Jamiyat | 15:06 / 25.09.2019
27508
14 daqiqa o‘qiladi

«Qonunlaringiz amalda ishlamayapti». Xorazmda korxonani bankrotlik yoqasiga olib kelishda sun'iy sxemalardan foydalanilganmidi?

Tahririyatga Rossiya Federatsiyasi fuqarosi Egambergen Djabbarovdan murojaat kelib tushdi. Unda bundan bir necha yil avvval o‘ziga qarashli mulk ayrim shaxslar tomonidan atayin bankrotlik yoqasiga olib kelinib, boshqa bir tashkilotga o‘tkazib berilgani haqida yozilgan. Mazkur murojaat asosida jurnalistik surishtiruv o‘tkazildi.

 

Xorazm viloyatida davlat ulushi bo‘lgan, texnikalarni ta'mirlaydigan «Xorazmmaxsustuzatish» ochiq aksiyadorlik jamiyati bo‘lgan. 2007 yilning 21 iyun sanasida jamiyatda ulushga ega bo‘lgan Djabbarovlar oilasi Respublika fond birjasidan davlatning qolgan 25 foiz ulushini ham sotib oladi.

Oradan ikki oy o‘tib, o‘sha vaqtdagi viloyat hokimi Ollobergan Olloberganov asosiy aksiyador Djabbarovni chaqirtiradi. Djabbarovning so‘zlariga ko‘ra, viloyat hokimi jamiyatga bundan keyin A.Xakimov raislik qilishi lozimligini aytib, buning uchun kerakli bo‘lgan hujjatlarni rasmiylashtirishni topshiradi.

Bu vaqtda A.Xakimovga jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan jinoiy ish ochilgan bo‘lgan. U 2002-2003 yillarda «Urganch mashina traktor parki» davlat aksiyadorlik jamiyatida boshqaruv raisi lavozimida ishlagan. Keyinroq 2008 yilning 3 oktyabrdagi sud hukmiga asosan, jinoyat kodeksining «mansabga sovuqqonlik bilan qarash» va «mansab soxtakorligi» bo‘yicha moddalari bilan aybli deb topilgan. Biroq unga amnistiya qo‘llanib, jazodan ozod qilingan. Djabbarov uni korxonani boshqarishga noloyiq deb hisoblagan. Shu bois o‘rtada nizo chiqa boshlagan.

Djabbarovning aytib berishicha, A.Xakimov o‘zining jamiyat raisligi davrida aksiyadorlarning ruxsatisiz 350 million so‘m kredit olgan, aksiyadorlarni bir necha marta tashkilot binosi hududiga kiritmagan va sun'iy ravishda tashkilotni bankrotlik yoqasiga olib kelgan. Shundan so‘ng, Djabbarov Olloberganovning oldiga borib, tashkilotni boshqa shaxsga topshirish kerakligi, yo‘qsa butunlay bankrot bo‘lishlari mumkinligini tushuntiradi. Lekin hokim bunga ko‘nmaydi. Jamiyat esa bankrotlik yoqasiga yaqinlashaveradi.

2009 yilning 24 mart kuni viloyat hokimi Olloberganov «istiqbolsiz korxonalarni tugatish va restrukturizatsiya qilish bo‘yicha 2009 yilga mo‘ljallangan hududiy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida» qaror qabul qiladi. Unga ko‘ra, xo‘jalik sudiga bankrot deb topish bo‘yicha 2009 yilning 6 apreligacha da'vo kiritish, ushbu korxonani tugatish, davlat reyestridan chiqarish va uni yangi investorlarga kim oshdi savdosida sotish belgilanadi.

Undan avvalroq, 16 mart kuni qishloq xo‘jalik texnikalarini ta'mirlashdagi alohida o‘rnini e'tiborga olib, majmuani saqlab qolish maqsadida ustav fondida davlat ulushi bo‘lmagan jamiyatni bankrot deb topish yuzasidan Urganch shahar davlat soliq inspeksiyasi tomonidan xo‘jalik sudiga ariza kiritilishi, tugatish rejasida potensial investorlarga sotish belgilangani aytilib, o‘sha vaqtdagi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasiga viloyat hokimi o‘rinbosari U.Jumagaldiyev nomidan xat kiritilgandi.

