Jamiyat | 11:00 / 13.10.2019
78384
13 daqiqa o‘qiladi

«Talabalik – oltin davrim»mi yoki «qashshoqlikka sabrim»mi?  

Yangi o‘quv yili arafasida oliy ta'lim tizimida bir qator o‘zgarishlar va yangiliklar joriy etilishi ma'lum qilindi. Unga ko‘ra, kontrakt oshib, stipendiya kamayishi ko‘zda tutilgandi.

Birinchi zarba

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi 2019 yil 23 sentyabrda «Oliy ta'lim muassasalari talabalariga stipendiyalar to‘lash tartibi va miqdorlari to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori loyihasini muhokama uchun e'lon qildi.

Unga ko‘ra, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab respublika oliy ta'lim muassasalarining kunduzgi shaklida davlat granti va bir yillik o‘qitish qiymatining stipendiyali miqdorini to‘lagan, to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan talabalarni (xorijiy talabalardan tashqari) stipendiya bilan ta'minlash tizimi joriy etilishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, oliy ta'lim muassasalariga ega bo‘lgan boshqa vazirlik va idoralar talabaning har oyda to‘lanadigan bazaviy stipendiya miqdorini to‘lov-kontrakt shaklida o‘qitishning qiymati miqdoriga o‘z xohishiga ko‘ra kiritilishini inobatga olishlari kerak.

Bunda, o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt qiymati miqdoriga kiritilgan har oyda to‘lanadigan stipendiya summasi talabaga uning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlaridan qat'i nazar to‘lanishi belgilangan. Shuningdek, barcha fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat «a'lo» baho (reyting ko‘rsatkichi 86 balldan kam bo‘lmagan) bo‘lgan talabalarga navbatdagi o‘quv semestri davomida bazaviy stipendiyaning 15 foizi miqdorida; o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat «a'lo» hamda «a'lo» va «yaxshi» baho bo‘lgan yoki jamoat ishlarida faol yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj talabaga navbatdagi o‘quv semestri davomida tayinlangan jami stipendiyaga nisbatan 50 foizgacha miqdorda qo‘shimcha rag‘batlantirish mablag‘i to‘lanadi.

Iqtidorga ega, xalqaro yoki respublika yoki oliy ta'lim muassasasi miqyosida talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan fan (ta'lim yo‘nalishi) olimpiadalari g‘olibi bo‘lgan talabaga bazaviy stipendiya miqdoriga nisbatan bir o‘quv yili davomida quyidagi tartibda alohida moddiy rag‘batlantirish to‘lovlari tayinlanadi: xalqaro miqyosdagi olimpiada g‘olibiga – 50 foiz; respublika miqyosidagi olimpiada g‘olibiga – 25 foiz; oliy ta'lim muassasasi miqyosidagi olimpiada g‘olibiga – 15 foiz.

Oliy ta'lim muassasalarida 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab bakalavriat va magistraturada ta'lim olayotgan talabalarga to‘lanadigan stipendiyaning bazaviy miqdori 400 000 (to‘rt yuz ming) so‘m etib belgilanadi. Avvalgi semestr natijalariga ko‘ra barcha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat «a'lo» (reyting ko‘rsatkichi 86 balldan kam bo‘lmagan) bo‘lgan talabalarga stipendiyaning bazaviy miqdori 15 foizga oshirilgan holda belgilanadi. 2019/2020 o‘quv yilining 2-semestridan boshlab avvalgi semestr natijalariga ko‘ra o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 30 foiz va undan ortiq fanlar bo‘yicha «qoniqarli» baho (reyting ko‘rsatkichi 55-70 ball bo‘lgan) bo‘lgan talabaga navbatdagi semestr uchun stipendiya tayinlanmaydi.

O‘quv semestri uchun o‘zlashtirish natijalari bo‘yicha uzrsiz sabablarga ko‘ra akademik qarzga (bir yoki undan ko‘p fanlar bo‘yicha 55 foizdan kam reytingga) ega bo‘lgan oliy ta'lim muassasalarining talabalari keyingi o‘quv semestri oyining birinchi kunidan boshlab stipendiya olish huquqidan mahrum bo‘ladilar.

Ikkinchi zarba

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi super-kontraktlar haqida qo‘shimcha rasmiy ma'lumotlarni e'lon qildi. Unga ko‘ra, 2019/2020 o‘quv yili 4 ballgacha yetmaganlar super-kontraktni quyidagi miqdorda to‘lashar ekan: Jumladan, 1 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun - 1,5;1.1 balldan 2 ballgacha - 2,0 barobar; 2.1 balldan 3 ballgacha yetmaganlar uchun - 2,5 barobar, 3.1 balldan 4 ballgacha yetmaganlar uchun - 3,0 barobar barobar belgilandi. Kirish balliga 4 balldan ortiq yetmagan, lekin 56,7 balldan ko‘p ball to‘plagan abituriyentlar uchun super-kontrakt miqdorlari 10 va 15 barobar, yurisprudensiya yo‘nalishida esa — 25 barobar, ya'ni 229 mln. 184 ming so‘m. Tibbiyot yo‘nalishiniki — 20 barobar, ya'ni 170 mln. 649 ming so‘mni tashkil etmoqda.

