O‘zbekiston | 12:57 / 27.09.2019
52510
3 daqiqa o‘qiladi

Bog‘ot tumani hokimi jarimaga tortildi. Tumanda fuqarolar paxta terimiga majburan jalb etilgan

Qator nashrlarda Xorazm viloyati Bog‘ot tumani hokimining fuqarolarni paxta terimiga majburiy tarzda jalb etgani to‘g‘risida xabar tarqaldi. 

Aytilishicha, tumanda joriy yil 15 sentyabrdan hududdagi barcha shaharcha va qishloqlar aholisi, korxonalarning barcha ishchi-xizmatchilari paxta terimiga safarbar qilingan. Shuningdek, hokim 19 sentabr kuni shu masala bo‘yicha tumandagi 300 ga yaqin fermer xo‘jaligi rahbarlari, hududlardagi terim otryadlari mas'ullari, budjet tashkiloti va idoralari rahbarlarini yig‘ib, majlis o‘tkazgan. Yig‘ilish kechki soat 20:30 dan 22:00 gacha davom etgan.

Tuman moliya bo‘limi boshlig‘i J.Ro‘zmetov va tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i A.Avezov qo‘l ostidagi xodimlarni paxta terimiga chiqargan.

Mazkur holatni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i boshchiligida yuborilgan ishchi guruh Bog‘ot tumaniga yetib bordi.

O‘rganish natijasida Bog‘ot tumanida haqiqatan mehnat qonunchiligi me'yorlari buzilganligi aniqlandi. Shunga muvofiq, Bog‘ot tumani hokimi O.Xolboyev, Bog‘ot tumani moliya bo‘limi boshlig‘i J.Ro‘zmetov hamda Bog‘ot tumani obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i A.Avezovga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga asosan 2 230 000 so‘mdan 6 690 000 so‘mgacha, jami 15 610 000 so‘m miqdorda jarima tayinlandi.

Bog‘ot tumani hokimi O.Xolboyev

“Ta'kidlash o‘rinliki, bu yil qo‘lda terilgan 1 kg paxta uchun narxlar oshirilib, birinchi terimda – 800 so‘m, ikkinchi terimda – 1200 so‘m to‘lanishi belgilandi. Terimchilarning qulay mehnat sharoitlari uchun barcha zaruriy shart-sharoitlar yaratilyapti. Shuningdek, paxta terimida ko‘ngilli sifatida qatnashish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun terim.uz sayti ishga tushirildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatning har qanday shakli qonunga xilofdir! Agar Sizni paxta terimi yoki boshqa biror ishga majburlashsa yoki shunday holatga duch kelsangiz, Davlat mehnat inspeksiyasining 1176 qisqa raqamlariga, dmi.mehnat.uz sayti yoki mehnathuquqbot Telegram botiga murojaat qiling!” - deyiladi vazirlik xabarida

Mavzuga oid