O‘zbekiston | 22:02 / 15.10.2019
8918
2 daqiqa o‘qiladi

AOKA rahbarlari feyk akkauntlar va trollarga qarshi kurash bo‘yicha BAA tajribasi bilan tanishdi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi delegatsiyasi BAAga tashrifining ikkinchi kunida ham amirlikning qator mulozimlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda agentlik direktori Komil Allamjonov va uning o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma'lum qilishdi.

Qayd etilishicha, delegatsiya 15 oktabr kuni BAA Hukumat va kelajak ishlari vaziri Muhammad Al-Gergavi bilan uchrashgan.

«BAA vaziri bilan uchrashuvimiz internet va ijtimoiy tarmoqlardagi xavfsizlik masalasi butun dunyoning umumiy muammosiga aylanganini yana bir bor tasdiqladi. Yolg‘on xabarlar, ijtimoiy tarmoqlardagi feyk akkauntlar, trollar — barcha mamlakatlar uchun chinakam xatarga aylangan va unga qarshi keskin kurashlar kechmoqda.

Biz bu borada rivojlangan arab mamlakatining axborot sohasidagi tajribasi, ular qo‘llayotgan uslublar bilan tanishdik. Mamlakat imijini shakllantirish va PR sohasiga oid xalqaro ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashdik», – deb ma'lum qildi Allamjonov.

AOKA rahbarlari seshanba kuni Dubay amirligi hukumati Media ofisining Bosh direktori Mona Al Marri bilan ko‘rishgan.

«Uchrashuvda PR sohasidagi Dubay tajribasi, ikki mamlakat jurnalistlari va piar menejyerlari uchun o‘zaro tajriba almashish imkoniyatlarini muhokama qildik», – deb yozadi Mirziyoyeva.

Mavzuga oid