O‘zbekiston | 17:30 / 15.10.2019
5409
2 daqiqa o‘qiladi

Sasha Graumann: Minglab bolalar hamon urush o‘choqlarida qolmoqda

Foto: KUN.UZ

Toshkentda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti shafeligida «Zamonaviy harbiy mojarolar: mazmuni va olingan saboqlar» mavzusida birinchi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tmoqda.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, anjumanda Qurolli Kuchlar akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Ruftullo Nig‘matov Afg‘oniston bo‘yicha berilgan savollarga javob berdi.

«Afg‘onistondagi urush 40 yildirki davom etmoqda. Buni tugatish vaqti keldi. Asosiy e'tibor iqtisodiy jihatlarga qaratilishi kerak. Afg‘on xalqi urushdan charchadi. Ular tinchlik xohlaydi», – deya polkovnikning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbirdagi qatnashchilardan bo‘lgan YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann ham so‘zga chiqdi.

«Kuni kecha «Mehr-2» nomli operatsiya bilan Iroqdan 64 nafar bolalar yurtga qaytarib olib kelindi. O‘tgan safar «Mehr-1» operatsiyasida 156 nafar ayollar va bolalar O‘zbekistonga qaytarilgan edi. Ayni vaqtda minglab nafar turli millatga mansub bolalar hali-hamon urush o‘choqlarida qolmoqda. Ular asosan ikki toifada deyish mumkin. Birinchisi, harbiy harakatlarda bevosita qatnashayotgan bolalar, ikkinchisi, urush hududlarida kundalik hayotda ishlatiladigan bolalar.

Bolalar masalasida butun dunyoda barcha BMTga a'zo-davlatlarga majburiy bo‘lgan Xavfsizlik kengashining qoidalari mavjud. Oddiy misol, urush vaqtlarda maktablarga qurolli hujum qilish taqiqlanadi. Biroq 2018 yilda bu rekord darajaga chiqqan va bu hali ham davom etmoqda», – deya ta'kidlagan vakolatxona rahbari.

 

Mavzuga oid