Navoiydagi JIEMda vafot etgan mahbus ishi bo‘yicha sud davom etmoqda. Sud-tibbiy ekspertlari ko‘rsatma berdi
18 sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Zafar Nurmatov raisligida Navoiydagi 47-sonli jazoni ijro etish muassasasida vafot etgan Sh.S. ishi bo‘yicha sud majlisi davom ettirildi.
Bu galgi sud majlisida marhumni ekspertizadan o‘tkazgan ekspertlar Jamoliddin Begboyev, Shahlo Yunusova, eksgumatsiyada ishtirok etgan ekspert Shohsanam Yadgarova va tergov hibsxonasi feldsheri Ulug‘bek Berdiyev guvoh sifatida ko‘rsatma berishdi.
Jamoliddin Begboyev, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent viloyat filiali eksperti:
– Bu holat bo‘yicha 2018 yil oxirida Shahlo Yunusova meni chaqirdi-da, shu ishni ko‘rish bo‘yicha maslahat so‘radi. Men «aqling bo‘lsa, bu ishni ko‘rma» deb javob berdim. Chunki tashxis to‘g‘ri kelmagani ko‘rinib turardi. Taqdir bo‘lib, bu ish baribir u va menga kelib qoldi. Gistologiya – bu ichki a'zolarning parchalari holatini mikroskop yordamida o‘rganib, o‘limga va kasallikka bog‘liqligini baholab beruvchi fan. Bu fanning ham o‘z tili bor. Oldingi bir ekspertiza xulosasida protokol qismida jarohatlarning belgisi sanab o‘tilgan, biroq xotima qismida sepsis deb qo‘ygan. Men Shahlo Yunusova raisligidagi sud-tibbiy ekspertizasida qatnashdim va to‘liq yoritib berganman. Har bir holatni tahlil qilib, o‘z javobimni aytdim. Elektr tamg‘a, shok, bosh miya lat yeyishi va boshqa holatlarni tahlil qilib berganman. Ammo, mening xulosam komission bo‘limga yoqmadi. Shundan so‘ng, menga nisbatan bosimlar boshlanib ketdi. Men buni audioyozuv qilib olganman ham. Men buni isbotlash uchun sudga taqdim qilishga tayyorman.
J. Begboyev tomonidan sudga taqdim etilgan audioyozuvlar aks ettirilgan disk ish hujjatlariga qo‘shish va uni sud majlisida eshitish masalasi o‘rtaga qo‘yildi. Raislik qiluvchi tomonidan taraflar fikri so‘raldi. Hamma bir ovozdan rozilik berdi.
– Menga nisbatan boshlig‘im tarafidan bosimlar bo‘ldi. «Nega sepsis qo‘yib bermaysan? Nega sepsisni tasdiqlab bermaysan?» deyishdi. Men xulosamda elektr tamg‘a, shok holati, bosh miya lat yeyishi kabi xulosalar berganman.
Prokuror: – Aytingchi, sizga tazyiq bo‘lgan bo‘lsa, siz birorta huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berdingizmi?
Begboyev: – 4 marta virtual qabulxonaga, 6 marta Bosh prokuraturaga, Ombudsmanga, Mehnat vazirligiga, Senatga murojaat qildim. Menda xatlar bor. Agar xohlasangiz, ilova qilishim mumkin. Ular yana qaytarib Toshkent shahar prokuraturasiga tashlashadi. Prokurorlar «iltimos yozmay turing, qilyapmiz» deyishadi. Mana 1 yil o‘tib ham ketdi.
Bu buyrak yetishmovchiligi emas. Sepsis deyishyapti, ekspertiza xulosalaridagi belgilar sepsisga taalluqli emas. Jigarda diffuz yog‘li gepatoz deyilyapti, lekin bu sepsis belgisi emas.
Begboyev ekspertiza xulosasida bergan har bir fikriga o‘z asoslarini berdi.
– Biz xulosamizni holat qanday bo‘lsa, shunday berishimizni aytganmiz. Bizdan keyin 50 ta joyga olib borishsa ham, ayb chiqmasin. Ekspertlar Xvan, Axrorovlar ko‘p iltimos qilishdi. Bo‘lim mudiri Jamila Xoshimova ham chiqib sepsis qo‘yib berishimni so‘radi. Avvalambor, Xudo saqlasin tuhmatdan qo‘rqaman. Yakunda aytish mumkinki, bemorda sepsis bo‘lmagan. Bemor o‘limi jarohatlarga bog‘liq bo‘lgan, shuningdek elektr tamg‘a ham bor. Bu elektr toki teriga tekkanida hosil bo‘ladigan jarohat. Bergan xulosalarim ortidan tergovchilar tomonidan ham bosimlar bo‘ldi. «Nega sepsis chiqmadi, nega unday, oilangga rahming keladimi?» degan gaplar tazyiq-ku, axir?
