O‘zbekiston | 20:36 / 27.09.2019
19524
2 daqiqa o‘qiladi

«Davlat organlari nafaqat fuqarolar uchun, balki boshqa hukumat tashkilotlari uchun ham yopiq» - Ekspert

Bugun, 27 sentabr kuni, Toshkentdagi Inha universitetida «ICT Week – Uzbekistan 2019» haftaligi doirasida «Open Data Tashkent 2019» xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda Davlat statistika qo‘mitasi, Jahon Banki, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, Prezident huzuridagi loyiha boshqaruvi Milliy agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mutasaddilari ishtirok etishdi va davlat organlarining ochiqligini ta'minlashda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar to‘g‘risida fikr bildirishdi.  

YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori konsultanti Azimiddin Rahmatov O‘zbekistonda davlat organlarining ochiqligiga to‘siq bo‘layotgan omillar haqida fikr bildirdi.

«O‘zbekistonda davlat tashkilotlarining ma'lumot uzatishda ochiqligiga to‘sqinlik qiluvchi qator omillar bor. Birinchidan, mavjud normativ-huquqiy va metodologik baza zamon talablariga javob bermaydi. Ikkinchidan, ochiq ma'lumotlar monitoringi tizimi shakllantirilmagani. Uchinchidan, davlat tashkilotlari nafaqat fuqarolar va biznes uchun, balki boshqa hukumat organlari uchun ham yopiqligidir. Vaziyatni yaxshilash uchun nima qilish kerak? Eng katta vazifa ochiq ma'lumotlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi konsepsiyasini ishlab chiqish zarurati. Shuningdek, fuqarolarning hukumat organlariga ishonchini qaytarish kerak. Davlat tashkilotlari faoliyatini monitoring qilish orqali mustahkam fuqarolik jamiyatini barpo qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bunga erishish uchun ochiq ma'lumotlar ekotizimini yaratish lozim», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Rahmatovning ta'kidlashicha, sohada ishlab chiqilishi kerak bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatda ochiq va yopiq ma'lumotlar aniq ko‘rsatilishi, xalqaro huquqiy normalarni qabul qilish, taqiqlangan ma'lumotlarni oshkor etganlik uchun ma'muriy javobgarlik belgilanishi kerak.

Mavzuga oid