2009 yilning 4 aprelida Urganch shahar davlat soliq inspeksiyasi tomonidan viloyat xo‘jalik sudiga «Xorazmmaxsustuzatish» ochiq aksiyadorlik jamiyatini bankrot deb topish to‘g‘risida ariza beriladi. Jami qarzi 284 729 300 so‘mni tashkil qilib, shundan 3 oy muddati o‘tgan 198 027 400 so‘mni tashkil etishi asos qilinadi.

Lekin o‘sha vaqtdagi sud raisi o‘rinbosari A.Yembergenov 10 aprel sanasidayoq o‘sha vaqtdagi soliq kodeksining 62-moddasini asos qilib, arizani qaytarish haqida ajrim chiqaradi. Unda majburiy undirish choralari ko‘rsatilgan bo‘lib, birinchi navbatda soliq qarzini soliq to‘lovchining bankdagi hisob varaqlaridan undirish ko‘rsatilgan. Agar pul bo‘lmasa, uning debitorlariga (jamiyat oldida qarzdor bo‘lgan shaxslarga) qaratish aytilgan. So‘nggi chora sifatida soliq to‘lovchining mol-mulkiga qaratish kerakligi tushuntirilgan. Coliq inspeksiyasi esa keyingi ikkita shartni bajarmay turib, jamiyatni bankrot deb topishni so‘rab shoshilgan.

Lekin oradan vaqt o‘tib, yana ariza beriladi va 2009 yilning 26 iyun kuni sudya X.Abrayev raisligida ish ko‘rib chiqilib, bankrot deb topish to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilinadi. Qarorda 15 foiz davlat ulushi mavjud deyilgan, viloyat hokimi o‘rinbosari U.Jumagaldiyevning xatida esa umuman davlat ulushi mavjud emasligi aytilgandi.

Urganch shahar davlat soliq inpeksiyasining 26 iyundagi taqqoslash dalolatnomasida jamiyatning 139 157 919 so‘m boqimanda qarzi va 47 085 364 so‘m penyadan qarzi mavjudligi aytilgan. Shuningdek, qarorda «Agrobank»dan 316 960 000 so‘m kredit qarzi borligi ham ta'kidlangan. Jamiyat ma'lum vaqt ichida 47 million so‘m qarzini to‘lagani, sotib to‘lay olishi uchun texnikalari yetarli ekanini bildirib, suddan bir oy muddat so‘ragan. Lekin sud muddat bermagan. Uning ustiga, qarorda jamiyatning debitorlik qarzi 555 769 000 so‘m ekani ham ko‘rsatilgan. Ammo kodeksda aytilganidek, qarzdorlikni debit qarzlarga qaratish masalasi ko‘rilmagan.

Jamiyat bankrot deb topilganidan so‘ng, auksion orqali potensial investorlarga berilmay, uni bank balansiga o‘tkazish harakatlari boshlangan. 2009 yil 6 iyuldagi kreditorlar yig‘ilishining 1 bayonnomasiga muvofiq, jamiyatning tashkilotlardan qarzdorligi quyidagicha ko‘rinishda bo‘lgan:

Urganch shahar davlat soliq inpeksiyasidan 29,82 foiz;

AT «Agrobank» Urganch shahar bo‘limidan 44,57 foiz.

2008 yilning 19 noyabrdagi F-4010 sonli «Iqtisodiy nochor korxonalarni tijorat banklariga sotish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmoyishning 6-bandiga ko‘ra (hujjat o‘sha vaqtda faqat rus tilida berilgan va hozirda kuchini yo‘qotgan), mulk jamiyat balansiga o‘tishi uchun uning oldidagi kredit qarzdorligi 70 va undan yuqori foizni tashkil qilishi kerak.

Bu orada bir necha marta kreditorlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. 2009 yilning 18 sentyabriga kelib qarzdorlik shunday ko‘rinishda edi:

Urganch shahar davlat soliq inpeksiyasidan 35,32 foiz;

AT «Agrobank» Urganch shahar bo‘limidan 43,56 foiz.

