Sport | 20:43 / 29.09.2019
25376
2 daqiqa o‘qiladi

Mahmud Murodov: «Meyvezerdek do‘stim borligidan faxrlanaman»

O‘ngdan ikkinchi - Murodov, o‘rtada - Meyvezer / Foto: Instagram

Yakkakurash jangchisi Mahmud Murodov mutlaq jangchilik chempionatidagi debyut jangidan so‘ng jurnalistlar bilan suhbatda O‘zbekistonning UFC`dagi ilk vakili bo‘lgani va Floyd Meyvezer bilan munosabatlari kabi mavzularda fikr bildirdi.

«Bu – tarixiy onlar. Men UFC`dagi ilk o‘zbekistonlik bo‘ldim. Ikkita mamlakat – Chexiya Respublikasi va O‘zbekiston nomidan bahslarda qatnashaman», – dedi u.

Murodov kecha Kopenhagenda italiyalik Alessio di Kirikoni mag‘lub etdi. U mashhur amerikalik bokschi Floyd Meyvezerning «The Monkey Team» jamoasi bilan shartnoma tuzgan ilk MMA jangchisi sanaladi.

«Floyd Meyvezer – mening do‘stim, homiyim, oilam a'zosi sanaladi. U menga ko‘p yordam beradi. Uningdek do‘stim borligidan faxrlanaman. Men, oilam va jamoamiz a'zolari uni juda hurmat qilamiz. U – jahondagi eng yaxshi jangchi. U UFC`da shartnoma imzolashimga katta yordam berdi», – deya Meyvezer bilan munosabatlari haqida to‘xtaldi Murodov. 

Mahmud, shuningdek, debyut jangida o‘z salohiyatini to‘la ko‘rsata olmagani, buning uchun 2-3 oy vaqt kerakligini, UFC shartnomasini imzolaganiga esa ikki haftagina bo‘lganini ham aytib o‘tdi.

«O‘zbekistonda, unga qo‘shni davlatlarda, Rossiyada muxlislarim ko‘p. O‘zbekistonga borganimda meni aeroportda taxminan 500 kishi kutib oladi. Oyim ko‘rib turibdi, muxlislarim kuzatishyapti – o‘z ustimda ishlashim kerak», – dedi u.

Eslatib o‘tamiz, Mahmud Murodov avval Yevropaning Oktagon va XFN ligalarida ishtirok etgan.

Mavzuga oid