Shundan so‘ng, marhumning eksgumatsiya ekspertizasini o‘tkazgan sud eksperti so‘zga chiqdi.
Shohsanam Yadgarova, oliy toifali ekspert:
– Biz o‘lim sababini marhum hayotligida olgan jarohatlari sababli olgan deya xulosa berganmiz. Bu xulosaga kelishimizga sabab, biz bir necha marta qayta laborator tekshiruvi o‘tkazdik, eksgumatsiya qildik. Natijada shu xulosaga kelganmiz. Ruxsat bersangiz, ekspertizani qanday qilish bo‘yicha adabiyotlarni taqdim etaman.
Prokuror: – Ayting-chi, o‘pka nevralari ostida qon quyilish, yurak exikardiya ostida qon quyilish, oshqozon shilliq qavatida qon quyilish, buyrak usti bezida qon quyilishi kabi holatlar jarohat oqibati bo‘lishi mumkinmi?
– Bular «sotryasaniye vnutrennyx organov» deyiladi. Bu va shok holatlarda shunday hollar kelib chiqadi. Bu aynan jarohat natijasida bo‘lgan og‘ir shok holatidan kelib chiqqan. Biz bu jarohatlarni marhum tirikligida olganini ko‘rsatganmiz.
Prokuror: – Nima sababdan bu murakkab ekspertizada vrach-reanimatolog, gematolog, immunolog, nefrolog kabi tor sohadagi mutaxassislarni jalb qilmagansiz?
Sh. Yadgarova: – Ular nimaga kerak? Gematologik kasallik bu yerda yo‘q. Tekshiruvlarda trombotsitlar va yana boshqa holatlar normada. Gematolog bizga kerak emas edi. Bu mutaxassislar bizga kerak emas deb birgalikda qaror qilganmiz. Gistolog hujayralar darajasida tekshiradi. Biz shunday darajada tekshirganmiz. Gematologik kasallik ham, sepsis ham yo‘q. Sepsisda terini rangi kulrang tusga kirib ketadi. Biz shu ishni olganimizdan beri tazyiqqa uchrayapmiz. Oxiri men bo‘shadim o‘sha bo‘limdan. Ortiq ekspertiza ham o‘tkazmayman.
Advokatlardan biri tazyiqlar bo‘lgani haqida biror joyga shikoyat qilingani haqida qiziqdi.
Sh. Yadgarova: – Portalga bir necha marta murojaat qildim. Prokuraturaga tergovchi Mahammatqulov ustidan shikoyat qilsam, uning o‘zi javob berdi. Buni men sudga ham taqdim qila olaman. Tazyiq haqida aytsam, u meni chaqirdi. Oldin boshqa ishda u menga adovatga borib qolgandi. Bu ishda sepsis deb o‘zining fikrini singdiraverdi. Kechki soat 18:00da borgan bo‘lsam, tungi soat 01:00gacha ushlab turdi.
Ekspert, tibbiyot fanlari nomzodi Shahlo Yunusova ham o‘xshash ko‘rsatmalar berdi. Ekspertizada hech qanday sepsis aniqlanmagani, jarohat natijasida marhum vafot etganini bildirdi va ilmiy asoslar keltirdi.
So‘nggi guvoh sifatida 1-sonli Tergov hibsxonasi tibbiyot bo‘limida feldsher vazifasida ishlovchi Ulug‘bek Berdiyev ham o‘z ko‘rsatmalarini berdi. Ushbu guvoh marhumning vafoti oldidan shifoxonaga olib borgan bo‘lib, unga nisbatan tergovda tazyiqlar bo‘lganini aytdi.
Ushbu sud majlisida guvohlar bergan ko‘rsatmalar bir-biriga o‘xshash bo‘ldi. Ekspertlar marhum sepsisdan emas, jarohatdan vafot etgan degan fikrni ilgari surishdi. Ekspertlar va feldsher ham unga nisbatan tazyiq va bosimlar bo‘lganini aytib o‘tishdi.
Ma'lumot uchun, Navoiydagi 47-sonli jazoni ijro etish muassasasida vafot etgan Sh.S. o‘limi bilan bog‘liq hodisa yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan o‘tkazilgan qo‘shimcha tergov natijalariga ko‘ra, marhum S.Sh.ning o‘limida tibbiy yordam ko‘rsatgan 4 nafar tibbiyot xodimi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan ayblanib, jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga qaytarilgan. Hozirda jinoyat ishi Toshkent shahar sudida ko‘rib chiqilmoqda.
Mavzuga oid
13:31 / 22.11.2024
Buxoro va Navoiyda saksovullarni sindirganlarga 43 mln so‘m jarima belgilandi
14:11 / 11.11.2024
Navoiyda Nexia va Exeed to‘qnashishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
12:32 / 06.11.2024
Misr Navoiydagi mis konida burg‘ilash ishlarini boshladi
16:28 / 01.11.2024