Lekin AT «Agrobank» Urganch shahar bo‘limi jamiyatning davlat soliq inspeksiyasi oldidagi qarzini to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lab yuborgan va keyin 2009 yilning 17 noyabrdagi 9-majlis bayonnomasida ko‘rsatkichlar quyidagicha tus olgan:

Urganch shahar davlat soliq inpeksiyasidan 0 foiz;

AT «Agrobank» Urganch shahar bo‘limidan 78,74 foiz.

Kreditorlar umumiy yig‘ilishi F-4010 sonli prezident farmoyishini asos qilib xo‘jalik sudiga o‘z qarorini taqdim qiladi. Xuddi kutib turgandek, odatda juda band bo‘ladigan sud ham (X.Abrayev raisligida) 18 noyabr kuniyoq balansga o‘tkazish bo‘yicha ajrim chiqaradi. Ajablanarlisi, sud ajrimida majlisda qatnashgan deb ko‘rsatilgan Xorazm viloyat Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hududiy boshqarmasi vakili X.Ruzakov aslida unda qatnashmagan va hech qanday fikr bildirmagan. 19 noyabr kuni shaxsan o‘z qo‘li bilan yozgan bildirishnomasi buni tasdiqlaydi.

2009 yilning 17 dekabrida bankrotlik bo‘yicha tugatish boshqaruvchisining yakuniy hisobotini tasdiqlash to‘g‘risida sudya X.Abrayev ajrim chiqaradi. Ajrimda davlat reyestriga «Xorazmmaxsustuzatish» ochiq aksiyadorlik jamiyati tugatilgani to‘g‘risida 3 kun ichida yozuv kiritilishi va davlat reyestridan chiqarish uchun ajrim nusxasi Urganch shahar hokimligiga yuborilishi aytiladi. Yana xuddi barchasi oldindan rejalashtirilganidek bir kun o‘tar-o‘tmas jamiyat hokimlik inspeksiyasi qarori bilan (o‘sha vaqtda inspeksiya boshlig‘i O.Abdullayev bo‘lgan) davlat reyestridan chiqariladi. 2010 yilning 17 may sanasida sudya A.Ibragimov kassatsiya shikoyatini qabul qilishni rad etadi.

2019 yilning 1 fevralida Oliy sud sudyasi B.Ubaydullayev iqtisodiy protsessual kodeksning tegishli moddalarini asos qilib, ish mazmunan to‘g‘ri ko‘rilgan deb nazorat shikoyatini sudlov hay'atiga o‘tkazishni rad etadi. Ajrim ustidan Oliy sud raisi va uning o‘rinbosariga nazorat tartibida shikoyat qilish mumkinligi tushuntiriladi.

Shundan so‘ng, 2009 yilning noyabrigacha Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi hududiy boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, bankrotlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Ozod Abidov bilan suhbatlashdik. U «Xorazmmaxsustuzatish» jamiyatining bankrotlik jarayonlarini nazoratini olib borgan shaxs hisoblanadi.

«Korxona «Paxtabank»dan (hozirgi «Agrobank») 2008 yil 22 fevralda 1 yil muddatga 350 million so‘m kredit olgan. Lekin 1 yil davomida korxona 347 yillion so‘m kreditni qaytarmagan. Keyinroq korxona tomonidan 550 million so‘mlik mahsulot sotilgan. Ularning ham solig‘i to‘lanmagan. Bir yil ichida korxonada jami 600 million so‘mga yaqin qarzdorlik paydo bo‘lgan.

Bankrotlik jarayoni boshlanishida korxona belgilangan tartibda inventarizatsiyadan o‘tkazilgan. Mol-mulki qayta baholanib, ochiq auksionga qo‘yilgan. Lekin tezda auksiondan olinib 500 million so‘mlik qarzlari evaziga qiymati kamida bir necha milliard so‘mlik bo‘lgan korxona bank balansiga o‘tkazib yuborilgan.

