Iqtisodiyot | 21:30 / 09.10.2019
14937
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirish konsepsiyasi loyihasida YeOIIga a'zolik haqida ikki marta tilga olingan

7 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi joylashtirildi. Loyiha muhokamasi 22 oktyabrga qadar davom etadi.

Hujjat O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan. Konsepsiya loyihasida Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) haqida ikki marta eslab o‘tilgan.

Hujjatga ko‘ra, konsepsiya amalga oshirilishining birinchi bosqichida (2019-2021 yillar) O‘zbekistonda YeOII a'zolari va boshqa qator davlatlar bilan erkin savdo kelishuvi imzolanishi hisobiga tashqi savdo hajmi kengayishi kutiladi.

Ikkinchi bosqichda esa (2022-2025 yillar) mamlakat YeOII va JSTga a'zo bo‘lib kirishi, savdo siyosati va eksport liberallashuvi, tarifsiz savdo to‘siqlarini ko‘rib chiqish va shartnomalarni JST normalariga muvofiqlashtirish bo‘yicha izchil tadqiqotlar o‘tkazilishi kutiladi.

Uchinchi bosqichda esa iqtisodiyotning xomashyo eksportidan innovatsion rivojlanish turiga o‘tilishini, eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiyotning jadal rivojlanishini ta'minlash ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada O‘zbekistonga tashrifini amalga oshirgan Rossiya federatsiyasi Federatsiyalar kengashi raisi Valentina Matviyenko O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish masalasini ko‘rib chiqayotgani to‘g‘risida ma'lumot bergandi.

Keyinroq Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish imkoniyatlarini uch yildan beri o‘rganayotganini ma'lum qildi va shu bilan birgalikda O‘zbekiston milliy manfaatlarga raxna soluvchi hech qanday shartnomaga qo‘l qo‘ymasligini ta'kidladi.

Mavzuga oid