Jahon | 22:52 / 01.10.2019
52526
11 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va Xitoy ajralmas sherikka aylanyaptimi? Sharq gigantlari munosabatidagi to‘rtta muhim nuqta

Foto: Izvestiya / Pavel Bednyakov

Dushmanimning dushmani – mening do‘stim, deyishadi. Darhaqiqat, Rossiya va Xitoy AQShdan uzoqlasha borgani sari so‘nggi yillarda ular o‘rtasidagi hamkorlik kuchaymoqda, deb yozadi Amerikaning Stratfor geopolitika portali.

Bir tomondan AQShning Xitoy bilan savdo urushi, ikkinchi tomondan Vashingtonning Moskvaga qarshi sanksiyalarni uzaytirayotgani ortidan sharqda ikki qo‘shni davlatning iqtisodiy aloqalari mustahkamlanib boryapti. Xitoy va Rossiya so‘nggi bir yil davomida AQShning Venesuela, Eron va Shimoliy Koreya kabi qator hududlardagi ta'sirini jilovlash uchun o‘z diplomatik pozitsiyalarini muvofiqlashtirib keldi.

Hozirga kelib Pekin va Moskva ko‘plab masalalarda Vashingtonga qarshi pozitsiyani egallagan. Ular o‘rtasidagi hamkorlik sohalari ham kengayib boryapti, bu sohalar orasida xavfsizlik masalalari ham bor. Ammo uzoq muddatli istiqbolda Xitoy-Rossiya xavfsizlik aloqalari har ikki mamlakatning AQSh bilan munosabatlari qay tarzda rivoj topishi, oxir-oqibat baribir ularning o‘zaro aloqalari holatiga bog‘liq bo‘ladi.

Harbiy hamkorlik istiqbollari

Oxotsk va Yapon dengizidagi Rossiya-Xitoy qo‘shma harbiy dengiz mashg‘ulotlari oldidan
Foto: Yuriy Yumityuk / TASS / Getty Images

Xitoy va Rossiyaning bevosita AQSh motivi ortidan rivojlanayotgan hamkorlik yo‘nalishlaridan eng asosiysi deb harbiy sohani ko‘rsatish mumkin.

Ikki davlat harbiylarning qo‘shma mashg‘ulot o‘tkazishlari so‘nggi vaqtlarda tez-tez kuzatilmoqda. Qo‘shma Shtatlarning ham Yevropa, ham Osiyodagi harbiy bazalarini kengaytirishi esa Xitoy-Rossiya qo‘shma harbiy amaliyotlarining yanada ko‘payishiga sabab bo‘ladi.

AQSh va Rossiyaning o‘rta va yaqin masofaga uchuvchi raketalarni likvidatsiya qilish haqidagi 1987 yilgi kelishuvi barbod bo‘lgani ham bu jarayonda alohida o‘rin tutadi. Bir necha yildan buyon ikkala tomon ham bir-birini bitim shartlariga rioya qilmaslikda ayblab keldi va avgust oyida Amerika shartnomadan rasman chiqdi. AQShning bu haqdagi e'lonida Rossiyaning raketalari soni bitimda belgilangan chegaradan chiqib ketgani sabab sifatida aytilgan. Ammo nafaqat Moskva, balki Pekin ham o‘rta masofaga mo‘ljallangan boshqariluvchi raketalarni rivojlantirish ustidagi ishlarini sezilarli kuchaytirgani ham Vashingtonning bu bitimdan chiqishida rol o‘ynagani shubhasiz.

Xitoy harbiy qurollar sohasida o‘sishga erishib borar ekan, Vashington bunga katta ehtimol bilan avvalo Osiyoda boshqariluvchi raketalari sonini ko‘paytirish bilan reaksiya bildiradi. Bunda amerikaliklar mintaqadagi asosiy ittifoqchilari – Janubiy Koreya va Yaponiyaga tayanadi.

Shu boisdan, Rossiya va Xitoy iyul oyi oxirida o‘tkazgan birinchi qo‘shma havo patruli harbiy harakatlari uchun aynan Yapon dengizini tanlagani ham tasodif emas.

Ushbu qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar vaqtida Janubiy Koreya Rossiyani o‘z havo hududiga bostirib kirganlikda aybladi, natijada koreyslar ogohlantirib o‘t ochishga ham majbur bo‘lishdi. Vashingtonning yuqoridagi bitimdan chiqishi mazkur holatga bevosita bog‘liq bo‘lmasligi mumkin, lekin baribir bu voqea Rossiya va Xitoyning harbiy hamkorligi yangi darajaga chiqayotganiga ishora qiladi.

