Iqtisodiyot | 10:36 / 01.10.2019
30075
8 daqiqa o‘qiladi

Behzod Musayev QQS stavkasini 15 foizgacha tushirishga nima turtki bo‘lganini aytdi

Foto: Xalqaro press-klub

Prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yil 26 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, soliq siyosatida ayrim o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. O‘zA muxbiri ushbu islohotlar, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashdagi yangi mexanizmlarning mazmun-mohiyati haqida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi Behzod Musayev bilan suhbatlashdi.

– Prezidentimiz farmoniga binoan, 1 oktyabrdan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi amaldagi 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirildi. Ushbu o‘zgarishning ahamiyati haqida so‘zlab bersangiz.

– Mutaxassislar soliq siyosati bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirgan va qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi yuqori ekanini ta'kidlashgandi. Ammo o‘ylab ko‘ring, O‘zbekiston Respublikasi davlat budjetiga tushumning uchdan birini qo‘shilgan qiymat solig‘i tashkil etadi. Bu mamlakat oldida turgan ko‘plab xarajatlar uchun muhim manba hisoblanadi.

Bugun budjet tashkilotlarida 1,7 million aholi doimiy ish bilan band, 3 milliondan ortiq pensiya yoshidagi fuqarolar bor. Davlat tomonidan ularga har oy maosh va nafaqalar beriladi. Davlat o‘z oldida turgan ana shunday majburiyatlarni to‘la bajarishi uchun o‘tgan vaqt davomida qo‘shilgan qiymat solig‘ini 20 foizda ushlab turishga to‘g‘ri keldi.

O‘tgan yilgi soliq konsepsiyasida 2019 yil 1 yanvardan ish haqi fondiga bo‘lgan soliq yukini kamaytirish ko‘zda tutilgandi. Natijada ushbu sanadan boshlab jismoniy shaxslarning daromad solig‘i 22 foizdan yagona 12 foizga tushirildi. Sakkiz foizlik ish haqidan sug‘urta badali olish umuman bekor qilindi. Bu bir qaraganda, budjetga tushumning sezilarli kamayishiga olib kelishini anglatadi. Shu bois mutaxassislar bu o‘zgarishni katta tavakkal, deya baholagandi.

Ammo Prezident Shavkat Mirziyoyevning uzoqni ko‘zlab ish tutishi natijasida tadbirkorlar yaratilgan soliq imtiyozlaridan oqilona foydalanib, o‘z faoliyatini yanada jonlantirdi. Buning natijasida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining davlat budjetiga tushumi ikki baravarga ortishi kuzatildi. Yilning birinchi yarmida qo‘shimcha 571 ming soliq to‘lovchi aniqlandi. Daromad solig‘i davlat budjetini shakllantiruvchi uchinchi soliq turi ekanini inobatga olsak, bu muhim ahamiyatga ega ekani oydinlashadi.

Ayni shu natijalar qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini pasaytirish qarorini qabul qilishga turtki bo‘ldi. Biz 15 foizlik stavkani 2020 yil 1 yanvardan joriy etish taklifini ilgari surgandik. Ammo davlatimiz rahbari bu amaliyotni 1 oktyabrdan joriy qilish va iqtisodiyotda biznes uchun yengilliklar yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasining tushirilishi natijasida respublika miqyosida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar ixtiyorida 10 trillion so‘mdan ortiq aylanma mablag‘ tejab qolinadi.

– 15 foizli qo‘shilgan qiymat solig‘i amaliyotga joriy etilishi chog‘ida tadbirkorlik sub'yektlari oldida turgan birinchi galdagi vazifalarga to‘xtalib o‘tsangiz.

– Shu kungacha nazorat-kassa apparatlari xotirasiga yozilgan formulaga muvofiq, xarid qilingan mahsulotlar uchun 20 foizlik qo‘shilgan qiymat solig‘i saqlab qolinardi. 1 oktyabrdan bu amaliyot 15 foiz etib belgilangani bois nazorat-kassa apparatlarini qayta tizimlash zarurati tug‘iladi. Muddati tugamagan shartnomalarga esa tuzatish kiritiladi. Shuningdek, biznes sub'yektlari imzolagan har bir shartnomani qayta inventarizatsiya qilishi kerak.