Haqli savol tug‘iladi. Ayni paytda mamlakatimizda eng kam oylik ish haqi 223 000 ming so‘m bo‘lgani, o‘rtacha oylik ish haqi 2019 yil yanvar –iyun oylarida 2,092 million so‘mni tashkil etib turgan bir paytda super-kontrakt miqdorining bunday yuqori darajada hisoblanishi qaysi mezonlarga to‘g‘ri keladi yoki qaysi mantiqqa tayangan holda bunday qarorga kelindi?

Nega vazirlik aholining bu boradagi fikrlarini inobatga olmadi? Nega siyosiy partiyalar va deputatlar bilan ushbu masala muhokama qilinmadi, ularning takliflari olinmadi. Bu borada yil davomida quyi palata deputatlari - Abdurashid Abduqodirov, Rasul Kusherbayev va boshqalarning e'tiroz va bayonotlari e'tiborsiz qoldirildi. Saylov yaqinlashayotgan bir pallada ham aksariyat partiyalar jamiyat va uning kelajagi bo‘lmish yoshlar taqdiriga bevosita ta'sir qiladigan masalalarda qat'iy pozitsiyasini ko‘rsatmasdan, jim turishni ma'qul ko‘rmoqda.

O‘zLiDePning savollarini mas'ullar uchun takrorlaymiz:

Birinchidan, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlari qaysi bir mezon asosida ishlab chiqilgan?

Ikkinchidan, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlarini belgilashga amaldagi qonun hujjatlariga ko‘ra, vazirlikda vakolat bormi?

Uchinchidan, o‘quv yilining birinchi yarmi uchun kamida 50 foiz kontrakt to‘lovi joriy yilning 1 noyabriga belgilangan bo‘lsa-da, to‘lov- kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar uchun to‘lov haqini o‘tkazish hamda talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirishning so‘nggi muddati 2019 yilning 15 oktyabri etib belgilanishi mantiqan to‘g‘rimi?

To‘rtinchidan, davlat rahbari tashabbusi bilan o‘rnatilishi lozim bo‘lgan «xalqni rozi qilish» tamoyili ta'lim tizimi uchun ham tegishlimikin?

Minglab ota-onalar, talabalarning noroziligiga qaramay kontrakt-to‘lovlari birdan 18 foizga oshirildi, stipendiya miqdori esa kamaytirildi. Aytishlaricha, aziz va muhtaram o‘qituvchilarning maoshlari oshirish, boshqa xarajatlarni qoplash asosiy maqsad emish. Bilmadim, xalq buni boltaning sopini o‘zidan chiqarish, dermidi?!

Bugungi kunda Oliy ta'lim muassasalarida shartnoma asosida o‘quvchi talabalar soni 300 mingdan ortiqni tashkil etmoqda.

Talabalar ham, ota-onalar ham, jamoatchilik ham qaror loyihasini asosan keskin tanqid qilmoqdalar. Mana, ayrim sharhlar: «Tartib avvalgiday qolishi kerak. Bu qaror barcha talabalarga nisbatan adolatsizlik!», «Bu qaror shundoq ham qiyin ahvolimizni battar yomonlashtiradi», «400 ming so‘mlik stipendiya faqat kontrakt pulini kamaytirish uchun qo‘llanganda to‘g‘ridir», «Talabalarga o‘zlashtirishiga qarab stipendiya to‘lanishi maqsadga muvofiqdir», «Bu insofdanmas», «Qarorda mantiq yo‘q», «Avval o‘qishdagi adolatsizliklarni, korrupsiyani, tanish-bilishchiliklarni yo‘qoting», «O‘zi shu stipendiyaga ham darsdan keyin kafeda idish yuvib kun ko‘raman», «Bu qaror ta'lim tizimini batamom o‘ldirib, yerga ko‘madi», «Bechora ota-onamizdan qanday, qaysi yuz bilan pul so‘raymiz?! Ota-onalari yo‘qlar-chi...», «Siz nomigagina otasining puliga o‘qib yurganlar bilan o‘z kuchiga ishonib, kechani-kecha demay, ota-onasiga og‘ir tushmasin deb tinmay o‘qiydigan, kontraktining bir qismini stipendiya bilan yopayotganlarni bir ko‘rdingizmi?!». Bular – xalqning nolalari.

Bu nolalarga quloq solinadimi? Bilmadim. Mabodo bir qadam orqaga chekinilsa ham, yana ikki – uch oy o‘tib uch qadam oldinga tashlanadi. Buning ham guvohi bo‘lyapmiz hamma masalalarda.

