Jamiyat | 22:59 / 19.10.2019
8307
3 daqiqa o‘qiladi

AOKA saytlar va blogerlarga qonunchilikka zid sharhlarni o‘chirish majburiyatini yuklovchi Nizom loyihasini muhokamaga qo‘ydi

AOKA tomonidan muhokamaga tashlangan Hukumat qarori loyihasidagi Nizomga ko‘ra, veb-sahifa, messenjer egalari va blogerlar xabarnoma olgan paytdan boshlab 24 soatdan kechiktirmasdan qonunchilikka zid axborotni o‘chirishi va Agentlikni bundan xabardor qilishi kerak bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Vazirlar Mahkamasining «Butunjahon internet tarmog‘ida axborot xavfsizligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2018 yil 5 sentyabrdagi 707-sonli qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi hukumat qarori loyihasi joylashtirildi.

Ko‘zda tutilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, hukumatning 2018 yildagi 707-sonli qaroriga 4-ilova sifatida veb-sayt, veb-sayt va (yoki) messenjer sahifasi egasi, shu jumladan blogerga veb-sayt, veb-sayt va (yoki) messenjer sahifasidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid axborotni o‘chirishni talab etuvchi xabarnomani yuborish tartibi to‘g‘risida Nizom muhokamaga qo‘yilgan. Bu haqda AOKA matbuot kotibi Hikmatilla Ubaydullayev o‘z telegram kanalida xabar qildi.

O‘zbekiston Respublikasining «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonuni 12-1-moddasiga ko‘ra veb-sayt yoki veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger o‘z veb-resurslaridan jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo‘ladigan harakatlarni sodir etish maqsadida foydalanilishiga yo‘l qo‘ymasligi, shunday holatlar sodir bo‘lganda qonunga zid axborotlarni darhol o‘chirib tashlashi shartligi belgilangan.

Hukumat qarori loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan axborot makonida shaxs va jamiyat manfaatlarini himoya qilish, internet OAV vakillari va blogerlar veb-sahifalariga qonunga zid sharhlar yozilganda ularni aniqlash va zudlik bilan o‘chirib yuborishni tizimli ravishda tashkil qilish maqsadida ishlab chiqilgan.

Endilikda, veb-sayt yoki messenjer sahifalari egalariga, shu jumladan blogerga, mavjud konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da'vat etish, diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g‘oyalarini targ‘ib qilish, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi, fuqarolarning sha'ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi va boshqa huquqiy oqibatlar keltirib chiqaruvchi sharhlar joylashtirilganda, ularni darhol o‘chirib yuborish uchun veb-sayt yoki messenjer sahifalari egalariga, shu jumladan blogerga Agentlik tomonidan xabarnoma yuboriladi.

Ta'kidlash o‘rinliki, veb-sayt yoki messenjer sahifalari egasi, bloger xabarnoma olingan paytdan boshlab 24 soatdan kechiktirmasdan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid bo‘lgan axborotni zudlik bilan o‘chirib tashlashi, shuningdek bu to‘g‘rida Agentlikni xabardor qilishi lozim bo‘ladi.

Mavzuga oid