Bu ikki mamlakat harbiylari o‘rtasidagi qo‘shma mashg‘ulotlar keyingi oylarda hajm va ko‘lam jihatdan kengayishi, yanada tez-tez o‘tkazib turilishini kutish mumkin. Bu – Osiyoning qaysidir nuqtasida bo‘ladigan havodagi mashqlar yoki Boltiq va O‘rta Yer dengizlarida o‘tadigan harbiy flotlardagi sinovlar bo‘lishi mumkin.

Vashington va uning ittifoqdoshlariga harbiy sohadagi birdamligini yanada aniqroq ko‘rsatib qo‘yish uchun, Pekin va Moskva harbiy sohaning boshqa yo‘nalishlarida ham kuchlarini birlashtirish imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishi mumkin. Masalan, kuzatuvchi va yonilg‘i tashuvchi tipidagi samolyotlar shular jumlasidan. Bundan tashqari, tomonlar og‘ir vertolyotlar va boshqa harbiy texnikalarni birgalikda ishlab chiqarishni ham boshlab yuborishlari ehtimoldan xoli emas.

Rossiya va Xitoy hamfikr: norozilik namoyishlarida tashqi dushmanning qo‘li bor

An'anaviy harbiy hamkorlik aloqalariga qo‘shimcha ravishda, Rossiya va Xitoy ichki xavfsizlik masalalarida ham bir-biriga ko‘makdoshga aylanayotganga o‘xshaydi.

Ikkala davlatda ham so‘nggi oylarda keng ko‘lamli norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tdi. Xitoy Hongkongdagi namoyishlarni hal qilishiga to‘g‘ri kelayotgan bo‘lsa, Rossiyada mahalliy saylovlarga muxolifatning qator nomzodlari kiritilmagani ortidan so‘nggi o‘n yillikdagi eng yirik namoyishlardan biri bo‘lib o‘tdi.

Har ikkala holatda ham hukumatlar deyarli o‘xshash yo‘l tutishdi: namoyishlar kengroq harbiy mojaroga aylanishining oldini olish uchun xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvlarni iloji boricha cheklagan holda selektiv siyosiy qarorlar qabul qilindi.

Qolaversa, bu norozilik aksiyalari vaqtida Rossiya ham, Xitoy ham AQShni ochiqchasiga namoyishchilarga yordam berayotganlikda aybladi. 

«Hongkongda tartibsizliklar boshlanishida Vashington va boshqa g‘arb davlatlarining bevosita qo‘li borligi haqidagi Xitoyning e'tirozlarini Moskva jiddiy qabul qildi», degandi Rossiya Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Mariya Zaxarova.

O‘z navbatida, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati rasmiysi Geng Shuang quyidagicha fikr bildirgan: «AQShning Moskvadagi norozilik namoyishlarini qo‘llab-quvvatlashi – Rossiyaning ichki ishlariga aralashuvni ko‘rsatuvchi bir misol. Bu esa g‘arbning gegemonlik da'vosiga ishora qiladi».

Zaxarovaning ma'lum qilishicha, Rossiya va Xitoy o‘z hududlarida bo‘lib o‘tgan norozilik aksiyalarida AQShning ishtiroki masalasida maslahatlashuvlar o‘tkazishni rejalashtiryapti.

Bu maslahatlashuvlar haqida batafsil ma'lumotlar bo‘lmasa-da, har ikkala tomon ham sherigining ichki ishlariga AQSh aralashayotgani haqidagi da'volarini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlayotganining o‘ziyoq muhim signal bo‘la oladi.

Kiberxavfsizlikda ham mushtaraklik

Kibersoha – Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi xavfsizlik aloqalarining yana bir muhim yo‘nalishlaridan biri. Ikkala mamlakatda ham dunyoning qolgan qismidan alohida mustaqil ishlay oladigan internet yaratish masalasi tobora ko‘proq muhokama qilinyapti.

Moskva buni «internetdagi suverenitet» deb ataydi. Iyul oyida Xitoy Kiberkenglik administratsiyasi (XKA) delegatsiyasi «Roskomnadzor»da mehmon bo‘lgandi. Bu kabi maxsus kibersoha delegatsiyasining Rossiyaga kelishi bundan oldin hech qachon kuzatilmagan.

