Jamiyat | 18:50 / 09.10.2019
81976
6 daqiqa o‘qiladi

Bobo bo‘lish ham, hokim bo‘lish ham qiyin - yoxud Mirishkor tuman hokimi va «o‘g‘ri bobo» voqeasi qanday bo‘lgan?

Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati Mirishkor tumani hokimi Ravshan Komilov fermer dalasidan makkajo‘xori so‘talarini yulib chiqqan boboni nevaralari oldida izza qilgani tasvirlangan video yuzasidan o‘rganish ishlari olib borish uchun voqea joyida bo‘ldi. Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqov voqea yuzasidan Kun.uz’ga ma'lumot berdi.

Voqea joriy yil 29 sentabr kuni tumanning «Guliston» QFY hududida ro‘y bergan. Tuman markazidan nevaralari bilan qaytayotgan fuqaro Sayfulla Muhammadiyevning so‘zlariga qaraganda, nevaralari makkajo‘xori dalasidan makkajo‘xori terib, uyga olib borib, qaynatib berishini so‘ragan. Shu maqsadda «Danagidan mag‘zi shirin» deganlaridek, Sayfulla aka ham mashinasini yo‘l chetiga oladi. Makkajo‘xori egasini izlay boshlaydi (yoshi oltmishga borgan inson 5–10 dona makkajo‘xori uchun yolg‘on gapirmasa kerak).

— Nevaralar holi-jonimga qo‘yishmaganidan keyin «fermer qishloqdoshim bo‘lsa, uni ko‘rganimda so‘ta olganimni aytaman», deb fikr qildim, — deydi Sayfulla aka. — Ungacha nevaralarim dalaga kirib, o‘n donacha makkajo‘xorini terib chiqishgandi. Shu payt tuman hokimi kelib qoldi. Bir tomondan hokimning «qattiq» gaplari to‘g‘ri. Xato mendan o‘tdi. Ammo, asl bo‘lgan voqeani so‘zlab berishga imkoniyat bermadi. Turli kamsituvchi va obro‘sizlantiruvchi so‘zlar bilan «siyladi».

Boboning bu hikoyalaridan so‘ng biz ham taqa-taq to‘xtadik. Nevaralari quvonchi uchun «o‘g‘ri» deb laqab olgan bobo haqmi yoki tuman hokimi?

Shu joyda masalaga oydinlik kiritish maqsadida tuman hokimi Ravshan Komilovga ham yuzlandik.

— Inkor etmayman, — deb so‘z boshladi tuman hokimi. — Haqiqatdan ham qizishib ketdim. Sababi — «Mirishkor stroy sentr» MChJ tumandagi g‘alladan bo‘shagan yer maydonlariga takroriy ekin sifatida makkajo‘xori, sabzi va dukkakli mahsulotlar yetishtirish bo‘yicha fermerlar bilan shartnoma tuzgan. Unga ko‘ra, 1 million 500 ming AQSh dollariga teng mahsulotlar noyabr oyiga qadar Rossiya va Qozog‘iston davlatlariga eksport qilinishi rejalashtirilgan. Ammo, hozirgacha 417 ming dollarlik dukkakli mahsulotlar eksport qilindi.

Voqea sodir bo‘lgan joyda «Qurbonov Xolmurod» fermer xo‘jaligi «Mirishkor stroy sentr» MChJ bilan shartnoma tuzgach, MChJ 100 gektar maydonga 15 ming AQSh dollar evaziga fermer xo‘jaligiga Ispaniyadan 1 tonna 800 kg makkajo‘xori urug‘ini yetkazib bergan. Ayni paytda fermer xo‘jaligi yetishtirgan 600 tonna makkajo‘xori doni chet elga eksport qilinishi mo‘ljallanmoqda.

Ko‘p marta makkajo‘xori dalalarida o‘g‘irliklar (tunda makkajo‘xorilarni terib ketish holatlari kuzatilgan ekan) sodir bo‘lganini eshitganim sababmi, bilmadim, qizishib ketdim. Sayfulla aka vaziyatni oydinlashtirishiga ham imkon bermadim. Keyin, ushbu videoni «Mirishkor stroy sentr» MChJ rahbariga jo‘natdim. Jamiyat rahbarlari ushbu videoni xodimlariga «e'tiborli bo‘linglar», degan maqsadda jo‘natgan.

Natijada, ijtimoiy tarmoqlarga tarqalib ketgan. Asl holatni bilib bo‘lganimda esa — kech bo‘lgandi. To‘g‘ri, hokim sifatida qo‘pol so‘zlarni umuman ishlatmasligim kerak edi. Xato qildim va xatomni anglab yetdim. Buning uchun xalqimizdan uzr so‘rayman va bu holat takrorlanmasligiga va'da beraman. Menga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishiga ham roziman, — dedi Mirishkor tuman hokimi Ravshan Komilov.

Ko‘rib turganingizdek, masala yuzaki qaralganidan jiddiy. Chunki, qonuniy jihatdan ko‘rib chiqiladigan, muhokama qilinadigan jihatlar anchagina. Bugungi axborot asrida «hokim — haq, bobo — aybdor» desangiz ham, «bobo — haq, hokim — aybdor» desangiz ham muhokamaga so‘z topiladi.

Onlayn nashrlardan birida ta'kidlanganidek, «Tuman hokimining mahsulot eksporti haqida qayg‘urishi tahsinga loyiq, albatta, ammo u fuqaroga nisbatan tilga olib bo‘lmaydigan qo‘pol so‘zlarni ishlatmasligi va izza qilmasligi kerak, nazarimizda. Xususan, buni kuzatib turgan yosh bolalar qarshisida».

Biroz avval mazkur holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati prokuraturasi organlari tomonidan ham tekshirish harakatlari olib borilayotgani Bosh prokuratura axborot xizmati tomonidan ma'lum qilindi. Shunday ekan, endi prokuraturaning xulosasini kutamiz.

 

Mavzuga oid