Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Davlat rahbari, bosh prokuror va vazirlar... DXRning sobiq amaldorlari rahbarlik faoliyatini Rossiyada davom ettirmoqda
Ukraina sharqidagi [tan olinmagan] Donetsk va Lugansk xalq respublikalarining yuqori lavozimdagi sobiq amaldorlari Rossiyaning rahbar kadrlar rezervini to‘ldirishi mumkin, degandi sentabr oyi oxirida Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Donbass respublikalarining iste'foga chiqqan rahbarlari birinchi navbatda «depressiv regionlar»ga yo‘naltiriladi va u yerda «aholining turmush darajasini oshirish uchun boshqaruv»ga yordamlashadi.
DXRning sobiq rahbari RF respublikalaridan birining poytaxtini boshqarmoqda
Foto: RIA Novosti / Igor Maslov
Peskov nazarda tutgan jarayon allaqachon boshlangan. 26 sentabr kuni DXRning sobiq vaqtinchalik rahbari Dmitriy Trapeznikov Qalmiqiston respublikasi poytaxti Elista shahri adminstratsiyasiga rahbar etib saylandi. Bu esa Kaspiy dengizi bo‘yidagi respublika aholisi o‘rtasida noroziliklarga sabab bo‘ldi – Elistada Trapeznikovning iste'fosini so‘rab, bir necha marta ruxsat etilmagan mitinglar bo‘lib o‘tdi.
7 oktyabrda Qalmiqiston rahbari Batu Xasikov aholi vakillari bilan uchrashuvda Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lmagan Trapeznikovni nega poytaxt meri lavozimiga tavsiya etganini tushuntirib bera olmadi.
2018 yil avgustida DXR rahbari Aleksandr Zaxarchenko o‘ldirib ketilgach, tan olinmagan respublikani uning o‘rniga bir hafta boshqargan Dmitriy Trapeznikov – faoliyatini Rossiyada davom ettirayotgan sobiq Donetsk-Lugansk rahbarlaridan eng baobro‘si. Ammo u DXRning rahbarlik karerasini endilikda Rossiyada davom ettirayotgan yagona sobiq amaldori emas. Bu haqda Republic nashri ma'lumot berdi.
DXRning sobiq ta'lim vaziri – Rossiyada OTM direktori
Larisa Polyakova shu yil sentabr oyida Uxta texnika universitetining Vorkutadagi filiali direktori lavozimini egalladi. Uning shahar okrugi rasmiy saytiga bergan intervyusida bunga qadar kechgan mehnat faoliyati haqida juda qisqa ma'lumot berilgan.
Ta'kidlanishicha, u faoliyatini maktabda matematika fanidan dars berishdan boshlab, keyinchalik oliy ta'limda pedagogik va ilmiy faoliyatini olib borgan, so‘ng esa «administrativ faoliyat» bilan mashg‘ul bo‘lgan. Butun intervyu davomida Polyakova aynan qanday «administrativ faoliyat» bilan shug‘ullangani, ya'ni DXR ta'lim vaziri bo‘lgani haqida ma'lumot uchramaydi.
Donbassdan Rossiyaga kelgan boshqa rahbar kadrlardan farqli o‘laroq, Larisa Polyakova haqida ma'lumotlar juda kam. Shunisi ma'lumki, u – matematika fanlari doktori, 2015-2018 yillarda DXRning ta'lim tizimini boshqargan, urushga qadar Donetsk davlat universitetida kafedra mudiri bo‘lgan.
Polyakova DXRda ta'lim vaziri bo‘lib ishlagan vaqtida rus madaniyatini ommalashtirishga bag‘ishlangan chiqishlar qilib turgan, oliy ta'limda Bolonya tizimidan voz kechib, «sovet modeliga yaqinlashtirilgan» ta'lim tizimini yaratishga va'da bergan. Uning vazirlikdan iste'fosi ham imi-jimida ro‘y bergan: Zaxarchenko 2018 yil 19 fevralda imzolagan qaror 1 martda e'lon qilingan, shu kuni Polyakovaning o‘rinbosari Irina Simonova korrupsiya ayblovi bilan qo‘lga olingan.
DXRning sobiq bosh prokurori – Moskva Tergov qo‘mitasi rahbariga o‘rinbosar
Ravil Xalikov Rossiyaning Mordoviya respublikasida tug‘ilgan. Yuridik oliy ma'lumot olib, armiyada xizmat qilib qaytgach, Mordoviya prokuraturasining alohida muhim ishlar bo‘limida faoliyat boshlagan, keyinchalik Chechenistonga ko‘chib o‘tgan. U Rossiyada dastlab nomzodlik, so‘ng doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. 2014 yilgacha Moskvada yashab, Davlat mulkini boshqarish federal agentligida ishlagan, Oliy iqtisod maktabida kafedra mudiri bo‘lgan.