To‘g‘ri, ayrim haftafahm da'volar ham jarangladi: «Hech bir zamonda va makonda oliy ma'lumot olish arzon bo‘lmagan!». Birinchidan, Germaniya, Xitoy va boshqa qator davlatlarda oliy ta'lim bepul va hatto ta'lim uchun pul olish man qilingan. Turkiya oliy o‘quv yurtlari minglab o‘zbek talabalarni tekinga o‘qitmoqda va hatto tekin yotoq va ovqat bilan ta'minlamoqda. O‘n minglab o‘zbeklar Rossiyada ta'lim olmoqda va ularning aksariyati Rossiya budjeti hisobidan ta'minlanmoqda. Ikkinchidan, bobolarimiz qurgan madrasalarda talabalar uchun ota-onalari shartnoma tuzmagan va pul to‘lamagan. Alisher Navoiy o‘zlari qurgan madrasalardagi minglab talabalarning ta'minotini o‘z hisoblaridan to‘laganlari ma'lum. Uchinchidan, bu eng asosiysi, mamlakatimizning va davlatimizning ijtimoiy siyosati nima bo‘ladi?! Budjetning ulkan qismi ta'lim va sog‘liqni saqlashga ajratiladi, deb kerilamiz. Bog‘chaning ham «elita uchun»lari chiqdi, maktablarning yaxshi ta'lim beradiganlari pullik bo‘la boshladi, sog‘liqni saqlash sohasiga pul to‘lashni – majburiy sug‘urtani kiritish rejalari tuzilgan... Budjetning trillionlari qayga ketadi? Davlatning ijtimoiyligi nima bo‘ladi?! Davlat – xalqning himoyachisi emasmi? Davlat shu insonlarning to‘lagan pullari evaziga yig‘ilgan budjetdan kun ko‘rmaydimi?! Shu davlat shu xalqniki emasmi?!

Endi, o‘zimizni aldab nima qildik, 400 ming so‘mga inson tugul mushuk ham bir oyga yashay olmaydi. Yo ota-onasiga zo‘r keladi, yo talaba mardikorlik qiladi va o‘qishidan putur ketadi.

«Nega buncha hamma stipendiyaga e'tiroz bildirmasalaring? Talaba stipendiya uchun emas, bilim olish uchun o‘qishi kerak emasmi?!» – degan da'vo ham eshitildi. Talaba – yemay-ichmay, faqat ruhiy ozuqa oladigan jannatdagi hurlardan emas, bitta donni cho‘qilab, bir kun sayraydigan chittak qush emas, tanasida qoni yo‘q kapalak ham emas. Talaba – insondir, ayni kuch-quvvatga to‘lgan va yemak-ichmak kabi vujudiy ehtiyojlariga ega, issiq-sovuqda kiyim kiyadigan tirik hilqatdir. Ayni jismoniy va ruhiy o‘sadigan pallasidir. 400 ming so‘m bilan u qanday yashaydi?! «Talaba stipendiya uchun emas, bilim olish uchun o‘qishi kerak emasmi?!» degan quvlikka javoban aytamizki, bilim olish uchun talaba kitob-qalam sotib olishi, transportda yurishi, oyoqda tikka turishi uchun yeb-ichishi, kiyinishi, nihoyat, tirik bo‘lishi kerak-ku?!

Yildan yilga budjetda o‘qishni kamaytirish o‘rniga, aksincha, yaxshi o‘qiy boshlagan shartnomada o‘qiydiganlarni budjetga o‘tkazishni o‘ylash kerak (albatta, millatimizning kelajagi kerak bo‘lsa).

Agar ta'lim tizimi faqatgina pul ishlashga o‘tsa, davlat o‘z ijtimoiy majburiyatlaridan chekinsa, faqatgina boylarning bolalari o‘qiydi, tabaqalanish avjiga chiqadi va ijtimoiy bo‘hronlar yuzaga keladi.

Qaror loyihasi muhokamasida berilgan takliflarning 99 foizida stipendiya to‘lashning avvalgi tartibi qolishini so‘rashgandi. Shunga qaramay ushbu takliflar inobatga olinmasdan qaror qabul qilinsa, qonun loyihasini muhokamaga quyishdan nima foyda!? Takliflar inobatga olinsa, xalqning davlat organlari va qonunlarga bo‘lgan ishonchi va hurmati oshmaydimi?

Yana bir istihola. Qaror loyihasi hali muhokamada bo‘lgan vaqtda OTMlar qanday asosda talabalarga stipendiyasiz va stipendiyali shartnoma berishdi? Axir biz Konstitutsiyaga ko‘ra huquqiy, demokratik davlatda yashayapmiz-ku?

Karim BAHRIYeV

Mavzuga oid