Jahon | 01:00 / 02.10.2019
6987
3 daqiqa o‘qiladi

YeXHTda bir yil avval o‘ldirilgan saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchi xotirlandi

Foto: AP

1 oktyabrda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Arlem Dezir Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligida bir yil avval o‘ldirilgan jurnalist Jamol Qoshiqchi xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

“Ushbu kun, Jamol Qoshiqchi o‘ldirilishining bir yilligida yaqindagina, jumladan YeXHT mintaqasida o‘ldirilgan boshqa barcha jurnalistlarni ham yodga olmoqdamiz. Dunyo bo‘ylab jurnalistlarga qarshi zo‘ravonlikning yoyilishi demokratik qadriyatlarimizga tahdiddir ", degan Dezir.

Qoshiqchi AQShning Washington Post nashrida sharhlovchi sifatida ishlagan va 2017 yildan AQShda yashagan. 2018 yil 2 oktabr kuni u Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligiga hujjatlarni rasmiylashtirgani kirgach bedarak yo‘qolgan. Saudiya Arabistoni davlat ommaviy axborot vositalari 20 oktyabrga o‘tar kechasi Qoshiqchi tirik emasligini, uning o‘limiga konsullik xodimlari bilan janjallashib qolgani olib kelgani haqidagi xabarni tarqatgan.

Istanbul prokuraturasi Qoshiqchining o‘ldirilishi qasddan amalga oshirilgani, uning jasadi u konsullikda bo‘g‘ib o‘ldirilgandan keyin yo‘q qilinganini ta'kidlagan. Turkiya Saudiya Arabistonidan jinoyatchilarni ekstraditsiya qilishni va jurnalist jasadi qayerda ekanligini ma'lum qilishni talab qilib kelmoqda.

Saudiya Arabistoni bosh prokuraturasi bayonotiga ko‘ra, Qoshiqchining o‘ldirilishi ishi bo‘yicha 21 kishi hibsga olingan. Qotillikning besh nafar bevosita ishtirokchisi uchun prokuratura o‘lim jazosini talab qilgan. Arab ommaviy axborot vositalari Saudiya Arabistoni hukumatining xatti-harakatlarini tanqid qilgan Qoshiqchini o‘ldirish haqidagi buyruq podshohlik taxtiga nomzod - valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon tomonidan berilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminni ilgari surgan. Biroq Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirligi valiahd shahzodaning ushbu jinoyatga hech qanday aloqasi yo‘qligi haqida bir necha marotaba ta'kidlagan.

Avvalroq valiahd shahzoda jurnalist uning navbatchiligi vaqtida o‘ldirilgani sababli uning o‘limi uchun javobgar ekanini tan olgandi. 

Mavzuga oid