Qrim anneksiyasi vaqtida Xalikov o‘z xohishi bilan yarimorolga borib, harbiy razvedkaga rahbarlik qilgan, shundan so‘ng Donbassga o‘tkazilgan. 2014 yil mayida u DXRning ilk bosh prokurori etib tayinlangan. Bu lavozimdagi ilk kunidayoq u Ukrainaning eng boy odami, Donbassdagi yirik korxonalar xo‘jayini, milliarder Rinat Axmetovga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Axmetov o‘z qo‘l ostidagi tashkilotlar xodimlarini isyonchi respublikalarga qarshi ish tashlash e'lon qilishga chaqirgan bo‘lib, DXRning yangi prokurori uning bu harakatini «davlat hokimiyatini ag‘darishga urinish» deb baholagan.
2014 yil oktyabriga borib, Ravil Xalikov yangi lavozimga tayinlangan – DXR Bosh vazirining xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ish boshlagan. Bu lavozimda u adliya, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini nazorat qilgan, shuningdek, Minsk muzokaralarini tayyorlashda qatnashgan.
2017 yil kuzida Xalikov Moskvaga qaytib, Moskva Tergov qo‘mitasi bosh boshqarmasi boshlig‘ining katta yordamchisiga aylandi. Mash telegram-kanali xabariga ko‘ra, u idoraning ichki intizom masalalariga mas'ul etib tayinlangan.
DXRning sobiq Davlat xavfsizligi vaziri – «STANKIN» prorektori
Andrey Pinchuk Moldovaning Tiraspol shahrida tug‘ilgan. Ikkita mutaxassislikka ega – yurist va iqtisodchi. Karerasini o‘z vatanining kuchishlatar tizimlarida boshlagan. 2005 yilda tan olinmagan Pridnestroviya Moldova Respublikasining Davlat xavfsizligi vazirligi mayoriga aylangan, keyinroq idora rahbariga o‘rinbosar darajasiga ko‘tarilgan.
Shundan so‘ng Pinchuk Rossiyaga yo‘l olib, RF prezidenti qoshidagi Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi (RANXiGS)da siyosiy fanlar nomzodi ilmiy darajasini olgan – 2011 yilda u terrorizmga qarshi kurash mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan.
2014 yilda Andrey Pinchuk, o‘zining aytishicha, «Rossiyaning yirik korporatsiyasida departament rahbari» bo‘lgan. Ba'zi manbalar u «Rostex» tarkibiga kiruvchi «Birlashgan dvigatelsozlik korporatsiyasi» OAJning xavfsizlik departamenti boshlig‘i bo‘lganini aytishadi.
Ukrainada tartibsizlik boshlangach, Pinchuk o‘zining ta'biricha «yurak amri bilan» Qrimga ko‘chib o‘tgan. Intervyularidan birida aytishicha, u yarimorolda «Ukraina maxsus xizmatlarining bo‘linmalarini Qrim mustaqil respublikasi yurisdiksiyasiga o‘tkazish» bilan shug‘ullangan.
Qrimda bir necha hafta faoliyat olib borgach, Pinchuk bir necha oyga Moskvaga qaytib, so‘ng Donbassga yo‘l olgan. Donetskda u DXR hukumatining ilk rahbari, rossiyalik Aleksandr Borodayga xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosar etib tayinlangan. Bu tayinlovdan bir necha kun o‘tib, 17 iyulda – Malayziyaning «Boing» samolyoti qulagan kuni Davlat xavfsizligi vaziri lavozimini egallagan.
Vazirlikning o‘zi ham xuddi shu kuni tashkil etilgan, ya'ni DXR razvedkasini aynan Pinchuk noldan tashkil qilgan, deyish mumkin. U Minsk kelishuvi imzolanishi ortidan, 2015 yil martida iste'foga chiqdi. 2017 yil sentyabrida siyosatchi, iqtisodchi, yurist va harbiy ofitser Pinchuk «STANKIN»Moskva davlat texnika universitetining birinchi prorektori sifatida ish boshladi. Ukrainadagi urushdan so‘ng u bir nechta avtobiografik asarlarini chop etgan.
Mavzuga oid
22:04 / 22.05.2025
Putin Donbassga bormoqchi. Urush muzokaralari fonida
08:40 / 13.05.2025
Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti MH17 halokati uchun Rossiyani javobgar deb topdi
17:02 / 12.05.2025
Rossiyada xorijliklarga tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi o‘zgaradi
14:54 / 12.05.2025