O‘zbekiston | 14:10 / 29.09.2019
181108
7 daqiqa o‘qiladi

Vaqtingizni va naqdingizni saqlab qoling: Grin-karta o‘ynovchilar uchun eslatmalar

Foto: Shutterstock

Endilikda grin-karta (Green card) rasmiylashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasporti (xalqona aytganda qizil pasport) zarur.

Xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish chog‘ida ma'lumotlarni yig‘ish punktiga qanday hujjatlar taqdim etiladi?

  • belgilangan shakldagi ariza-anketa;
  • biometrik pasport yoki ID-karta yoxud 16 yoshga to‘lmagan fuqarolar uchun tug‘ilganlik haqida guvohnoma;
  • ilgari berilgan xorijga chiqish biometrik pasporti (mavjud bo‘lgan taqdirda);
  • vakolatli organning qarori (xorijga chiqish biometrik pasporti ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilganida);
  • harbiy guvohnomaning yoki chaqiruv uchastkasida qayd etilganligi haqidagi guvohnomaning nusxasi yoxud mudofaa ishlari bo‘limining belgilangan namunadagi ma'lumotnomasi — harbiy xizmatga majburlar uchun;
  • davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi kvitansiya;
  • ota-onalar, vasiylar (homiylar)ning fuqaroning xorijga chiqishiga notarial tasdiqlangan roziligi — voyaga yetmaganlar uchun;
  • fuqaroga hamrohlik qiluvchi shaxsning notarial tasdiqlangan majburiyati — voyaga yetmaganlar uchun.

15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ota-onalar, vasiylar (homiylar)ning voyaga yetmagan shaxsning mustaqil ravishda xorijga chiqishiga notarial tasdiqlangan roziligi bo‘lgan taqdirda xorijga kuzatuvchisiz chiqishi mumkin (Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi PQ-4079-son qaroriga 1-ilova «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom).

Xorijga chiqish biometrik pasporti qancha  davlat boji to‘lanadi?

O‘zbekiston Respublikasining fuqarolariga chet elga chiqish uchun biometrik pasport berganlik uchun bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 120 foizi (223 000*1,20=267 600 co‘m)

O‘zbekiston Respublikasining 16 yoshga to‘lmagan fuqarolariga chet elga chiqish uchun biometrik pasport berganlik uchun BHMning 80 foizi (178 400 so‘m).

Pasport qancha muddatda beriladi?

O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijga chiqish biometrik pasporti ma'lumotlarni yig‘ish punkti tomonidan hujjatlar qabul qilib olingan kundan boshlab o‘n ish kunida, xorijda esa — diplomatik pochtani jo‘natish grafigiga muvofiq belgilangan tartibda beriladi.

Fuqaroga va unga hamrohlik qiluvchi shaxsga (shaxslarga) xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish muddati O‘zbekiston Respublikasidan zudlik bilan chiqib ketishni talab qiladigan holatlarda, shoshilinch davolanish zarurligini tasdiqlovchi viloyat va respublika miqyosidagi davlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan berilgan hujjatlar, yaqin qarindoshining og‘ir kasalligi yoki vafot etganligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lganida, chiqish huquqiga cheklov bo‘lmagan taqdirda

5 ish kunidan oshmasligi lozim.

Fuqaro xorijga chiqish biometrik pasportini yo‘qotgan taqdirda yangi pasport belgilangan tartibda pasport yo‘qolgani haqida ariza berilgan kundan boshlab bir oy ichida beriladi.

Arizani ko‘rib chiqish muddati O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq uzaytirilishi mumkin.

Pasportning amal qilish muddati qancha?

Xorijga chiqish biometrik pasporti fuqarolarga quyidagi amal qilish muddatlariga beriladi:

  • tug‘ilgan kunidan boshlab bir yoshgacha — ikki yil muddatga;
  • bir yoshdan 16 yoshgacha — 5 yil muddatga;
  • 16 yoshdan oshgan shaxslarga — 10 yil muddatga.

Amal qilish muddati tugaganidan keyin xorijga chiqish biometrik pasporti ma'lumotlarni yig‘ish punktiga topshiriladi.

Pasport berilishi rad etilishi mumkinmi?

Xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirishni rad etishga quyidagilar asos bo‘ladi:

a) agar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa — ish yuzasidan uzil-kesil sud qarori yoki boshqa qaror qabul qilingungacha;

b) agar shaxs ichki ishlar organlarining ma'muriy nazoratida bo‘lsa — nazorat to‘xtatilgungacha;

v) agar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo va shartli hukm qo‘llangan bo‘lsa — jazoni o‘tab bo‘lgunigacha yoki jazodan va shartli hukmdan ozod qilingunigacha;

g) agar shaxsda sud tomonidan yuklangan ijro etilmagan majburiyatlar bo‘lsa — majburiyatlar ijro etilgunga qadar, voyaga yetmagan bolalarni ta'minlash uchun alimentlar oldindan to‘langanligi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining ma'lumotnomalari bilan tasdiqlangan holatlar bundan mustasno;

d) agar shaxs o‘zi to‘g‘risida qasddan soxta ma'lumotlarni taqdim etgan bo‘lsa;

ye) agar shaxsga nisbatan vakolatli organlarning mazkur shaxs xorijda bo‘lganida borgan mamlakatining qonunlarini buzgani to‘g‘risidagi axboroti, shuningdek, xorijga chiqishi maqsadga muvofiq emasligini ko‘rsatuvchi axboroti (qonun buzilishlar ro‘yxati tegishli organlar tomonidan belgilanadi) mavjud bo‘lsa — u hisobga qo‘yilgan kundan boshlab ikki yil o‘tgungacha.

Buyog‘iga pasport stollarda turnaqator navbatlar yuzaga kelishi aniq. Ortiqcha vaqtingizni va naqdingzini boy bermaslikni xohlasangiz, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun bor yo‘g‘i 11 banddan iborat quyidagi ANKeTA (O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun anketa shaklini tasdiqlash haqida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 10.05.2019 y.

N 125-sonli buyrug‘i) ni mustaqil to‘ldirib boring (pasport stolda ana shu arzimagan bir parcha qog‘oz uchun «otning kallasiday» pul olishadi).

Anketani quyidagi link orqali yuklab olishingiz mumkin:

Izoh: mazkur anketa, ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari (ma'lumotlarni yig‘ish punkti)ning mas'ul xodimi tomonidan shakllantirilib, anketa bergan shaxsga tanishtiriladi hamda u tomonidan imzolanadi. Anketada ko‘rsatilgan ma'lumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.

Izoh: mazkur anketa, ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari (ma'lumotlarni yig‘ish punkti)ning mas'ul xodimi tomonidan shakllantirilib, anketa bergan shaxsga tanishtiriladi hamda u tomonidan imzolanadi. Anketada ko‘rsatilgan ma'lumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.

Toshkent davlat yuridik universiteti
Mehnat huquqi kafedrasi o‘qituvchisi
 Karimjonov Muhammadamin

Mavzuga oid