O‘zbekiston | 16:53 / 15.10.2019
4932
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekistonda palma yog‘ini iste'molga yaroqli holatda ishlab chiqaruvchi tuzilma yo‘q» – «O‘zstandart»

Bugun, 15 oktabr kuni, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Aholi salomatligini muhofaza qilishda import mahsulotlar sifatiga e'tibor qaratish: mahalliy mahsulotlarning hamyonbopligi va aholi talablariga mosligini iste'molchilarga tushuntirish» mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda «O‘zstandart» agentligi, Iste'molchilarni himoya qilish federatsiyasi, Bojxona qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa qator mutasaddi tashkilotlar ishtirok etdi. Anjumanda deputatlar tomonidan muhokamalarga sabab bo‘lgan import qilinayotgan palma yog‘i sifati bo‘yicha savollarga javob berildi. «O‘zstandart» agentligi sertifikatlashtirish boshqarmasi rahbari Nozim Sobirov mavzu bo‘yicha batafsil ma'lumot berdi.

«Palma yog‘i butun dunyoda oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘llanadi. O‘zbekistonga import qilinadigan palma yog‘i bir necha sifat tekshiruvlaridan o‘tadi. Ikki xil palma yog‘i: iste'molga yaroqli va texnik maqsadlarda foydalaniladigan turlari bor. Ikkinchi toifadagi yog‘ arzon va talab shunga yarasha kuchli. Shuning uchun O‘zbekistonga texnik palma yog‘i ko‘proq kirib kelyapti. Shu sababli ham aholi orasida palma yog‘i faqat texnik maqsadlarda foydalanilar ekan, degan tushuncha shakllangan. Vaholanki, palma yog‘ini iste'mol mahsulotlariga ishlatsa ham bo‘ladi. Bundan avval bu bosqichga olib kelish uchun ishlov berilishi zarur. Afsuski, O‘zbekistonda palma yog‘ini iste'mol darajasigacha olib keladigan ishlab chiqarish tuzilmasi yo‘q. Tadbirkorlar texnik va iste'mol palma yog‘i bir xil maqsadlarda foydalanilmasligini tushunishmaydi», deya uning so‘zlarini keltirgan Kun.uz muxbiri.

Qo‘shimcha qilinishicha, oxirgi vaqtlarda Qozog‘iston va Malayziyadan keltirilgan palma yog‘i sinov-tekshiruvlari o‘tkazildi. Unga ko‘ra, Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan palma yog‘i 2ta ko‘rsatkich bo‘yicha nomuvofiqligi (nikel miqdori 2 baravar, transyog‘lar 4,5 baravar yuqori) aniqlandi. Sifatsiz palma yog‘i kirib kelishining oldini olish bo‘icha xalqaro institutlar va Bojxona qo‘mitasi bilan ish olib borilmoqda.

Mavzuga oid