O‘zbekiston | 18:53 / 30.09.2019
5006
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ochiq ma'lumotlar bazasidan foydalanishdagi muammolar ma'lum qilindi

Bugun, 30 sentabr kuni Jahon banki mutaxassislari ishtirokida «O‘zbekistonda ochiq ma'lumotlarga talab: muammolar va imkoniyatlar» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonda ochiq ma'lumotlar bazasidan foydalanish tizimidagi muammolar xususida so‘z yuritildi. 

Jahon banki tavsifiga ko‘ra, ochiq ma'lumotlar deganda kimdir tomonidan istalgan maqsadda foydalanilishi yoki qayta foydalanilishi mumkin bo‘lgan ma'lumotlarga aytiladi. Ochiq ma'lumotlar hukumat va iqtisodiyot vakillariga qo‘shimcha iqtisodiy foyda ko‘rishga yordam beradi. Ya'ni ochiq ma'lumotlar orqali yillik ko‘rsatkichlarni qiyoslab, o‘sish sur'atlarini baholash mumkin bo‘ladi.

Jahon bankining raqamli hukumat bo‘yicha katta maslahatchisi Vlad Manoilning ta'kidlashicha, ochiq ma'lumotlar dasturini ishga tushirishda asosiy rolni Davlat statistika qo‘mitasi hamda Loyiha boshqaruvi milliy agentligi amalga oshirmoqda, bu jarayonga xususiy sektor, OAV, ilmiy davralar, fuqarolik jamiyati institutlari ham jalb qilinishi lozim.

«Axborot erkinligi sohasida so‘nggi 3 yildagi erkinliklarga qaramay, O‘zbekistonda haligacha axborot olishda davlat organlari tomonidan to‘sqinlik qilinishi holatlari mavjud. Ko‘plab ma'lumotlarning elektron ko‘rinishda emas, qog‘ozlarda saqlanayotgani ham axborotning ochiqligiga daxl qiladi. Ochiq ma'lumotlarni ommaga havola etish bo‘yicha aniq boshqaruv tizimi mavjud emas. Internet tezligi pastligi, AKT infratuzilmasi yetarli darajada rivojlanmagani, sifatli kadrlar yo‘qligi ham axborot sohasidagi muammolarga sabab bo‘lmoqda. «Soxta yasalgan raqamlar» an'anasi saqlanib qolgani ham ochiq axborotdan foydalanish, ular asosida siyosiy qadamlarni ishlab chiqishga xalal bermoqda», deydi Jahon banki mutaxassisi.

Normativ-huquqiy bazani soddalashtirish orqali ma'lumotlardan foydalanishdagi to‘siqlarni yo‘qotish, ma'lumotlarni ochiqlik va yopiqlik xususiyatiga ko‘ra aniq klassifikatsiyalash, iqtisodiy o‘sishga xizmat qiladigan ma'lumotlarning ochiq va aniq bo‘lishini ta'minlash Jahon banki tomonidan O‘zbekiston uchun tavsiya qilinmoqda.

Tadbir davomida ma'lum bo‘lishicha, axborot bilan ishlovchi aksariyat shaxslar data.gov.uz (respublika ochiq ma'lumotlar portali) platformasi mavjudligidan xabardor emas, xabardor bo‘lganlar ham mazkur platformadagi ma'lumotlar aniq va sifatli ekaniga ishonch bildirmaydi.

Davra suhbati davomida OAV vakillari, ilmiy-tadqiqot institutlari mutaxassislari, dasturchilar tomonidan O‘zbekistonda davlat idoralaridan ma'lumot olishda duch kelinayotgan muammo va to‘siqlar sanab o‘tildi:

─ davlat idoralaridan taqdim etiladigan statistik ko‘rsatkichlar ko‘pincha muddat jihatdan eski bo‘ladi;

─ ma'lumotlarni mas'ul shaxslardan olish uzoq vaqt talab qiladi (yozma murojaat qilish, javob xatini kutish);

─ OAV vakillari ma'lumotlar bazalaridan foydalanishdan ko‘ra idoralarning matbuot kotiblariga murojaat qilishni ma'qul ko‘rishadi, chunki elektron resurslardagi ma'lumotlarning aniqligiga ishonishmaydi;

─ ochiq ma'lumotlar deganda aynan qaysi axborot tushunilishi haqida tasavvur mavjud emas;

─ ma'lumotlar bilan ishlashdagi metodologiya tez-tez va asossiz o‘zgartiriladi;

─ ma'lumotlar bazasi bilan professional tarzda ishlay oladigan kadrlar mavjud emas;

─ Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlarining aksariyatida ahamiyatlilik darajasi past;

─ alohida ilmiy tadqiqotlar uchun buyurtma asosida statistik kuzatuvlar olib borish juda qimmat baholanadi;

─ keng miqyosdagi so‘rovnomalar o‘tkazilmaydi, o‘tkaziladiganlarining ham natijalari ochiq emas;

 ─ gender, AKT kabi muhim sohalardagi eng elementar ma'lumotlar ham mavjud emas.

Mavzuga oid