O‘zbekiston | 17:26 / 15.10.2019
8842
2 daqiqa o‘qiladi

Bahodir Qurbonov: «Zamonaviy mojarolar ko‘proq axborot makonida uchramoqda»

Bahodir Qurbonov / Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Toshkentda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti shafeligida «Zamonaviy harbiy mojarolar: mazmuni va olingan saboqlar» mavzusida birinchi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boshlandi.

Anjuman ishini kirish so‘zi bilan ochib bergan O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, general-mayor Bahodir Qurbonov zamonaviy harbiy mojarolar haqida quyidagi fikrlarni bildirdi:

«Zamonaviy mojarolarda, protest salohiyatini shakllantirish va jamiyatda ijtimoiy zo‘riqishni yaratish maqsadida dushmanga ta'sir ko‘rsatish ko‘proq axborot makonida uchramoqda. 

Shu bilan birga, ana shu faktni tan olish kerakki, xalqaro terroristik, diniy-ekstremistik tashkilotlar global tahdid va chaqiriqqa aylandi, shuningdek, aqlbovar qilmas imkoniyatlarga ega bo‘lib, yangi ko‘rinish kasb etdi. Bugungi kunda ular davlatning yaxlitligi va mintaqa barqarorligini tahdid ostida qoldirishga qodir. Aynan shuning uchun ham hozirgi vaqtda terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro hamkorlikning amaliy mexanizmlarini ishlab chiqish faol sur'atlarda olib borilmoqda. O‘zbekiston ana shu tahdidlarga qarshi kurashishning faol ishtirokchisi sifatida xalqaro hamjamiyatning ana shu sohadagi manfaatlariga qo‘shiladi. 

Terrorizmga qarshi kurashishda amaliy natijaga BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida global tizim, har tomonlama hamkorlikni yaratish orqaligina erishish mumkin», - dedi O‘zbekiston mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov.

Xalqaro konferensiya ertaga o‘z ishini davom ettiradi.

Mavzuga oid