O‘zbekiston | 20:50 / 23.10.2019
89542
4 daqiqa o‘qiladi

OAVda Prezident devoni sobiq xodimi jinoiy guruh tuzgani haqida xabar tarqaldi. Bosh prokuratura va Oliy sud vaziyatga oydinlik kiritdi

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Ishlar boshqarmasi sobiq bo‘lim boshlig‘i Asatulla Do‘stov uyushgan jinoiy guruhga rahbarlik qilgani va guruh tomonidan amalga oshirilgan jinoyatlar haqida xabarlar tarqaldi.

Jahon nashri ma'lumotiga ko‘ra, ushbu guruh O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vaziri lavozimlarini egallashda, shuningdek, universitetlarga rektorlikka, tumanlarga hokimlikka tayinlanishda yordam ko‘rsatishni taklif qilgan.

Bosh prokuratura va Oliy sud matbuot xizmatlari  Kun.uz’ga ushbu xabarlar yuzasidan ma'lumot berdi.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, jinoiy guruh faoliyati olti yil avval fosh etilib, 2014 yilning fevral oyida aybdorlarga nisbatan sud tomonidan tegishli jazo tayinlangan.

1963 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan Asatulla Ismoilovich Do‘stov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Ishlar boshqarmasi umumiy bo‘limining ekspeditsiya mudiri lavozimida ishlagan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2014 yil 19 fevraldagi hukmiga ko‘ra, u tovlamachilik, mansab soxtakorligi, pora berish, jinoiy uyushma tashkil etish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish kabi qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, uch yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan ham mahrum etilgan va 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati xabar berishicha, Asatulla Do‘stov 2014 yildagi sud hukmi yuzasidan keltirilgan kassatsiya tartibidagi shikoyati qanoatlantirilmagan.

«Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2014 yil 19 fevral kunidagi hukmiga ko‘ra,  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Ishlar boshqarmasi umumiy bo‘limining ekspeditsiya mudiri lavozimida ishlagan Asatulla Do‘stov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25,165-moddasi 3-qismi «a», «v» bandlari, 165-moddasi 3-qismi «a», «v» bandlari, 25,168-moddasi 3-qismi «a», «v» bandlari, 168-moddasi 3-qismi «a», «v» bandlari, 209-moddasi 2-qismi «a», «b» bandlari, 28,211-moddasi 3-qismi «a», «b», «v» bandlari, 242-moddasi 1-qismi va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. 

Unga 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan. 

A.Do‘stov tomonidan keltirilgan kassatsiya tartibidagi shikoyati jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, ushbu sudning 2019 yil 10 oktyabrdagi ajrimiga ko‘ra qanoatlantirilmadi va jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2014 yil 19 fevraldagi hukmining A.Do‘stovga oid qismi o‘zgarishsiz qoldirildi», deyiladi Oliy sud matbuot xizmati ma'lumotida.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil avgustida prezident devoni prezident administratsiyasi etib qayta tashkil etilgan va Zaynilobiddin Nizomiddinov administratsiya rahbari bo‘lgandi.