Sport | 14:40 / 15.10.2019
16167
5 daqiqa o‘qiladi

Futbolga yana siyosat aralashmoqda. Fransiyalik vazir UYeFAdan Turkiyani jazolashni so‘radi

Fransiya yoshlar va sport vaziri Roksana Marasinyanyu UYeFAdan Turkiya terma jamoasini turk futbolchilari Yevro-2020 saralashi doirasida Fransiyaga qarshi kechgan o‘yinda namoyish etgan harbiychasiga salomlashish harakati uchun jazolashni so‘radi.

«Fransiya futbol federatsiyasi va politsiya sa'y-harakatlari tufayli o‘yin vaqtida xavfsizlik ta'minlandi. Turkiyalik futbolchilar sportga xos bo‘lmagan holda harbiycha salomlashib vaziyatni izdan chiqarishga harakat qilishdi. Men UYeFAdan sanksiya qo‘llashni so‘rayman.

Yevro-2020 saralashi o‘z yakuniga yetmagan, ammo Fransiya to‘g‘ri yo‘lda ketmoqda. Olive Jiruni ajoyib gol bilan tabriklayman, bu gol uni Platiniga yaqinlashtirdi», — deya yozgan Marasinyanyu tvitterdagi sahifasida.

Turkiyalik futbolchilar Suriya hududida kurdlarga qarshi harbiy amaliyot o‘tkazayotgan Turkiya armiyasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida terma jamoa o‘yinlari vaqtida harbiycha salomlashishmoqda. Avvaliga Yevro-2020 saralashida Albaniyaga qarshi o‘yindan (1:0) keyin shunday harakat sodir etgan futbolchilar Fransiyaga qarshi o‘yindan keyin ham bu harakatni takrorlashdi.

Bu harakat Turkiya muxlislari joylashgan fan-sektorda ham kuzatildi. 

UYeFA bunday holatlarga tanqidiy yondashadi. Katta ehtimol bilan, UYeFA Turkiya terma jamoasiga nisbatan axloqiy sanksiyalar qo‘llaydi.

Turkiya terma jamoasi ayni vaqtda 19 ochko to‘plagan holda H guruhida birinchi o‘rinni egallab turibdi, shuncha ochkoga ega, faqat to‘plar nisbati ko‘rsatkichi yomonroq bo‘lgan Fransiya ikkinchi o‘rinda bormoqda.

Albaniyaga qarshi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida g‘alaba goli urilgach, turk futbolchilari tribunadagi muxlislarga qarata harbiycha salom yo‘llashdi.

O‘yindan keyin kiyim almashtirish xonasida ham futbolchilar va terma jamoaning boshqa xodimlari bu harakatni takrorlashdi. Bu surat terma jamoaning tvitterdagi sahifasida joylashtirildi.

Rasmiy akkauntdagi tvitda «g‘alaba bizning jasur jangchilarimiz va birodarlarimizga bag‘ishlanadi», deya yozilgandi.

Jasuri jangchilar – 9 oktabr kuni Suriya shimoli-sharqiga bostirib kirgan turkiyalik harbiylardir. Bu hududdagi qurolli nizo tufayli 190 mingdan ortiq kishi boshpanasiz qolgan.

Bu hujumdan maqsad – kurdlarni janubroqqa surib tashlashdir. Turkiya kurdlarni terrorizmda ayblaydi va ular o‘zining janubiy chegaralaridan uzoqroqda bo‘lishini xohlaydi, turklar ular yashab kelayotgan joylarda – Suriya ichkarisiga qarab 30 kilometrlik hududda «xavfsiz hudud» tashkil qilishni mo‘ljallashgan.

Turkiya va kurdlar qarama-qarshiligi tarixi uzoqqa borib taqaladi. Kurdlar – o‘z davlatiga ega bo‘lmagan eng yirik xalq. 1920 yilda Turkiya va Antanta ittifoqi o‘rtasida tuzilgan Sevr tinchlik kelishuviga ko‘ra mustaqil Kurdiston davlati tuzilishi ko‘zda tutilgandi. Ammo hujjat kuchga kirishga ulgurmadi va 1923 yilda Lozanna kelishuvi imzolanishi bilan yo‘qqa chiqdi.

Kurdlar Turkiya tarkibidagi muxtoriyatga erishish uchun 1984 yildan buyon kurashib kelmoqda.

UYeFAning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha direktori Filipp Taunsend bu holat bo‘yicha izoh bergan: «Men bu holatni ko‘rmadim. Ammo bunday harakat provokatsiya sifatida baholanadi. Qoidalar istalgan siyosiy yoki diniy ifodalarni taqiqlaydi. Biz bu holatni diqqat bilan o‘rganib chiqamiz».

Futbolda o‘tgan yili ham shunga o‘xshash holat kuzatilgandi. 2018 yilgi jahon chempionatida Shveytsariya terma jamoasi futbolchilari, kelib chiqishiga ko‘ra alban bo‘lgan Shaqiri va Chaka Serbiya terma jamoasiga qarshi o‘yin vaqtida urgan gollarini Albaniya bayrog‘i tasvirlarini (ikki boshli burgut) ifodalagan holda nishonlashgan, Lixshtayner esa o‘yin davomida shunday harakatini namoyish etgandi.

Serbiya futbol federatsiyasi qoidabuzarlarni 2 diskvalifikatsiya qilishni so‘ragan, ammo FIFA boshqacharoq qaror qabul qilgandi: Shaqiri va Chaka 10 ming frankdan, Lixshtayner esa 5 ming frank jarima to‘lagandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid