«Navoiy» aeroportida xalqaro kur'yerlik jo‘natmalarining bojxona rasmiylashtiruvi vaqtincha to‘xtatildi. Yechilishi zarur bo‘lgan muammolar talaygina
O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan qator OAV vakillari uchun «Navoiy» aeroportida xalqaro kurerlik jo‘natmalari (XKJ) ishlovi vaqtincha to‘xtatilgan bojxona postiga press-tur tashkil etildi.
Unda qatnashgan «Kun.uz» muxbirining xabar berishicha, hozirgi kunda O‘zbekistonda 120 ga yaqin kompaniya XKJ tashish bilan shug‘ullanadi. Deyarli butun dunyoni zabt etgan elektron tijorat va xizmat ko‘rsatish sohasi kelajakda nafaqat iste'mol tovarlari importi, balki mahalliy mahsulotlar eksporti hajmi va geografiyasini oshirish borasida mamlakat uchun yangi imkoniyatlar haqida gapirishga ham imkon beradi.
O‘zbekiston hududida aynan xalqaro kurerlik va pochta jo‘natmalarini bojxonada rasmiylashtirish maxsus bojxona zonalarida amalga oshiriladi. Hamma transport vositalari orqali «O‘zbekiston pochtasi» manziliga kelgan xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari Markaziy shimoliy vokzal hududida, 2016 yil fevral oyidan boshlab «CRT-pochta» manziliga o‘tkazilgan "Bosh pochtamt" bojxona postida esa avia aloqa va avtotransport orqali yetib keladigan xalqaro kurerlik jo‘natmalari rasmiylashtiriladi.
2018 yil avgust oyida Toshkent shahridagi aeroport bandligini kamaytirish va «Navoiy» aeroportining logistika markazi tariqasidagi maqomini qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Turkish Airlines» kompaniyasining muntazam reyslari Navoiy aeroportiga o‘tkazilgandi. Shu tariqa xalqaro kurerlik jo‘natmalarining bojxona nazorati Navoiy xalqaro intermodal logistika markazi (XILM) hududida 1 gektar maydonni egallagan yuk terminalida amalga oshirila boshlandi. Bu yerda tijorat kargo-yuklarining katta miqdordagi partiyalari yetkazib berilar va tushirilardi. Bir yil davom etgan kurerlik yuklarining bojxona nazorati shu yilning sentyabridan tezkorlik bilan Toshkentga o‘tkazildi.
Tomdan chakki o‘tishi natijasida qimmatbaho uskunalarga zarar yetmoqda
Press-turda «Navoiy» aeroporti bojxona boshqarmasi boshlig‘i Jasur Ishonqulov mazkur holat yuzasidan quyidagicha izoh berdi:
- O‘tgan yilning sentabr oyida biz uchun ajratilgan 300 kvadrat metr maydondagi yuk kargo-terminalida ko‘ruv tizimini yo‘lga qo‘ydik. Ammo «Navoiy» aeroporti direksiyasi xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalarini boshqarish va rasmiylashtirish uchun tegishli shart-sharoitlarni taqdim eta olmagani bois joriy yil sentabr oyida bojxona posti ishi vaqtincha to‘xtatilgandi. Vaholanki, bu masala O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil aprelda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida ham ko‘tarilgan edi. Shu sababli Turkiyadan «Navoiy» aeroportiga kelgan barcha xalqaro kurerlik yuklari muhrlanadi va nazorat ostida yer usti transporti orqali majburiy bojxona ko‘rigidan o‘tish uchun vaqtincha Toshkentga yo‘naltirilmoqda.
Jasur Ishonqulovning aytishicha, terminalda XKJ bojxona nazorati, ko‘ruvi va rasmiylashtirilishini o‘tkazish uchun alohida ajratilgan maydon mavjud emas. Bojxona tomonidan to‘xtatib qo‘yilgan (to‘lovlar tufayli yoki kurerlarda zarur ruxsatnomalar yo‘qligi sababli) yuklarni saqlash uchun alohida joylar jihozlanmagan, bojxona posti xodimlari ishlashi uchun tegishli sharoitlar yaratilmagan. Terminalning ko‘p joylarida, xususan, rentgen apparati o‘rnatiladigan joyda tomdan chakki o‘tadi. Bu esa o‘z navbatida qimmatbaho uskunalarga zarar yetkazmoqda.
Prezident qarorida qayd etilgan sharoitlar yaratilmagan
Ma'lum bo‘lishicha, yil davomida bojxona ko‘rigi mobaynida shunday og‘ir ish sharoitlarida 40 ga yaqin qonunbuzarlik holatlari: 185 million so‘mlik qalbaki mahsulotlar borligi aniqlangan.
- Toshkent aeroportidan yuklarni qabul qilish Andijon, Farg‘ona, Namangan, Sirdaryo viloyatlaridagi fuqarolar uchun juda qulay. Navoiydan esa Qashqadaryo, Qoraqalpog‘iston va xorazmlik yurtdoshlarimiz yuklarini qabul qilib olishda qator imkoniyatlarga ega bo‘lishadi. Ammo Navoiyda bojxona xodimlarining ishlashi uchun sharoitlar hozircha mavjud emas. Biz fuqarolarning mollari yomg‘irda qolayotgani, ulardan shikoyatlar kelib tushayotgani haqida Navoiy aeroporti direktori nomiga rasmiy murojaatlar yubordik. 2019 yilning may oyidan sentyabrgacha kutdik, ammo hech narsa qilinmadi.
Bundan tashqari, yana bir nechta muhim jihatlar bor. Bojxona nazorati zonasini begonalar uchun yopib qo‘yishning iloji yo‘q, chunki alohida bino mavjud emas. Yaqinda pardali to‘siqlar o‘rnatildi, ammo u haqiqatan ham steril maydon bo‘lishi kerak, bu yerda «qo‘shimcha» yuklar bo‘lmasligi lozim. Aytish kerakki, ushbu bino avval-boshdanoq bojxona rasmiylashtiruvi uchun qurilmagan, import va eksport mahsulotlari ham shu yerda joylashgan. Hudud yuk, logistika, ya'ni tijorat va katta hajmli yuklar uchun mo‘ljallangan. Shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 24 noyabrdagi qaroriga binoan, tovarlarni qabul qilish punktlarida XKJni onlayn hamrohlik, maxsus kameralar hamda DBQ (Davlat bojxona qo‘mitasi)ning markaziy apparatiga ulash imkoniyati ko‘zda tutilgan uzluksiz Internet tarmog‘i bo‘lishi zarur. Aeroport bularni ta'minlamadi, sharoitlar yaratilmadi, - dedi J.Ishonqulov.
«Qisqa vaqt ichida hamma narsani tuzatamiz»
Tadbirda ishtirok etgan «Navoiy» aeroporti direktori Timur Babayev jurnalistlarning bojxona qo‘mitasining barcha talablari qay tarzda va qancha muddatda bajarilishi haqidagi savollariga javob berar ekan, bajarilish muhlati va buning uchun sarflanadigan sarmoyalarning to‘liq hajmi haqida aniq fikr ayta olmadi.
«Biz taxminiy budjetni bilamiz: kamera uchun 300 million so‘m va to‘siq panjaralari uchun 250 million so‘m. Ammo qishda tomni ta'mirlamasligimni o‘zlaringiz ham tushunasizlar. Agar biz ishni shartli ravishda mart oyida boshlasak, ikki oy ichida bu masalalarni yopamiz. May davomida muammolarning deyarli 90 foizini bartaraf etdik. Bir guruh mutaxassislar hududimizni o‘rganishdi, ularning asosiy sharti sterillik edi. Lekin bu birinchi navbatda yuk terminali ekanligini e'tibordan qochirmaslik kerak.
Aeroport orqali haftasiga 200 tonnadan 300 tonnagacha yuk keladi. Shularning uchdan bir qismi kurerlik jo‘natmalari. Terminalimiz yong‘in va xavfsizlik texnikasi nuqtai nazaridan yuk ombori hisoblanadi. Qisqa vaqt ichida hamma narsani tuzatamiz», – dedi Timur Babayev.
Ayni paytda «Navoiy» aeroportidagi sharoitlar bojxona talablariga javob bermayotgani va lekin, Turkiyadan XKJ katta miqdorda kelishda davom etayotgani tufayli barcha tovarlarni zudlik bilan yomg‘irli mavsumdan oldin Toshkentdagi bojxona nazoratining hamma qoidalariga muvofiq jihozlangan «Bosh pochtamt» TIF bojxona posti hududiga yuborishga qaror qilindi.
15 kunda 86 million so‘mlik mahsulotlar musodara qilindi
Tadbirkorlar «Navoiy» aeroportida yuk qabul qilib, ularni mustaqil ravishda Toshkentdagi bojxona postiga yuboruvchi kurerlarga ko‘rsatiladigan xizmatlarning narxini pasaytirishganini alohida ta'kidlash joiz.
«XKJni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish uchun Navoiy shahridan bizning hududimizga o‘tkazilganidan so‘ng ushbu kurer yuklari uchun bir ish kuni chegarasida bir kilogramm yuk ko‘ruvi uchun QQS hisobga olinmagan holda 450 so‘m miqdorida maxsus chegirmani o‘rnatdik. Biz ushbu choralarga Davlat bojxona qo‘mitasining iltimosiga binoan, Navoiyda tegishli sharoitlar yaratilgunga qadar rozi bo‘ldik. Mazkur xarajatlarga yuklash va tushirish, yuklarni qayta ishlash, shuningdek XKJ ortilgan muhrlangan transport vositalarini 3 kun davomida bepul saqlab turish kiradi. Muddat tugagach, bojxona omborida to‘xtab turish vaqti uchun kurerlarning o‘zlari tonnasiga qarab kuniga 100 ming so‘m miqdorida pul to‘laydilar. Asosan kurerlarning aybi bilan dastlabki deklaratsiyaning yoki bojxona rasmiylashtiruvi uchun zarur bo‘lgan boshqa hujjatlarning yo‘qligi bois avtomashinalar turib qoladi. Dunyoning 189 mamlakatidan kelgan boshqa barcha kurerlik jo‘natmalari uchun bizda QQSsiz 775 so‘mlik stavka mavjud bo‘lib, bu tarif 2016 yildan beri o‘zgarmagan», - dedi «SPT-pochta» asoschisi Aleksandr Yan.
«Navoiy shahridan kurer jo‘natmalariga kelsak: yuklar Toshkentga bojxona ko‘rigidan o‘tkazishga yuborilganidan keyin 15 kun mobaynida deklaratsiya qilinmagan mahsulotlar bilan bog‘liq 13 ta holat qayd etildi. Kontrabanda va taqiqlangan 86 million so‘mlik mollar musodara qilindi, 700 million so‘mdan ortiq to‘lovlar undirildi. Shuningdek, bizning vaqtincha saqlash omborimizda vaziyatga aniqlik kiritilmagunicha yoki egalari bojxona to‘lovlarini to‘lamaguncha 25 tonna yuk to‘xtatib qo‘yilgan», - dedi «Bosh pochtamt» posti boshlig‘i Sherzod Bakiyev.
Mirolim Isajonov,
«Kun.uz» muxbiri
Mavzuga oid
20:03 / 18.11.2024
Yevropaning eng gavjum aeroporti nomi e’lon qilindi
19:31 / 14.11.2024
Aeroportga ishga joylashtirish evaziga 1,5 ming dollar olgan xodim ushlandi
19:40 / 05.11.2024
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi 3 ta chegara bojxona postlarida transport harakati vaqtincha to‘xtatiladi
16:28 / 01.11.2024