Jahon | 14:00 / 20.10.2019
12104
3 daqiqa o‘qiladi

Brexit yana kechikmoqda. Jonson Bryusselga imzosiz maktub yubordi

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonning mamlakatni 31 oktyabrda Yevropa Ittifoqidan olib chiqish rejasi chippakka chiqmoqda. U 19 oktabr kuni Bryusselga maktub jo‘natib, Brexit'ni 2020 yil 31 yanvargacha kechiktirishni iltimos qilishga majbur bo‘ldi.

Foto: Associated Press / Kirsty Wigglesworth

Qirollik hukumatidagi manbaga tayanib Reuters bergan xabarga ko‘ra, Jonson parlament talabi bilan majburan Yevroittifoqqa yuborgan rasmiy xatini imzolamagan.

«Samimiyat bilan, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi bosh vaziri», deb yakunlangan maktubda Boris Jonsonning ismi-sharifi ham, uning imzosi ham yo‘q.

Xatda aytilishicha, agar hukumat va parlament YeIdan chiqish bo‘yicha kelishuvni ertaroq ratifikatsiya qila olsa, u holda Brexit jarayoni 31 yanvardan oldinroq yakunlanadi.

O‘z navbatida, Yevrokengash raisi Donald Tusk Londondan Brexit`ni kechiktirish bo‘yicha so‘rov olganini tasdiqladi. «Endi YeI yetakchilari bilan bunga qanday reaksiya bildirish masalasida maslahatlashishga kirishaman», – deb qayd etdi u.

Ma'lum bo‘lishicha, Boris Jonson Donald Tuskka yo‘llagan imzosiz rasmiy so‘rovga ilova qilib, shaxsiy xat ham jo‘natgan va unda mazkur kechiktirishga qarshi ekanini ta'kidlagan.

«Men bosh vazir bo‘lishim bilanoq o‘z pozitsiyamni aniq bildirganman. Buni bugun [19 oktabr] parlamentda yana takrorladim. Men va hukumat jarayonni yana ham kechiktirish Buyuk Britaniya, YeIdagi hamkorlarimiz va o‘rtamizdagi munosabatlarga salbiy ta'sir ko‘rsatadi, deb hisoblaymiz», – deya Jonsonning shaxsiy xatidan parcha keltirdi The Guardian.

Jonsonning Tuskka yo‘llagan shaxsiy xati / Foto: Downing Street / AP

Eslatib o‘tamiz, shanba kuni Britaniya parlamenti bosh vazirga Brexit`ni kechiktirish bo‘yicha Yevroittifoqqa so‘rov jo‘natish majburiyatini yuklagan edi. 322 deputat buni yoqlab ovoz berdi, qarshilar soni 306 nafarni tashkil qildi.

Shunga qaramay, Boris Jonson jarayonni 31 oktyabrgacha tugatish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishini aytgandi.

«Men YeI bilan kechiktirish masalasini muhokama qilmayman va hech qanday qonun meni bunday qilishga majbur qila olmaydi», – degandi hukumat rahbari jamoatchilik palatasida chiqish qilib.

Uning ushbu qat'iy bayonotiga Shotlandiya milliy partiyasi yetakchisi Ian Blekford munosabat bildirib, «bosh vazir o‘zini qonundan ham yuqori deb o‘ylayotgani»ni aytgandi. «Bosh vazir, sizni sud kutmoqda», – degandi deputat.

Ma'lumot uchun, Yevropa Ittifoqining o‘tgan haftadagi sammitida Brexit shartlari bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi. Ammo Britaniya parlamenti bu kelishuvni ratifikatsiya qilishni rad etdi, ayrim deputatlar uni sobiq bosh vazir Tereza Mey tuzgan kelishuvdan ham yomonroq deb aytishdi.

Mavzuga oid