O‘zbekiston | 14:46 / 04.10.2019
38954
7 daqiqa o‘qiladi

Parkentdagi holatga munosabat: «Shirkni Alloh taolo kechirmaydi»

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqda ayollar va bolalar kimningdir qabrini tavof qilayotgani, zinalarga bosh qo‘yib, sajda etayotgani tasvirlangan video tarqaldi.

Azon.uz saytining You tube kanaliga joylashtirilgan videolavha Toshkent viloyati Parkent tumanidagi Zarkent qishlog‘ida joylashgan «Zarkent bobo» ziyoratgohida olingani aytilgan. 

Lavhada voyaga yetmagan bolalar ham kattalar ortidan turli harakatlarni takrorlayotganini ko‘rish mumkin.  

Videolavhani suratga olgan shaxs bu amallar eng katta gunoh bo‘lmish shirk ekani, islom diniga zidligi, dindan uzoqlashish, islomning asl mohiyatini anglamaslik oqibatida kelib chiqayotgani, bunday amallar kasofatidan yurtimizdan baraka ko‘tarilayotgani, tog‘lardagi buloqlar qurib qolayotgani haqida gapirgan. 

«Bunaqasini qayerda ko‘rgansiz? Bundan ortiq shirk bormi? Har bir zinaga bosh qo‘yib, sajda qilishyapti», — deydi u.

Holat yuzasidan yuzasidan «Shayx Zayniddin» jome masjidi imom xatibi Yahyo Abdurahmonov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Ahli sunna val jamoaning ziyorat borasidagi e'tiqodi bo‘yicha u umuman rad qilinmaydi, shuningdek ibodat maskaniga ham aylantirilmaydi. Hozirda ba'zi insonlar ziyoratgohlarga borib farzand, boylik, dunyo va boshqalarni so‘rashni urfga aylantirmoqda.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam shunday marhamat qilganlar: «Qabrlarni ziyorat qilinglar. Sababi u yer oxiratni eslatadi». Biz olamdan o‘tgan ota-bobolarimiz bo‘ladimi, aziz ahli ilmlar bo‘ladimi yoinki yaqinlarimiz bo‘ladimi — ularning ziyoratiga borgandagi e'tiqodimiz shu bo‘lishi kerak. Ularning yonlariga borganda Qur'on tilovat qilish orqali mening ham farzandlarim mana shunday inson bo‘lsin, deya Alloh taolodan so‘rash mumkin. Ikkinchi bir tomoni, boyning ham, kambag‘alning ham — barchaning keladigan joyi shu ekan-da, deb inson o‘ziga xulosa qilishi lobud.

Bugun afsuslar bilan aytishimiz kerakki, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan Parkent tumanida bo‘lgan hodisa, ya'ni insonlar yosh bolalar bilan birga o‘sha ziyoratgohni Allohning uyi bo‘lmish Ka'batullohdek tavof qilishi, ustun va zinalarni o‘pishi bizning dinimizda taqiqlangan shirk deb atalmish yomon amalning o‘zi hisoblanadi», — dedi Yahyo Abdurahmonov.

Imomga ko‘ra, Alloh taolo O‘ziga qilingan ibodatlar sababidan gunohlarni kechiradi. Illo, shirkni kechirmaydi. Shirk o‘zi nima? Shirk bu Allohning yagonaligiga ishonmaslik, undangina so‘rashimiz lozim bo‘lgan ne'matlarni boshqalardan so‘rashdir. Unga o‘zgalarni sherik deb bilishdir.

Sobiq ittifoq davrida odamlarni dindan uzoqlashtirishdi. Asl islomni yo‘qotish uchun uni cheklashni boshlashdi. Insonlarni islomdan uzoq tutish siyosati amalga oshirildi. Natijada insonlar mana shunday shirk amallarga berilishni boshlashdi.

«Ziyoratgohlarni tavof qilish ko‘paydi. Yomon tush ko‘rsa ham Bahovuddin Naqshbandiy qabriga bordi, ishida bir muammo paydo bo‘lsa ham Zangi otaga bir narsa atadim degan amal qilish xalqimizda avj olib ketdi. Afsuski, hozirgi kunda ham mana shunday tushuncha juda ko‘p insonlarimizda qolib ketdi. Xalqimiz farzand bo‘lmasa ham, er-xotin o‘rtasida janjal bo‘lsa ham, Zangiota yoki shu kabi ziyoratgohlarga borib yechim so‘rashga o‘rganib qoldi.

Mana yaqinda Buxoroda bo‘lgan voqeani misol tariqasida aytishimiz mumkin. Hazrat Naqshbandiyning ziyoratgoh maydonida eski daraxt bo‘lardi. Shu daraxtni ham ilmi yo‘q insonlar iloh darajasiga olib chiqib, tavof qilib, iplarni bog‘lashni boshlab yubordi. So‘ng bu narsa O‘zbekiston Musulmonlar idorasi fatvo kengashi qarori bilan yo‘q qilindi. Maqsad xalqimiz noto‘g‘ri e'tiqodda bo‘lmasin deyildi.

Shunday insonlar fikr qilishi kerak. Agar ular rostdan ham insonlarga farzand bersa, kambag‘alni bir zumda boy qila olsa, ularning sifati Alloh bilan teng bo‘lib qolardi va o‘lmasligi kerak edi.  Biroq ular ham oddiy bir banda», — deb tushuntirdi «Shayx Zaynitdin» jome masjidi imom xatibi.

Unga ko‘ra, aziz avliyolar hurmat, havas qilinishi kerak, ammo ular ilohiylashtirilishi kerak emas. Ularga ham oddiy inson kabi qarash zarur. Barchasi Allohdan ekanini unutmaslik kerak. Faqatgina undan so‘rashimiz va o‘zigagina ibodat qilishimiz lozim. Payg‘ambarimiz s.a.v. «hatto oyoq kiyimingizning ipi yo‘qolsa ham Allohdan so‘rangiz», deb aytganlar. Oddiy narsa ham Allohdan so‘ralishi va doim harakatda bo‘lish kerak.

So‘nggi vaqtlar insonlarga Qur'on va hadis ilmini yetkazishga oid bir qator ishlar amalga oshirildi. Islom ilmini to‘g‘ri yetkazish bo‘yicha davlat rahbari ham diniy ulamolarga alohida topshiriqlar berdi. Biroq sobiq ittifoq siyosati sabab o‘tgan davr mobaynida odamlarimiz islom ilmidan ancha uzoqlashdi, uning asl mohiyatidan mosuvo qilindi. Imom xatib aytganidek, Musulmonlar idorasi va shu kabi mas'ul tashkilotlarning insonlarda haqiqiy islom ilmi shakllanishida qilishlari lozim bo‘lgan anchayin vazifalar turibdi.

Bundan tashqari, yuqoridagi holatlar boshqa ziyoratgohlarda ham yuzaga kelmasligi uchun yetarli choralar ko‘riladi, degan umiddamiz. Toshkent viloyati Parkent tumanidagi ziyoratgohda bo‘lgan holatga mas'ullar alohida e'tibor qaratishlari va bunga ijobiy yechim berishlarini kutib qolamiz.

Jurnalist Zafarbek Solijonov,
Operator Sherzod Egamberdiyev

Mavzuga oid