Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Baholovchilar toifalarni qanday olishadi?
Baholovchilarga toifalar berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.
Hammasi bo‘lib toifalar uchta: ikkinchi, birinchi va oliy. Mazkur holatda toifalar nafaqat mutaxassisning bilim va ko‘nikmalarini aks ettiradi, balki uning vakolatlari hajmiga ham ta'sir ko‘rsatadi. 2020 yil 1 yanvardan boshlab faqat birinchi yoki oliy toifali baholovchilar baholash to‘g‘risidagi hisobotlarni ekspertizadan o‘tkazishi mumkin.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi baholovchilarga toifalarni beradi. Talabgor u yerga quyidagilarni ilova qilgan holda ariza beradi:
• baholash tashkiloti tomonidan tasdiqlangan mehnat daftarchasidan ko‘chirma yoki “Elektron mehnat daftarchasi” tizimidan ko‘chirma;
• talabgor ishlaydigan baholash tashkiloti tomonidan tasdiqlangan baholash to‘g‘risidagi hisobotlar va baholash to‘g‘risidagi hisobotlar bo‘yicha ekspert xulosalari reyestrlari;
• baholovchi malaka sertifikatining nusxasi;
• hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun BHMning 1 baravari miqdorida to‘lov to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat.
Talabgor o‘z xohishiga ko‘ra o‘zining professional faoliyati haqida qo‘shimcha ma'lumotlarni o‘z ichiga olgan hujjatlarni taqdim etishi mumkin. Masalan, OAVdagi maqolalar, xorijiy malaka oshirish kurslaridan o‘tganligi haqida sertifikatlar, RICS, TEGoVA, Appraisal Institute, ISO 17024, NAMA, CCIM Institute va boshqa xalqaro sertifikatlar nusxalari.
Hujjatlarni ularning olinganligi to‘g‘risidagi bildirishnoma bilan birga oddiy pochta yoki elektron pochta orqali yuborish mumkin. Ikkinchi holatda ularni ERI bilan tasdiqlash lozim. Agentlik 3 kun mobaynida hujjatlarni ko‘rib chiqish yoki topshirilgan hujjatlar to‘plami to‘liq bo‘lmagan taqdirda uni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Agar arizada jo‘natuvchining elektron pochtasi ko‘rsatilgan bo‘lsa, qabul qilingan qaror to‘g‘risidagi bildirishnoma axborot tizimi orqali unga yuboriladi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 7 nafar a'zodan iborat komissiyani shakllantiradi: 3 nafar agentlikning vakili va Baholovchi tashkilotlar assotsiatsiyasi va O‘zbekiston baholovchilar jamiyatidan 2 tadan vakil. Komissiyaning yig‘ilishlari arizalar tushishiga qarab, ammo bir oyda kamida 1 marotaba o‘tkaziladi. Yig‘ilishlarda hujjatlar o‘rganiladi va har bir komissiya a'zosi baholash varaqasini to‘ldiradi.
Komissiya tomonidan qabul qilingan qaror bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi, talabgor esa bu haqda 3 ish kuni mobaynida xabardor qilinadi. Komissiya salbiy qaror qabul qilgan taqdirda, talabgor 3 ish kuni mobaynida bu haqda sabablari ko‘rsatilgan holda xabardor qilinadi. Unga u muvofiq keladiganidan pastroq toifani berishni taklif qilishlari mumkin.
Toifa berilgan talabgorga 5 yil muddatga guvohnoma beriladi. Bunday baholovchilarning ma'lumotlari maxsus reyestrga kiritiladi. Guvohnomaning amal qilish muddati tugaydigan sanadan bir oy kechiktirmasdan toifani keyingi 5 yilga tasdiqlash uchun murojaat qilish lozim. Va barcha tartib-taomil qaytadan amalga oshiriladi.
Keyinchalik baholovchining hisoboti yoki ekspert xulosasi haqqoniy emas deb tan olinganligi haqida axborot kelib tushgan taqdirda yoki baholovchining o‘zining arizasiga ko‘ra toifani pasaytirishlari mumkin. Jarayonda baholovchi ishining natijalari va sifati bo‘yicha axborot to‘planadi va tahlil qilinadi. Baholovchining amaldagi toifasiga muvofiqligi to‘g‘risida shubha tug‘diruvchi ma'lumotlar aniqlangan taqdirda, komissiya uni qayta ko‘rib chiqadi. Baholovchi uni toifasi pasaytirilgan sanadan boshlab bir yildan so‘ng tiklashi mumkin.
Hujjat 25.09.2019 yildan kuchga kirdi.
Mavzuga oid
14:59 / 04.03.2025
Texnik reglamentlarni ishlab chiqish tartibi tasdiqlandi
08:20 / 18.01.2025
Qishloq transport vositalari xavfsizligining texnik reglamenti tasdiqlandi
11:39 / 08.01.2025
Attraksionlar xavfsizligi to‘g‘risidagi texnik reglament tasdiqlandi
08:10 / 08.01.2025