O‘zbekiston | 17:26 / 18.10.2019
5396
3 daqiqa o‘qiladi

Otabek Nazirov: «Kapital bozorimizni rivojlantirib bera oladigan yetarli miqdordagi professional sub'yektlar yo‘q»

Otabek Nazirov / Foto: KUN.UZ

Bugun, 18 oktabr kuni Toshkent shahrida Adliya vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan «English Law Day in Tashkent» («Toshkentda ingliz huquqi») xalqaro konferensiyasining ikkinchi kuni «O‘zbekistonda ingliz huquqini joriy etish istiqbollari» mavzusiga bag‘ishlandi. 

Unda ishtirok etgan Kapital bozorini rivojlantirish agentligi rahbari Otabek Nazirov O‘zbekistondagi kapital bozoridagi ahvol haqida gapirdi.

«Kelajakda kapital bozori arxitekturasi qanday bo‘ladi? Tabiiyki, biz bu sohada ingliz pretsedent huquqi tajribasini o‘rganishimiz lozim. Bu huquq tizimi kapital sohada, xususan infratuzilma kapital bozorida yuqori samaradorlikka ega.

Ayni kapital bozorining YaIMdagi ulushi 0,5 foiz bo‘lsa, Qozog‘istonda 5 foiz hisoblanadi. Kapital bozorimizning 22 foizi, ya'ni 603ta kompaniyaning 132tasi Toshkent fond birjasidan ro‘yxatdan o‘tgan. Uning 83 foizi davlat ulushiga to‘g‘ri keladi. 2 foizi xorijiy investorlarga tegishli.

Bizning kapital bozorimizdagi arxitekturani ko‘radigan bo‘lsak, unda 31,2 milliard dollar bank sektorida bo‘lsa, 4,8 milliard dollar kapital bozorida harakatlanmoqda. Davlat xazinasiga tegishli mablag‘lar, xususan soliqlar, davlat xarajatlari uchun fond ajratish kabi jarayonlarda 12,7 milliard dollar harakat qilmoqda.

Bizning kapital bozorimizni rivojlantirib bera oladigan yetarlicha miqdordagi professional sub'yektlar yo‘q. Bu soha albatta investitsiya banklari menejyerlari uchun juda kuchli bilim talab qiladi. Moliyaviy bilim uchun ko‘p sonli insonlar tushuna olmaydigan talablar bo‘lishi lozim. Biz deyarli barcha qonun va qarorlarni audit qilib chiqdik. Biz shunday 100ga yaqin qonun va qarorlarning o‘rnini bosadigan kodeks ishlab chiqish topshirig‘ini oldik. O‘tgan hafta prezidentimiz bilan uchrashdik va bizga bu bo‘yicha vazifa va vakolatlar berildi. Hujjat ham o‘zimiz uchun, ham xalqaro sub'yektlar uchun tushunarli va to‘liq bo‘lishi aytildi», – deya agentlik rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Konferensiyada xorijiy investitsiyalarni rag‘batlantirishga hamda O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishga ko‘mak beradigan huquqiy rejim yaratishda ingliz qonunlarini moslashtirish va qo‘llash imkoniyatlari, sud tizimining ingliz qonunlarini amalga oshirishdagi roli xususida so‘z bordi. Shuningdek, ekspertlar Qozog‘iston, BAA, Qatar va Singapurning ingliz qonunlarini qo‘llash borasidagi tajribasini taqdim etishdi. Asosiy e'tibor O‘zbekiston Respublikasida ingliz huquqi normalarini joriy etish ahamiyatiga qaratildi.

Mavzuga oid