Tashrif davomida XKA rasmiylari Rossiyaning eng yirik onlayn qidiruv tizimi «Yandeks» ofisida bo‘lishdi. Shuningdek, Kasperskiy laboratoriyasiga ham borib, o‘zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdi.

Xitoy tomoni bilan bunday maslahatlashuvlar Rossiyada kiberxavfsizlik bo‘yicha yangi rejalar borligini anglatadi. Moskva so‘nggi yillarda internet ustidan davlat nazoratini muntazam ravishda mustahkamlab kelyapti. Telegram messenjeri hukumatning xavfsizlik idoralariga shifrlash kalitlarini berishdan bosh tortganidan keyin uni bloklashga bo‘lgan urinishlar ham shunday dalolat.

Bundan tashqari, Rossiya keyingi yil Huawei kompaniyasining 5G tarmog‘ini joriy etish masalasini ko‘rib chiqyapti. Vaholanki, ba'zi mamlakatlar AQSh bosimi ostida Xitoyning bu kompaniyasi bilan hamkorlikdan tiyilishni afzal bilmoqda (albatta, Vashington boshqa davlatlarni Huawei`ni taqiqlashga undash bilan o‘zi kutgan natijaga erisha olmaganini ham ta'kidlash joiz).

Ayni paytda, Rossiya o‘z texnologik mustaqilligini ta'minlash uchun o‘zi ishlab chiqqan 5G infrastrukturasini rivojlantirish ustida ham ish olib boryapti. Lekin baribir mamlakat bu yo‘nalishdagi taraqqiyotda Xitoy, Yevropa va AQShdan sezilarli darajada ortda qolmoqda.

Vaziyat taqozosi bilan vujudga kelgan hamkorlik

Foto: Rossiya Mudofaa vazirligi

Rossiya va Xitoyning tobora gullab-yashnayotgan hamkorligi ayni mana shu avjda mustahkamlanib borishi ham qachondir, albatta, to‘xtaydi.

Bir tomondan, Xitoy kibersohasida davlatning ishtiroki Rossiyanikiga qaraganda ancha-muncha yuqori. Bu esa kiberxavfsizlikdagi hamkorlik aloqalari birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar ko‘rinishida emas, asosan maslahatlashuv shaklida bo‘lishini bildiradi.

Ikki mamlakatdagi shart-sharoitlar va siyosiy muhit farq qilishini hisobga olib, namoyishlarga qarshi kurashish bo‘yicha sa'y-harakatlar haqida ham shunday deyish mumkin.

An'anaviy harbiy kooperatsiyaga kelsak, bu hamkorlik chegarasini tarixan shakllangan muhim omil belgilab beradi: Rossiya va Xitoy bevosita qo‘shni davlatlar hisoblanishi, ya'ni AQSh tahdididan ham oldin ular eng avvalo bir-birlari uchun potensial xavf manbai ekanini unutmaslik kerak.

Geografik joylashuvi bois ikki davlat manfaatlari kesishadigan bir nechta hududlar bor, bunday bahsli holatlar ayniqsa chegara mintaqalariga taalluqli. Ayniqsa, Rossiyaning eng g‘arbiy hududlarida masala ancha ehtiyotkorlikni talab qiladi. Uzoq Sharqda Xitoyning mavqeyi o‘sib borayotgani fonida Moskva xitoyliklarni noqonuniy yog‘och kesish ishlarini olib borayotganlikda gumon qiladi va buni to‘xtatish uchun Xitoyga yog‘och eksportini taqiqlab qo‘yish bilan tahdid ham qilgan.

Umuman olib aytganda esa, Rossiya-Xitoy xavfsizlik aloqalari va boshqa sohalardagi keng hamkorlik zamirida har ikkala tomonning AQShga nisbatan munosabati yotadi. Hozirgi voqealar rivojida Rossiya ham, Xitoy ham AQSh tomonidan bosimga uchramoqda, bu esa ularni birgalikda chora ko‘rishga majbur qilyapti.

Lekin bu uchlikdagi balans qachondir albatta o‘zgaradi va bu ro‘y berganida Moskva-Pekin munosabatlari ana o‘sha yangilanishlarga muvofiq ko‘rinishga keladi.

Mavzuga oid