– Farmonga muvofiq, yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 25 foizdan 12 foizga tushirildi. Ushbu tizimning joriy etilishi va o‘ziga xosligi yuzasidan ham o‘z fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

– Bu yildan boshlab yagona ijtimoiy to‘lov O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi daromadini shakllantiruvchi asosiy to‘lov manbai hisoblanadi. Shu bois yil boshidan mehnat haqiga soliq yukini kamaytirish jarayonida yagona ijtimoiy to‘lovni saqlab qolish va ulardan tushadigan tushumlarni keskin xavf ostiga qoldirmaslik maqsadida ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan korxonalar uchun avvalgi 25 foizlik stavka saqlab qolingan edi. Qolgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar uchun ushbu raqamlar 12 foizgacha kamaytirildi. Hozirgi kunda mamlakatimizda davlat ulushi bo‘lgan 4 ming 609 korxona mavjud. Ularda qariyb 665 mingga yaqin kishi ish bilan band. Yangi amaliyot sabab ular hisobida 2,7 trillion so‘m mablag‘ jamg‘arib qolinadi. Shu tariqa korxona o‘z faoliyatini rivojlantirish, xodimlarga qo‘shimcha maosh to‘lash imkoniga ega bo‘ladi.

– Ushbu farmon bilan tadbirkorlar hisob raqamlarini to‘xtatib qo‘yishning amaldagi tartibi bekor qilindi. Qayd etish joiz, bu tartib ijtimoiy tarmoqlarda katta aks-sado berdi. Ushbu amaliyotning ahamiyati haqida gapirib bersangiz.

– Shu kunga qadar, tadbirkor topgan daromadi haqidagi ma'lumotlarni soliq idoralariga taqdim etmagan taqdirda, soliq kodeksiga ko‘ra, ular mablag‘larining bankda aylanishiga chek qo‘yilardi. Bunday vaziyatda tadbirkor soliq idoralariga murojaat qilmasa, taqiq belgilanmagan muddatgacha davom etardi.

Hozirgi kunda 18 mingdan ortiq xo‘jalik yurituvchi sub'yektning bankdagi amaliyotlari to‘xtatilgan. Bu iqtisodiyotda pul mablag‘larining harakatlanishiga chek qo‘yish demakdir.

Prezidentimiz farmoni bilan endilikda soliq idoralari va tadbirkor o‘zaro hamkorlikda ishlashi belgilandi. Shunda ham tadbirkor daromadlarini yashirishda davom etsa, oxirgi chora sifatida cheklov belgilanadi va bu muddat 30 kundan ortiqni tashkil qilmaydi.

– Bugungi kunda soliq ma'muriyatchiligini amalga oshirishda qanday yondashuvlar ishlab chiqilmoqda?

– Axborot texnologiyalari davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida keng qo‘llanilmoqda, jumladan, soliq siyosati va uning tushumini nazorat qilish sohasida ham. Axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan soliq nazorati mexanizmlari joriy qilinmas ekan, bu islohotlarning to‘la samara bermasligi, davlat budjeti daromadlarini shakllantirishda kamchiliklarning yuzaga kelishiga olib kelishi mumkin.

Shu bois soliq organlari faoliyati bugun tubdan o‘zgartirilmoqda. Yetti xil yangi turdagi soliq nazorati mexanizmlari joriy qilinmoqda. Bu qo‘shilgan qiymat solig‘i guvohnomasini olish, bojxona deklaratsiyasi asosida kirib kelgan yuklarning elektron hisob-fakturasini joriy qilish, butun mamlakat tadbirkorlik faoliyati hisobini elektron ko‘rinishga o‘tkazish, elektron transport yuk xati joriy qilib, yo‘ldagi yuklar harakatini nazorat qilish va mahsulot tayyor bo‘lganidan so‘ng ular savdosida onlayn nazorat-kassa apparatlarini joriy qilishda namoyon.

Soliq tizimiga bu kabi amaliyotlarni joriy etishda Xitoy, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlar tajribalari o‘rganildi. Bu, o‘z navbatida, soliq to‘lovida shaffoflikni ta'minlashga qaratilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda soliq siyosati, u bilan bog‘liq o‘zgarishlar tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Mavzuga oid