Bunga F-4010 sonli prezident farmoyishi asos qilingan. Lekin bu yerda bankrotlik jarayonida qo‘llanishi kerak bo‘lmagan qonun hujjati qo‘llangan. Chunki, bankrotlik jarayonida asos sifatida birinchi navbatda bankrotlik to‘g‘risidagi qonun va Vazirlar Mahkamasining 188-sonli qarori qamrab olinishi zarur. Undan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 368-sonli qaroriga ham amal qilinmay, davlat ulushi bo‘lmagan korxona nol qiymatda bank balansiga olingan», - dedi Ozod Abidov.

Yuqoridagilardan so‘ng, izoh olish maqsadida «Agrobank» matbuot xizmatiga ham  bog‘landik. Aytishlaricha, sud ajrimi bilan «Xorazmmaxsustuzatish» OAJ bankrot deb topilgan va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 18 noyabrdagi «Iqtisodiyot real sektori korxonalarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-4053 sonli Farmoni va 2008 yil 19 noyabrdagi «Iqtisodiy nochor korxonalarni tijorat banklariga sotish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 4010-sonli Farmoyishiga asosan mulkiy majmua sifatida «Agrobank» balansiga berilgan.

Yuqoridagi farmon ijrosini ta'minlash maqsadida iqtisodiy nochor bankrot «Xorazmmaxsustuzatish» OAJ negizida bankning 100 foiz ulushi bilan «Agro-maxsus-tuzatish-sozlash» MChJ tashkil qilingan va korxonaning ishlab chiqarish faoliyati qayta tiklangan.

Faoliyati qayta tiklangan «Agro-maxsus-tuzatish-sozlash» MChJdagi bankning ulushi «Xorazm Expert baholash» MChJ baholash kompaniyasi tomonidan baholangan va qonunchilikda belgilangan tartibda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qarashli «Xorazm temir yo‘l qurilish» unitar korxonasiga 2013 yil 25 iyundagi 1-sonli shartnomaga asosan sotilgan.

Bugungi kunda «Xorazm temir yo‘l qurilish» unitar korxonasi «Agrobank» oldidagi majburiyatlarini to‘liq bajargan. Shu bilan birga, «Agrobank» «Xorazmmaxsustuzatish» OAJning bankrot bo‘lishi sabablari to‘g‘risida ma'lumotga ega emas.

«Chet el investorlari va tadbirkorlarni himoya qilish bo‘yicha shuncha qonunlaringiz bor. Lekin qonunlaringiz amalda ishlamayapti», - dedi Djabbarov.

Ma'lumotlarga ko‘ra, hozirda ish Buxoro viloyat prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan o‘rganilmoqda. Tergovchi A.Abdullayevning javob xatiga ko‘ra, korxonani sotishda bir nechta normativ-huquqiy hujjat va tartiblarga amal qilinmagan. Sud qaroriga ko‘ra, 3 milliard so‘mdan ortiq narxga baholangan korxona mol-mulklari 470 million so‘m qarzi evaziga «Agrobank» Xorazm viloyat filiali balansiga o‘tkazib berilgan. Tugatish boshqaruvchisi Ya.Ro‘zmetovga ham bir nechta moddalar doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.

Jamiyatning asosiy aksiyadori Djabbarovlar oilasi adolat tiklanishini so‘rab murojaat qilmagan tashkilot qolmagan. Nega davlat ulushi bo‘lmagan korxona faoliyatiga ba'zi mansabdor shaxslar aralashavergan? Nega ayrim sudlar bankrotlik jarayonlarida qonunlar, soliq kodeksi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga amal qilmagan? Nega odamlarni ish bilan ta'minlab jamiyatga foyda keltirayotgan tadbirkorlar bunday holatlardan zarar ko‘rishi kerak?

Endilikda uning muammosi bartaraf etiladimi? Aybdorlar o‘z jazosini oladimi? Jabrlanuvchining mulki qaytib beriladimi yoki o‘rniga zarari qoplanadimi? Bu savollarga bir necha yildan beri javob izlab kelmoqda.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Zafarbek Solijonov jurnalist,
Mirrahimov Mirvohid tasvirchi

Mavzuga oid