O‘zbekiston | 11:28 / 25.09.2019
2419
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa investitsiya banki Orolbo‘yi hududini barqaror ekologik rivojlantirishda qatnashadi

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

2019 yil 24 sentabr kuni Senatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanovning Yevropa investitsiya banki vitse-prezidenti Vasil Xudak boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, unda O‘zbekistonning Yevropa investitsiya banki bilan ikki tomonlama hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlari xususida fikr almashildi. Xususan, issiqlik bilan ta'minlash, qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish, gidroenergetika sohasini rivojlantirish sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish masalalari ham muhokama etildi.

O‘zbekistonning Yevropa investitsiya banki bilan hamkorligi O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa investitsiya banki (YeIB) o‘rtasidagi Hadli bitimga muvofiq amalga oshirilishi qayd etildi. YeIB davlat infratuzilmasi, energetika va energiya samaradorligi, mamlakatda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish kabi sohalarda davlat va xususiy sektorlarning loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Xususan, ta'kidlanganidek, delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Yevropa investitsiya banki o‘rtasida Orolbo‘yi hududni barqaror ekologik rivojlantirish to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolandi.

Bank Markaziy Osiyo mamlakatlarida Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha harakatlar va atrof muhitni himoya qilish mexanizmi doirasida loyihalarni moliyalashtiradi. Bu mexanizm Yevropa Ittifoqida qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya samaradorligi sohasidagi loyihalarni, issiqxona gazlari chiqarishni kamaytirish loyihalarini va energiya ta'minoti xavfsizligini oshirish loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi YeIB bilan hamkorlik qilayotgan Markaziy Osiyodagi to‘rtta davlatdan biri hisoblanadi. YeIB bilan hamkorlik qilish davrida suv ta'minoti va energiya samaradorligi sohasiga 200 mln. yevro miqdorida mablag‘ ajratish to‘g‘risida ikkita moliyaviy bitim imzolangan (2018 yil oktabr, Parij shahri).

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar senatorlar va mutaxassislar ishtirokida moliyalashtirish va O‘zbekiston hududlariga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan qo‘shma tadbir o‘tkazishga kelishib oldilar.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid