O‘zbekiston | 18:24 / 04.10.2019
9301
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident administratsiyasi huzurida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tashkil etildi

Foto: Shutterstock

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda iqtisodiy tadqiqotlar sifati va rolini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Iqtisodiy tadqiqotlar markazi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga aylantirildi.

Markazning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

chuqur ishlangan, shu jumladan, rivojlangan xorijiy mamlakatlarda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan amaliyotlarni hisobga olgan holda, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish strategik yo‘nalishlari, iqtisodiyot, moliya, tadbirkorlik va ijtimoiy sohada boshqaruvni takomillashtirish bo‘yicha tahliliy va amaliy tadqiqotlar o‘tkazish;

global va mintaqaviy tahdidlarni hisobga olgan holda iqtisodiyot va ijtimoiy sohadagi muhim tizimli muammolarni hal etish choralarini ishlab chiqish maqsadida davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, tadbirkorlik sub'yektlari va boshqa manfaatdor tomonlar o‘rtasida samarali tarmoqlararo va idoralararo hamkorlikni joriy etish;

ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yoki istiqboldagi strategik vazifalarni hal etishning eng maqbul yo‘llarini topish uchun davlat organlari va tashkilotlarining mablag‘lari hamda vositalarini samarali safarbar etish, birlashtirish va ulardan oqilona foydalanishda ko‘maklashish;

zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda zamonaviy iqtisodiy modellashtirish vositalaridan foydalangan tarzda ishlab chiqilgan va amalga oshirilayotgan iqtisodiy siyosat ssenariylari va natijalarini tahlil qilish;

hududlarni kompleks rivojlantirish, raqobatdosh ustunliklaridan kelib chiqqan holda respublika hududlarini rivojlantirish va ixtisoslashtirish bo‘yicha strategik yondashuvlarni shakllantirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish, shuningdek mavjud salohiyat, manbalar va zaxiralarni samarali amalga oshirish;

ishlab chiqilgan va amalga oshirilayotgan tashabbuslar hamda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining iqtisodiyot va ijtimoiy sohaga ta'sirini baholashni tashkil etish, ularni tuzatish bo‘yicha takliflar bilan chiqish;

iqtisodiyotga tartibga soluvchi yukni optimallashtirish, huquqni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirish, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi qonun hujjatlari va boshqa hujjatlar loyihalari sifatini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sohasida xalqaro tashkilotlarning O‘zbekiston Respublikasiga ekspert, axborot-tahliliy va boshqa texnik ko‘mak materiallaridan samarali foydalanish mexanizmlarini umumlashtirish va ishlab chiqish;

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasining iqtisodiyot va ijtimoiy sohani isloh etish masalalari bo‘yicha axborot-tahliliy ta'minoti;

mahalliy va xorijiy olimlar hamda mutaxassislar ishtirokida konferensiyalar, davra suhbatlari va seminarlarda iqtisodiy rivojlanish, ijtimoiy soha va mintaqalarning dolzarb masalalarini ommaviy axborot vositalarida ochiq muhokama qilishni tashkil etish;

xalqaro iqtisodiy va moliyaviy institutlar, xorijiy tahliliy markazlar va ekspertlar bilan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qilish hamda ushbu sohada davlat siyosatining samarali choralari bo‘yicha takliflar kiritish.

Belgilab qo‘yilishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, investitsion va tashqi savdo siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisining o‘rinbosari bir vaqtning o‘zida Markaz direktori hisoblanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid