Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkent shahar prokuraturasi Olmazor tuman hokimi o‘rinbosariga jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etdi
Olmazor tuman hokimi o‘rinbosari A.Vahobov joriy yilning 14 avgust kuni Kun.uz tahririyati xodimlariga tahdid qilgan edi. Oradan bir kun o‘tib, Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati tomonidan A.Vahobovning videointervyusi e'lon qilindi va unda hokim o‘rinbosari Kun.uz muxbiri Rahmatillo Isroilov muqaddam undan tamagirlik yo‘li bilan yer talab qilgani va buning evaziga katta miqdorda pora taklif etgani haqidagi da'voni ilgari surdi.
A.Vahobovning mazkur da'vosidan so‘ng Kun.uz zudlik bilan o‘z ichki surishtiruvini o‘tkazgan, muxbir R.Isroilov o‘ziga nisbatan A.Vahobov ilgari surayotgan ayblovlarni rad etgan edi. Shuningdek, R.Isroilov o‘ziga nisbatan og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab tuhmat qilgani uchun Olmazor tuman hokimi o‘rinbosari A.Vahobovga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali Bosh prokuraturaga shikoyat yo‘llagandi.
Keyinroq, mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilayotgani, ushbu tekshirish jarayonlari esa O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan nazoratga olingani ma'lum qilindi.
Ma'lum bo‘lishicha, joriy yilning 11 sentabr kuni mazkur tergovga qadar tekshirish harakatlari nihoyasiga yetkazilgan va A.Vahobovning harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘qligi sababli JPKning 83-moddasi ikkinchi bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.


Shuningdek, ushbu qarorda ta'kidlanishicha, Olmazor tuman hokimligi tomonidan hokim o‘rinbosari A.Vahobovning xatti-harakatlari qonuniyligi yuzasidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasiga ko‘ra, u kasb etikasi va xizmat lavozimi majburiyatlariga to‘liq rioya qilgan.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 2 martdagi 62-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari»ning 12-bandida davlat xizmatchilari xushmuomala, iltifotli, odobli, e'tiborli, fuqarolar va hamkasblari bilan munosabatda sabr-toqatli bo‘lishi, ularni hurmat qilishi shartligi, davlat xizmatchilari o‘ziga bo‘ysunuvchilarga va fuqarolarga nisbatan qo‘pollik qilmasligi, odamlarning sha'ni va qadr-qimmatini kamsitmasligi, ularga asossiz psixologik va jismoniy ta'sir ko‘rsatish holatlariga yo‘l qo‘ymasligi lozimligi belgilab qo‘yilgan.
Vazirlar Mahkamasining yuqorida aytilgan qarorining 4-bandida odob-axloq qoidalari normalarining buzilishi qonun hujjatlariga muvofiq intizomiy yoki boshqacha javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lib hisoblanishi mumkin.
Biroq Kun.uz muxbirlariga nisbatan sodir etilgan hokim o‘rinbosari A.Vahobovning videolavhalarga muhrlangan xatti-harakatlari kasb etikasi va xizmat lavozimi majburiyatlariga to‘liq rioya qilingan, deya topilgani bizni hayron qoldirdi.
Ammo eng muhimi bu emas. Gap shundaki, joriy yilning 11 sentabr kuni shahar prokurori o‘rinbosari A.Pulatov tasdiqlagan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qarorda faqat A.Vahobovning hokimiyat binosida Kun.uz muxbirlariga tajovuzi bo‘yicha huquqiy baho berilgan va hokim o‘rinbosarining ushbu harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘q, deya topilgan.
Ammo A.Vahobovning videomurojaatidagi R.Isroilov muqaddam undan tamagirlik yo‘li bilan yer talab qilgani va buning evaziga katta miqdorda pora taklif qilgani haqidagi masala hamda R.Isroilovning A.Vahobov unga tuhmat qilayotgani haqidagi Bosh prokuror nomiga yo‘llagan murojaati bo‘yicha lom-mim deyilmagan. Axir Kun.uz muxbiri R.Isroilovning Bosh prokurorga yo‘llagan murojaatining asosiy mazmuni aynan tuman hokimi o‘rinbosari unga ommaviy axborot vositalari orqali og‘ir jinoyatni sodir etishda tuhmat qilayotgani haqida edi-ku?
Masalaning yana bir e'tiborli jihati, R.Isroilovning murojaati Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan o‘rganilgan bo‘lsada, uning natijalari haqidagi javob xati Olmazor tuman prokuraturasi tomonidan berilgan.

«Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 27-moddasi beshinchi qismiga ko‘ra javoblar murojaatda ko‘rsatilgan har bir masala bo‘yicha vajlarni inkor etuvchi yoki tasdiqlovchi aniq asoslarni (zaruratga qarab qonun hujjatlari normalariga havolalar qilingan holda) o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.
Qabul qilingan qaror va R.Isroilovga berilgan javob xatida nomuvofiqliklar mavjudligi, murojaatdagi vajlar mazmunan ko‘rib chiqilmagani bois mazkur masala O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan qayta ko‘rib chiqilsa va ochiq qolayotgan qator savollarga oydinlik kiritilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Mavzuga oid
19:49 / 19.05.2025
«Talabalar festivali» o‘tkazilishi sabab Olmazor tumanidagi ko‘cha vaqtincha yopiladi
10:00 / 14.05.2025
3 mlrd so‘mlik energiya resurslari talon-toroj qilingani aniqlandi
16:03 / 30.04.2025
Rossiya Bosh prokuraturasi o‘zbekistonlik migrantlarning huquqlariga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish majburiyatini oldi
19:27 / 21.04.2025