Jamiyat | 20:00 / 01.10.2019
22651
5 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda uyi buzilgan odamlar Chondirqiyot qishlog‘ida qurilish ishlarini davom ettirishmoqda – fotoreportaj

Shu yilning iyul oyida Kun.uz saytida Xorazm viloyati markazi Urganch shahrining Ashxobod ko‘chasida yashagan va yerlari davlat ehtiyoji uchun qaytarib olingan aholi va hokimlik o‘rtasida yuzaga kelgan mojaro haqida «Xorazmda uyi buzilgan odamlar norozi bo‘lishdi – viloyat hokimi 10 avgustgacha muammolarni hal qilishga va'da berdi» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi. Keyinchalik odamlarga Milliy Bankning Urganch bo‘limi tomonidan kompensatsiya pullari to‘liq tarqatildi. Jarayonni Xorazm viloyatiga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov ham kuzatib bordi, aholi bilan uchrashib, suhbatlashdi.

Xorazm viloyati hokimligi odamlar bilan hisob-kitob qilish uchun jami 394ta xonadon egasiga 70 milliard so‘mdan ortiq kompensatsiya pulini to‘liq miqdorda to‘lab berdi. Shundan so‘ng Chondirqiyot qishlog‘i hududida palatka va chartak (kapa) qurib yashayotgan odamlar yangi uy-joylarini qurish ishlarini boshlab yuborishgan edi.

Oradan 2 oy o‘tdi, kuz faslining salqin kunlari keldi. Shu sababli qurilish ishlari qanday kechayotganini o‘rganish, odamlarning kayfiyati va vaziyat bilan tanishish maqsadida yana Chondirqiyot qishlog‘iga bordik.

Ayni paytda qishloqda juda keng ko‘lamdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari davom etmoqda. Hudud 4ta qismga bo‘linib, ularning har birida mini-shtab – qarorgoh tashkil qilingan. Unda hokimlik xodimlari, quruvchi tashkilot rahbarlari aholining murojaatlarini o‘rganish, kundalik muammolarni shu joyning o‘zida hal qilish, bundan tashqari, qurilish ishlarini muvofiqlashtirish, nazoratga olish bilan shug‘ullanmoqda.

O‘tgan ikki oy ichida bu yerda ko‘plab 1 va 2 qavatli uy-joylar qad rostladi. O‘z mablag‘lariga tayanib, qurilishni ertaroq boshlagan odamlarning uylari deyarli bitgan. Turli sabablarga ko‘ra kech qolganlarniki esa faol qurilish jarayonida. Ular ham qishgacha barcha ishlarni yakunlab olishga shoshilmoqda.

«Hududiy elektr tarmoqlari» korxonasi tomonidan uy-joylarni elektr energiyasi tarmog‘iga ulash, montaj qilish ishlari bajarilgan. Elektr energiyasi ta'minotida uzilishlar yo‘q.

Shuningdek, hududni gaz bilan ta'minlash maqsadida quvurlar yotqizilgan. Qurilishi tugallangan uylar gaz tarmog‘iga bosqichma-bosqich ulab berilmoqda.

Hududni ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida katta hajmdagi ishlar bajarilmoqda. Quvurlar yotqizilyapti, uy-joylar ichimlik suvi tarmog‘iga bosqichma-bosqich ulanyapti.

Ko‘chalardan biriga asfalt ham yotqizilgan.

Qishloq hududidagi xonadonlar egalari xavfsizligini ta'minlash, jinoyatchilikning oldini olish va jamoat tartibini ta'minlash maqsadida huquq tartibot idoralari tomonidan maxsus tayanch punkti tashkil qilingan.

Hududga qurilish ishlarida foydalaniladigan maxsus texnikalar, ekskavator, buldozer va boshqa texnikalar olib kelingan. Qurilish materiallari va oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qiluvchi bozorchalar tashkil qilingan. Bundan tashqari, tibbiy xizmat ko‘rsatish punkti ham ishlamoqda.

Odamlar sovuq kunlar kelishidan oldin imkon qadar uy-joyining 1-2ta xonasini yashash uchun yaroqli holga keltirib, ko‘chib kirishgan. Ayni paytda hech kim palatka yoki kapada yashamayapti.

Qishloq hududida 900ta o‘rinli yangi maktab binosi qurilishi ham boshlangan. Rejaga ko‘ra, bu maktab keyingi o‘quv yilida chondirqiyotliklarning farzandlari uchun o‘z eshiklarini ochadi. Hozircha o‘quvchilar uzoq masofadagi maktablarga transportda qatnab, ta'lim olishmoqda.

Ayni paytda Chondirqiyot qishlog‘i hududida keng ko‘lamli qurilish, obodonlashtirish ishlari davom etyapti. Odamlar uy-joyi uchun belgilangan kompensatsiya pullarini olganidan so‘ng, ijtimoiy tajanglik ancha pasaydi, hammada ishchanlik kayfiyati hukm suryapti. Hozirgi kunda tashvishga solayotgan dolzarb masala – yomg‘irli, qorli kunlar kelmasidan oldin uy-joylarining qurilishini tugatib olishdir. Shu tufayli ishlar jadal ketmoqda.

Umid qilamizki, chondirqiyotliklar bu maqsadiga erishishadi. Kun.uz esa vaziyatni kuzatib boradi.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid