O‘zbekiston | 20:08 / 04.10.2019
23254
3 daqiqa o‘qiladi

Quyosh energiyasi bo‘yicha tender g‘olibi O‘zbekistonga bir kilovatt elektrni 2,6 sentdan yetkazib bermoqchi

Bugun O‘zbekiston Moliya vazirligida quyosh energetikasiga davlat-xususiy sheriklik (DXSh) investitsiyalarini jalb qilish bo‘yicha mamlakat tarixidagi birinchi ochiq tender g‘olibini e'lon qilish yakunlari bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Kun.uz muxbiri. BAAning Masdar Clean Energy kompaniyasi tender g‘olibi deb e'lon qilindi. Ushbu kompaniya quyosh energiyasini kilovatt-soatini atigi 2,679 sentga yetkazib berish taklifi bilan chiqdi, bu rivojlanayotgan bozorlardagi eng past tariflardan biridir.

Jahon banki guruhining Scaling Solar dasturi doirasida DXSh loyihasining amalga oshirilishi mamlakat energetika balansiga 100 MVt qayta tiklanadigan sof energiya qo‘shilishini ta'minlaydi.

Ushbu loyiha O‘zbekiston hukumatining mamlakat energetika balansini diversifikatsiya qilish maqsadida 2030 yilga kelib 5 gigavattgacha quyosh energiyasi ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan sa'y-harakatlarining bir qismidir.

Matbuot anjumanida bosh vazir o‘rinbosari, moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov birinchi tenderning muvaffaqiyatli natijalarini inobatga olgan holda, O‘zbekiston hukumati yaqin vaqtda qo‘shimcha 400 MVt quyosh energiyasi uchun DXSh bo‘yicha yana bir tender va undan keyin 500 MVt uchun tender o‘tkazilishini e'lon qildi. 

"Pilot loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilgandan so‘ng, O‘zbekistonda zarur tajriba to‘plangan va quyosh energiyasini rivojlantirish dasturining navbatdagi bosqichini tezda boshlash uchun kadrlar salohiyati yaratilgan", dedi DXShni rivojlantirish agentligi rahbari G‘olib Xoljigitov. - O‘zbekiston iqtisodiyoti jadal sur'atlar bilan o‘sib bormoqda va 2030 yilga kelib energiyaga talab 50 foizga oshishi kutilmoqda, shuning uchun qayta tiklanadigan energiya manbalari uning muhim qismini tashkil qilishi muhim hisoblanadi".

Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) kelishuvlar bo‘yicha maslahatchi sifatida O‘zbekistonga DXSh tenderini ishlab chiqish va o‘tkazishda yordam berdi, dastlabki kvalifikatsiyadan o‘tgan 11 ta talabgor jalb etildi, natijada 5 ta tanlov zayavkasi kelib tushdi. Xususiy sarmoyadorlarning ortib borayotgan qiziqishi energetika sohasi an'anaviy ravishda davlat tomonidan nazorat qilinadigan mamlakatda yangi ufqlarni ochadi.

"Biz mamlakatdagi birinchi ochiq davlat-xususiy sheriklik tenderi orqali O‘zbekistonda quyosh energetikasi uchun yangi bozorlarni ochayotganimizdan faxrlanamiz", dedi Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha IFC direktori Vibke Shlyomer. - Ushbu DXSh loyihasining muvaffaqiyati kelgusida xususiy sektorning mamlakat iqtisodiyotida ishtirok etishiga zamin yaratadi va jahon investitsiyaviy hamjamiyatiga ijobiy signal yo‘llaydi".

Dastur Avstriya Moliya vazirligi va Shveytsariyaning Iqtisodiy aloqalar bo‘yicha davlat kotibiyati hamda Niderlandiya hukumati qo‘llab-quvvatlovi ostida amalga oshiriladi.

Mavzuga oid