Jamiyat | 10:56 / 17.10.2019
47032
2 daqiqa o‘qiladi

«Bola puli» to‘lanishini onlayn nazorat qilish taklif etildi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonda 2 yoshgacha bo‘lgan bolalarga to‘lanadigan nafaqa pullarini onlayn nazorat qilish taklif etilmoqda. Tegishli petitsiya «Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portalida e'lon qilindi.

Ta'kidlanishicha, bugungi kunda 2 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nafaqa pullarini to‘lashda mahalla fuqarolar yig‘inining roli katta. Ushbu jarayonda ancha ovoragarchiliklar va tamagirlik holatlari ko‘zga tashlanadi. Ba'zida turli noaniqliklar bo‘lib turadi. 

«Shu sababli, mahalla fuqarolar yig‘ini raisiga va birinchi navbatda fuqarolarimizga ko‘maklashish maqsadida 2 yoshgacha bo‘lgan bolalarga to‘lanadigan nafaqa pullarini onlayn nazorat qilish (nafaqa chiqqani yoki chiqmagani) imkonini beradigan maxsus platformani tashkil etish kerak», - deb yozadi murojaat muallifi. 

Qayd etilishicha, ushbu platformadan ro‘yxatdan o‘tish orqali bolalarga to‘lanadigan nafaqa pullarini nazorat qilish imkoniyatini yaratish kerak.

«Yuqoridagilarni inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 2 yoshgacha bo‘lgan bolalarga to‘lanadigan nafaqa pullarining belgilanishi, to‘g‘ri taqsimlanishini onlayn nazorat qilish imkoniyatini beradigan maxsus platforma tashkil etilishini taklif qilamiz», - deyiladi petitsiyada.

Mavzuga oid