O‘zbekiston | 10:27 / 14.10.2019
7133
3 daqiqa o‘qiladi

Fitch Ratings O‘zbekiston reytingini «Barqaror» darajasida saqlab qoldi

Foto: Jens Kalaene / DPA / TASS

2019 yilning 11 oktyabrida Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston Respublikasi suveren kredit reytingiga o‘zining navbatdagi sharhini e'lon qildi. Unga ko‘ra, mamlakat suveren kredit reytingi «BB-» («Barqaror») darajasida saqlanib qolgan. Bu haqda Moliya vazirligi xabar bermoqda.

Mamlakat kredit reytingi baholanishida uning moliyaviy holatining mustahkamligi, mo‘'tadil darajadagi davlat qarzi, «BB-» reytingiga ega davlatlarga nisbatan yuqori iqtisodiy o‘sishga egaligi inobatga olingan bo‘lsa-da, jon boshiga yalpi ichki mahsulotning (YaIM) nisbatan kamligi, institutsional salohiyatni rivojlantirish zaruriyati va nisbatan yuqori inflatsiya darajasi reyting ko‘rsatkichi oshirilishini «cheklovchi» omillar sifatida sanab o‘tilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (O‘RTTJ) pul mablag‘lari va Hukumat depozitlari (YaIMga nisbatan 10,4%), sof davlat qarzining past darajada ekanligi (2019 yil uchun YaIMga nisbatan -1,8% prognoz qilinmoqda), jahon moliya bozorlaridagi joriy holat sabab qulay foiz stavkalari va qayta moliyalashtirish xatarining pastligi ijobiy baholangan.

Shu bilan birga, Hukumatning iqtisodiy barqarorlikni oshirish, jumladan, davlat boshqaruvi va institutsional ko‘rsatkichlarni yaxshilash va davlat qarzining keskin oshib ketishini oldini olish, shuningdek, pul-kredit va soliq-budjet siyosatlarini muvofiqlashtirishga qaratilgan sa'y-harakatlari qayd etilgan.

Agentlik mamlakatdagi davlat ulushiga ega korxonalar islohotiga to‘xtalib o‘tar ekan, fiskal va moliyaviy xatarlarni oldini olish, raqobat muhitini yaxshilash va iqtisodiyotning samaradorligini oshirishga qaratilgan narxlar va tariflar liberalizatsiyasi, korporativ boshqaruvning yaxshilanishi va xususiylashtirish jarayonlariga urg‘u bergan.

Fitch Ratings tomonidan ta'kidlanishicha:

- doimiylik va ishonchlilikka asoslangan davlat siyosati orqali xatarlarning kamaytirilishi va makroiqtisodiy barqarorlikning ta'minlanishi, tarkibiy ko‘rsatkichlarning (jumladan, aholi jon boshiga YaIM va institutsional omillarning) kutilganidan ko‘ra tezroq yaxshilanishi hamda suveren balansning mustahkamlanishi mamlakatimiz kredit reytingiga ijobiy ta'sir etadi;

- makroiqtisodiy barqarorlikka xavf tug‘diruvchi xatarlarning ortishi, xususan kreditlash hajmining va davlat qarzining YaIMga nisbatan tez sur'atlarda o‘sishi, xorijiy valutadagi zaxira aktivlarining keskin kamayishi mamlakat kredit reytingiga salbiy ta'sir etishi mumkin.

Mavzuga oid