan kunga kuchayib bormoqda.

Mavzuga oid