O‘zbekiston | 10:51 / 15.10.2019
4581
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda «Zamonaviy harbiy mojarolar: mazmuni va olingan saboqlar» mavzusida xalqaro anjuman boshlandi

Foto: KUN.UZ

Toshkentda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti shafeligida “Zamonaviy harbiy mojarolar: mazmuni va olingan saboqlar” mavzusida birinchi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boshlandi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, anjumanning asosiy maqsadlari zamonaviy harbiy mojarolarning kelib chiqish mohiyati, ularni oldini olish, bartaraf etish va keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha amaliy choralarni qo‘llash masalalari bo‘yicha tajriba va axborot almashuvini tashkillashtirish uchun keng munozara maydonini yaratish hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasini xorijiy oliy harbiy ta'lim va tadqiqot muassasalari bilan harbiy fan sohasidagi hamkorligini yanada jadallashtirishdan iborat.

Anjuman ishi O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, general-mayor Bahodir Qurbonov va YeXXTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Jon MakGregorlarning tabrik so‘zlari bilan ochildi.

Anjumanning yalpi majlisida zamonaviy harbiy mojarolar va kelajak urushlarining mohiyati va o‘ziga xos xususiyatlari, Afg‘oniston, Yaqin Sharq va Koreya yarim orolidagi vaziyatning rivojlanishi hamda O‘zbekiston Respublikasining harbiy mojarolarni oldini olish bo‘yicha tashabbuslari bo‘yicha ma'ruzalar tinglanmoqda. Yalpi majlisdan so‘ng anjuman o‘z ishini tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha sho‘balarda davom ettiradi.

Anjuman mobaynida mutaxassislar zamonaviy harbiy mojarolar yangi mazmun, qiyofa va xususiyatlarga ega bo‘lganini, ular barcha fizik kenglik va muhit hamda axborot-mafkuraviy va kibermakonda olib borilayotganini ta'kidlab o‘tdilar. Shu bilan birga, zamonaviy harbiy mojaroning anglash va bilishga doir tarkibiy qismlari borgan sari muhim o‘rin egallab, milliy ruhiyat va mentalitetni, turlicha bo‘lgan tsivilizatsion omillar va jihatlarni hisobga olgan holda qarorlarni ishlab chiqish va qabul qilish sohalarini o‘z ichiga oladi.

Mavzuga oid