Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putin va Erdo‘g‘anning Sochidagi muzokaralari: chegara hududini rus va turk qo‘shinlari birgalikda qo‘riqlashadi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘zining Sochidagi Bocharov Ruchey qarorgohida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan bo‘lib o‘tgan olti soatlik muzokaralardan so‘ng Moskva va Anqara Suriya shimolidagi holat bo‘yicha bir qancha kelishuvlarga erishganini e'lon qildi.
RIA Novostiga ko‘ra, Rossiya yetakchisi ushbu kelishuvlarni «taqdirlarni hal qiluvchi bo‘lmasa-da, juda muhim», deb atagan.
«Kelishuvlar bugungi kunda Suriya-Turkiya chegarasida paydo bo‘lgan o‘tkir vaziyatni yechishga xizmat qiladi», — degan Putin.
Prezidentlar Suriyaning birligi va hududiy yaxlitligi, Turkiya milliy xavfsizligini ta'minlashga sodiqligini tasdiqlashgan va Adana bitimini qo‘llab-quvvatlashgan.
«Tinchlik bulog‘i» operatsiyasi o‘tkazilayotgan Tell-Ab'yad va Ras-ul-Ayn hududlaridagi 32 kilometr ichkariga kirgan mavjud status-kvo saqlanib qolishi belgilangan.
Turkiya operatsiyasidan tashqaridagi hududga chorshanba kuni tushdan boshlab suriyalik harbiylar va Rossiya harbiy politsiyasi kirib boradi. Ular 150 soat mobaynida kurd ozodlik kuchlari hamda ularga tegishli qurol-yarog‘larni chegaradan 30 kilometr uzoqlashtirishga ko‘mak berishadi.
Shu ondan boshlab Rossiya-Turkiya qo‘shinlari birgalikda Qamishli shahridan tashqari chegaradan 10 kilometr ichkarida «Tinchlik bulog‘i» operatsiyasi o‘tayotgan hududdan g‘arbga va sharqqa tomon qo‘riqlashni boshlashadi.
Memorandumga ko‘ra, kurd bo‘linmalari Manbij, Tell-Rifatdan olib chiqib ketiladi.
Memorandum Moskva va Anqara Suriya-Turkiya chegarasidan terrorchilar o‘tishining oldini olishlarini nazarda tutadi va qochqinlarni o‘z ixtiyori bilan bexavotir qaytishlariga yordam beradi.
Ikki davlat rahbari shuningdek, Suriya bo‘yicha memorandumning bajarilishini kuzatish bo‘yicha qo‘shma mexanizm yaratish haqida kelishib olishdi.
Hujjatda ta'kidlanishicha, ikki tomon Suriya mojarosini Ostona jarayoni doirasida siyosiy yo‘l bilan hal qilish ustida ish olib borishda davom etishadi va Konstitutsiyaviy kengaish faoliyatini qo‘llab-quvvatlashadi.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Turkiya va Rossiya Suriya shimolida ayirmachilik holatlariga yo‘l qo‘ymasligini ta'kidlagan.
«Bugun hurmatli Vladimir Vladimirovich bilan terrorchilikka qarshi kurash va Suriya hududiy yaxlitligini saqlab qolish masalalarini muhokama qildik. Konkret bitim ham imzoladik. Bu bitimga ko‘ra, Suriya hududlarida hech qanday ayirmachilik holatlari paydo bo‘lishiga ruxsat etilmaydi — Turkiya ham, Rossiya ham: biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz», — degan Rossiya prezidenti bilan o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng Erdo‘g‘an.
Suriyadagi nizoni tartibga solish bo‘yicha Turkiya va Rossiya o‘rtasida Sochida imzolangan kelishuv ikki mamlakat munosabatlarida yangi davrni boshlab beradi, degan Turkiya prezidenti administratsiyasining kommunikatsiyalar bo‘yicha departamenti rahbari Faxriddin Oltun.
«Bu terrorchi guruhlar bilan kurashayotgan sivilizatsiyalashgan davlatlar uchun buyuk kun. Suriyaning hududiy yaxlitligi va siyosiy birligi mintaqada barqaror kelajak kaliti hisoblanadi», — deb yozgan Oltun Twitter’da.